Oʻyinlar xavfsizligi qanday taʼminlgani, Olimpiadada texnikaning qanday yangi turlari qoʻllanilgani, u mahalliy va jahon sportini rivojlantirishda qanday oʻrin tutgani haqida RIA Novostiga bergan intervyusida sport sohasidagi mashhur rahbar, oʻz vaqtida RF Jismoniy madaniyat qoʻmitasi raisi va Rossiya Olimpiya qoʻmitasi ijroqoʻmi prezidiumi aʼzosi, Olimpiya ordeni kavaleri Valeriy Sыsoyev gapirdi. U shuningdek, zamonaviy olimpiya harakatini xalqaro sport manfaatlariga mos ravishda rivojlantirish uchun uni qanday takomillashtirish mumkinligi haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
- Valeriy Sergeyevich, siz Moskvadagi Olimpiada tarixiga ikki nuqtai-nazardan qaray oladigan noyob insonsiz - oʻsha paytda alohida sport turi, xususan, velosportni boshqargan yetakchi boʻlgansiz, qolaversa, Olimpiada-80 oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha shtab aʼzosi edingiz. Koʻpincha, ushbu oʻyinlarga nisbatan bir xil tezis yangraydi - goʻyo, xavfsizlik choralarini taʼminlash ishlari noqulay qatlamni ommaviy ravishda 101-kilometr tashqarisiga koʻchirish bilan yakunlangan. Bunga nima deysiz?
- Bu noprofessional mulohaza. Ammo Moskva Olimpiadasidagi barcha xavfsizlik choralari talabga mos boʻlgan. Birinchidan, oʻsha davr sharoitida Moskva Olimpiadasi eng kuchli tashqi siyosiy bosim sharoitida boʻlib oʻtgan. Ehtimol, bungacha bironta ham oʻyinda bunday tashqi bosim boʻlmagan. 1979 yilning dekabrida SSSR Afgʻonistonga oʻz qoʻshinini kiritdi. Shundan soʻng AQSH Moskvadagi oʻyinlarga boykot eʼlon qildi va boshqa davlatlarni ham shunga chaqirdi. Albatta, Olimpiada paytida provokatsiyalar boʻlishi mumkinligi istisno qilinmadi.
Bundan tashqari, Myunxen olimpiadasida Isroil delegatsiyasining qoʻlga olinishi bilan bogʻliq fojia hali xotiralardan koʻtarilmagandi. Axir terrorchilarga Oʻyinlardan boshqa yana nima jozibaliroq tuyulishi mumkin? U yerda terrorchilik aktini uyushtirish - tarixga kirishni anglatadi.
1975 yilda Moskva Olimpiadasining tashkiliy qoʻmitasi tuzilib, uning tarkibiga yetakchi mutaxassislar, shu jumladan xavfsizlik boʻyicha mutaxassislar ham kirgan edi. KGB tarkibida "Alfa" guruhi nomi bilan mashhur boʻlgan aksilterror boʻlinmasi tashkil qilindi, IIV tarkibida ham maxsus boʻlinmalar tuzildi. Tegishli xodimlar Monrealga borishdi, u yerda xavfsizlik qanday taʼminlanganligini kuzatdilar va tajriba orttirdilar.
Yana bir holat boʻlgan. 1977 yil yanvarida arman millatchilari Moskva markazi va poytaxt metrosida portlashlar uyushtirdi. Xalqaro hamjamiyat tashvishlanib qoldi, albatta: "Moskvangizda portlashlar roʻy beryaptiyu, siz esa Olimpiya oʻyinlarini tayyorlamoqdasiz". Bu juda qiyin sinovlar edi. Bundan tashqari, Leonid Brejnevning pozitsiyasi ham boshida noaniq boʻlgan - Oʻyinlarga tayyorgarlik koʻlami aniq boʻlgach, u oʻzining Politbyurodagi hamkasblariga: "Balki biz uchun Olimpiadani oʻtkazish shart emasdir?", degan savol bilan murojaat qilgan. Ammo ongli kuchlar biz oʻyinlarni yuqori darajada oʻtkazishga qodir ekanligimizni isbotlay olishimizni tushunar edilar.
Olimpiada faqatgina Moskvada oʻtkazilmaganini yodga olish lozim. Yelkanli regata Tallinga ishonib topshirildi, Leningrad, Kiyev va Minskda esa futbol turnirlari oʻyinlari oʻtkazildi. Tartibni taʼminlash uchun, albatta, joylardagi kerakli mutaxassislar jalb qilindi. Hammasi koʻngildagidek oʻtdi. Bilasizmi, men odamlarning oʻzaro munosabatlari va hotirjamlik nuqtai nazaridan - 1980 yildagi Moskvada yashashni xohlardim.
Oʻzimdan misol keltiraman: Oʻyinlar paytida tadbirlar koʻpligidan ishdan uyga tungi 1da qaytardim, uch-toʻrt soat uxlardim xolos. Oʻzim rulda yurardim, toliqqanim sababli ikki marta mashinani kechasiga qulflashni unutibman. Ishga borish uchun tong sahar yetib kelardim, mashina oldiga kelsam - mashina bus-butun, hech kim tegmagan.
Moskva koʻchalarida piyonista va fohishalar boʻlmaganligini nimasi yomon? Agar siz mezbon boʻlsangiz, albatta, mehmonlar oʻzini xavfsiz va qulay his qilishlari uchun hamma narsaga tayyor boʻlasiz. Olimpiadani qabul qiladigan har qanday davlat aynan shunday qiladi. Va bu yerda ikki tomonlama standartlarni qoʻllashning keragi yoʻq: yaʼni goʻyoki, chet elda masala boshqaday, u yerda tartibni kuchaytirish mumkin-u, bizda esa yoʻq.
Natijada, tartib eng yuqori darajada taʼminlanganligi nuqtai-nazaridan, Moskva Olimpiadasi nafaqat tarixda qoldi, balki xavfsizlik xizmatlari uchun yilnomaga, uslubiy qoʻllanmaga aylandi. Ammo har qanday Olimpiada xavfsizligi faqat mezbon tomonning zimmasiga yuklanadi, deyish xom-xayoldir. Yoʻq, bu chet ellik hamkorlar bilan bajariladigan umumiy ish. Sovet idoralari ham boshqa davlatlardagi hamkasblari bilan faol aloqada boʻlgan. Tezkor maʼlumotlar almashinuvi amalga oshirildi, maxsus xizmatlar muvofiqlashtirilgan holda ish olib bordi.
- Valeriy Sergeyevich, oʻsha Oʻyinlar vaqtida favqulodda hodisaga olib kelishi mumkin boʻlgan, ammo natijada roʻy bermagan biron bir epizod boʻlganmi?
- SSSR uchun jiddiy tashqi tashqi siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan shunday holatni hanuzgacha eslayman va u aynan velosportda sodir boʻlgan. Biz bunday xalqaro miqyosdagi tadbirga birinchi marta tayyorlayotganimiz va taʼminlayotganimiz sababli, ishchi darajada xavfsizlikni kafolatlovchi muhim choralar kuzatilgan va baʼzan amalga oshirilgan ham - bu bizda baʼzi sport turlarining tajribasi va spetsifikasi yoʻqligi bilan bogʻliq boʻlgan. Ammo oʻyinlar boshlanishidan oldin hamma narsa tartibga solindi.
Krilatskoyeda shosse velotrassasini qurdik. Poygadan bir kun oldin, barcha jamoalar mashgʻulotlari oʻtishi kerak boʻlgan kun, trassaning butun tashqi va ichki perimetri boʻylab ichki qoʻshin askarlari joylashtirildi. Ular shu qadar zich turishardiki, na ichkaridan, na tashqaridan xech oʻtolmasdi. Yaxshiyam qoʻllarida avtomatlari boʻlmagan. Buni koʻrib, esankirab qoldim. Axir, chet elliklar reaktsiyasini tasavvur qilish qiyin emas - ular bizni ezib tashlagan boʻlardilar: kommunistlarning tartiblari shunaqa ekanda, deb. Ammo, Xudoga shukur, u paytda xorijiy ishtirokchilar mashgʻulotlarga kelishga ulgurishmagan edi. Men trassa qoʻriqlanishiga masʼul odamning oldiga bordim, u esa menga: "Hech narsa qila olmayman, menga hech kimni ichkariga kiritmaslik buyrugʻi berilgan", dedi. Men unga tushuntira boshladim: velosportda oʻziga xos xususiyat bor, trekda velosipedchilar oʻz jamoalarining yordamiga muhtoj boʻlishadi - gʻildirakni almashtirish kerak, ichimlik suvi va oziq-ovqat deganday. Yoʻlda toʻsiq paydo boʻlsa, unda nima boʻladi, qanday qilib yordam berishadi? Ammo u koʻnmadi.
Albatta, buni hech kim ataylab qilmagan. Hammasini aʼlo darajada amalga oshirishni xohlashgan. Ammo bundan menga yengil boʻlmadi-da. Telefonga qarab yugurdim, shtabga qoʻngʻiroq qildim – goʻshakni KGB Beshinchi boshqarmasi boshligʻi Filipp Bobkov koʻtardi. Men unga: "Filipp Denisovich, holat mana shunday. Axir siz butun dunyo buni koʻrsa, qanday sharmandalik boʻlishini, Gʻarbda buni qanday targʻib qilishlari va koʻrsatishlarini yaxshi tushunasiz-ku", - dedim. Bobkov hammasini darhol tushundi. Buyruq berildi, askarlar olib tashlandi, faqat nazorat punktlarida qoldirildi, ular unchalik koʻzga tashlanmas edi. Natijada hech kim hech narsani sezmadi.
- Olimpiada paytida Vladimir Vыsotskiy vafot etdi. Bu Oʻyinlar oʻtkazilishi va xavfsizligiga taʼsir koʻrsatdimi? Axir u bilan xayrlashishga sanoqsiz odamlar kelgan.
- Yoʻq, olimpiada jamoatchiligi uchun keng rezonans boʻlmadi. Bu xavfsizlikka ham taʼsir qilgan emas. Albatta, uning faoliyati rasman qoʻllab-quvvatlanmaganiga qaramay, Vыsotskiy juda mashhur edi. Oʻzim ham uning yozuvlari bor kassetalarni musobaqalarga olib borardim.
- Moskvadagi Olimpiya oʻyinlarining eng yorqin xotiralari uning gastronomik qismi - doʻkonlar chet el mahsulotlariga limmo-lim boʻlganligi bilan bogʻliqligi haqida koʻplab yozilgan va gapirilgan.
- Oʻyinlardagi asosiy narsani faqat shunda koʻrishga harakat qilish, ochigʻini aytganda, noloyiq ish. Sportdan uzoq odamlargina bunday gapirishlari mumkin. Agar 1980 yilgi yozgi oʻyinlarning mamlakatimiz va jahon olimpiya harakati uchun merosi haqida jiddiy gaplashadigan boʻlsak, men bunda bir nechta muhim jihatlarni ajratib oʻtaman.
Birinchidan, biz - Moskva Gʻarbda tasvirlanadigandek yovvoyi hayvonlar yashaydigan olis tayga emasligini, aksincha, koʻrkam, zamonaviy megapolis ekanligini, mamlakatimiz Ulugʻ Vatan urushi oqibatlaridan xalos boʻlganligini va barcha uchun keng koʻlamli sport bayramini tashkillashtirishga qodirligini butun dunyoga namoyish eta oldik.
Moskva Olimpiada oʻyinlari millatchilik xususiyatidan yiroq xarakterga ega boʻlgan va jamiyatni, turli millatlarni birlashtiruvchi ulkan omil boʻlgan. Muvaffaqiyatli oʻtkazilgan oʻyinlardan odamlar behad xursand edilar. Mubolagʻasiz, Sovet Ittifoqining eng chekka joylarigacha boʻlgan barcha respublikalar bu Oʻyinlarda oʻzlarining ishtirokini sezishgan. Terma jamoalarimiz tarkibida turli millatga mansub sportchilar boʻlgan. Olimpiada tugagach mamlakatning turli mintaqalariga tashrif buyurganimda odamlar: "Oʻyinlarimiz naqadar ajoyib boʻldi!", deya hayratlarini yashirishmadi. Ha, "Moskvadagi" oʻyinlar emas, "bizning oʻyinlarimiz", deyildi.
Yana bir juda muhim jihat - Olimpiada Sovet Ittifoqida jismoniy madaniyat rivojiga ulkan turtki berdi. Ha, bizda urushdan oldin ommaviy jismoniy tarbiya va sport bor boʻlgan, lekin ular urush tomonidan yoʻq qilindi. Asosan Moskva Olimpiadasi tufayli bu tiklandi. Yaʼni, odamlarda ommaviy tarzda sport bilan shugʻullanishga boʻlgan ulkan xohish uygʻondi. Ulkan yutuqlar uchun emas, balki shunchaki zavqlanish, sogʻlik uchun.
Shu bilan hamohang, jamiyatda sportchi obrazi juda ijobiy qabul qilina boshladi. Agar ilgarilari filmlarda, spektakllarda sportchi, jismoniy madaniyat xodimi, ayniqsa, jismoniy tarbiya oʻqituvchisi koʻpincha trikotaj shimda tizzalari choʻzilgan holatda namoyon boʻlgan boʻlsa, Oʻyinlardan keyin u endi chiroyli ekipirovkaga ega bejirim holatda, olimpiykada namoyon boʻldi. Sportga boʻlgan qiziqishni ragʻbatlantiruvchi chaqiriq paydo boʻldi, bu jamiyatning muhim qismiga aylandi. Bu yuqoridan singdirilmadi - bu inson ehtiyoji edi. Ammo, afsuski, u SSSR qulashi bilan barbod boʻldi.
Olimpiya inshootlariga kelsak, ulardan birortasi ham Oʻyinlardan keyin tashlab qoʻyilmadi va boshqa, hatto Afina yoki Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan zamonaviy Oʻyinlardan farqli oʻlaroq - faol ishlatildi. Olimpiya qishlogʻini olaylik? U yerda batartib uylar joylashgan va hanuzgacha majmua faoliyat yuritib keladi.
Moskvadagi Olimpiada aholining ijtimoiy manfaatlariga zid kelmadi - Tokioda koronavirus pandemiyasi sababli qoldirilgan Olimpiadani olib qaraydigan boʻlsak, u yerda aholining yarmidan koʻpi olimpiada Yaponiya poytaxti uchun befoyda ekanligini bildirib, Oʻyinlarga qarshi chiqmoqda.
Olimpiada-80 merosining yana bir jiddiy elementlaridan biri, hozirda biz uchun oʻta dolzarb masala boʻlib - bu bizning jahon sportida oʻyin qoidalarini shakllantirishdagi ishtirokimizdir. Aytishim kerak, biz oʻshanda XOQda ham, xalqaro federatsiyalarda ham uning boshqaruvi tizimida ishtirokimizni mustahkamladik. Bizning obroʻ-eʼtiborimiz yaxshigina oshdi, biz oʻshanda, hozirgina, Oʻyinlarni juda ajoyib oʻtkazgan mamlakatingni boshqa davlatlar qoʻllab-quvvatlashi qanday boʻlishini his qildik.
Keyinchalik bu ham yoʻqotildi, chunki har qanday jarayonda uzoq muddatli, teng sharoitda, teng huquqli shartlarda ishtirok etishingiz, raqobatchilarni sizga qarshi harakat qilishga undaydi. Hushyorlikni yoʻqotishingiz bilan, sizni yutib yuborishadi. SSSR yoʻq boʻlib ketishi bilan aynan shu ish sodir boʻldi. Afsuski, biz oʻz pozitsiyalarimizni yoʻqotdik.
Yana bir narsa – oʻz boshqaruv kadrlarimizni tayyorlash masalasi. Har qanday bu kabi olamshumul tadbir odamlarni safarbar qiladi. Mamlakatimizdagi barcha sport tashkilotlari rahbarlari u yoki bu tadbirlarni tayyorlash va amalga oshirish sxemasida - texnik maslahatchi, ishchi guruhlar rahbarlari va hokazolarda ishtirok etishdi. Olimpiya oʻyinlaridan keyin bu kabi har qanday odamni SSSR Sport qoʻmitasi apparati tarkibiga ishga qabul qilsa boʻlardi - u paytda Sport vazirligi boʻlmagan va bunday odam u yerda juda zoʻr ishlagan boʻlardi. Yaʼni, odamlar apparat faoliyati boʻyicha tajriba orttirar, boshqaruv tajribasi va mutaxassislar bilan hamkorlik tajribasiga ega boʻlardi. Ularning barchasi davlat yondashuvi, davlat tafakkuriga ega boʻlgan mutaxassislar boʻlgan.
Albatta, Moskva Olimpiadasi nafaqat sportga oid, balki yangi texnologiyalar yaratilishiga turtki berdi. Masalan, Gʻarb bizga elektronika yetkazib bermasdi, shu bois, sanoatimizni ragʻbatlantirdik, turli xil Olimpiya inshootlari uchun oʻz oʻlchash uskunalarimizni yaratdik. Zamonaviy sport, ayniqsa Olimpiada, texnologik taraqqiyot, yangi jihozlar va uskunalar yaratilishini ragʻbatlantiradi. Shu asnoda sport koʻplab yangi ishlanmalarni sinovdan oʻtkazish uchun poligonga aylandi.
- Moskvadagi oʻyinlarda, misol uchun, oʻsha velosportda bizning qanday yangi ilmiy va texnik gʻoyalarimiz ishlatilgan edi?
- Masalan, biz birinchi boʻlib oyoq barmoqlarini pedalga mahkamlaydigan "qaldirgʻoch dumi", deb ataladigan metall tuklipsani ixtiro qildik. Ungacha mahkamlash uchun charm kamarlar ishlatilgan, ammo ular ishonchli boʻlmagan. Yana bir misol – shosse velosipedlari uchun elliptik shesternya. Vaqt oʻtishi bilan, barcha professionallar unda harakatlanishni boshladilar.
Biz birinchilardan boʻlib Sibir tilogʻochini velosiped yoʻlagi uchun material sifatida tanladik va uni Krilatskoye trekida ishlatdik. Bunga qadar Afrika qora daraxti ishlatilgan. Ammo u jiddiy jarohatga, velosipedchilarga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan xavfga olib kelishi mumkin boʻlgan yoriqlar paydo boʻlishi bilan xatarli edi va bunday holatlar boʻlgan ham. Sibir tilogʻochida esa bunday noxush xususiyat yoʻq edi.
Darvoqe, bunday sath tufayli Krilatskoye velotreki oʻsha paytda dunyodagi eng tezkorga aylandi – unda faqat 1980 yil Oʻyinlarining oʻzida 13 ta jahon rekordi oʻrnatildi.
Umuman olganda, bizda qudratli sport nazariyasi boʻlgan, unda turli sohalardagi yetakchi mutaxassislar ishlaganlar.
- Fikringizcha, 1980 yil uchun xos boʻlgan xususiyatlar bilan taqqoslaganda zamonaviy olimpiya harakatining asosiy xususiyatlari jihatlari nimada? Uni rivojlantirish, u turli mamlakatlardagi odamlarni birlashtiruvchi omilga aylanishi uchun nima qilish kerak?
- Men quyidagilarni aytaman. Zamonaviy Olimpiya harakati tobora ulkan shou-biznesga aylanib bormoqda. Bunda nafaqat davlat, balki koʻp milliard dollarlarga teng sarmoyalarni kiritayotgan xususiy biznes ishtirok etayotgani hech kimga sir emas.
Olimpiya harakatining tijoriy tus olishi, uning siyosiylashtirilishi kabi, kecha boshlangan emas, albatta. Ammo hozirda bu jarayonning keng qamrovligi, teng ravishda Oʻyinlar dasturining tobora qappayayotgani, mening fikrimcha, nafaqat olimpiya harakatining bir qutbliligiga, balki, aytaylik, soyadagi biznes elementlari tomonidan nazorat paydo boʻlishiga olib keladi. Jahon sport jamoatchiligi ham "oʻzimiznikilar uchun" professional super liga, oʻziga xos "Olimpiada saltanati" shakllandi, deb bejizga aytayotgani yoʻq.
- Doping bilan bogʻliq, VADA bilan bogʻliq vaziyat, natijada Rossiya Olimpiya qoʻmitasining Pxenchxandagi 2018 yilgi oʻyinlardan chetlatilishi shunday holat natijasimi?
- Shakllantirilgan VADA xalqaro tizimi, xususan, davlat mablagʻlari evaziga ham, tarkibida ishtirok etayotgan tashkilot va jismoniy shaxslarning haqiqiy butunjahon toʻrini yaratdi. Ammo VADAning oʻziga nisbatan asosiy masala hal qilinmayapti: ushbu holatlarni keltirib chiqargan asosiy sabab aniqlanmayapti.
Men aytib oʻtgan barcha tendentsiyalar sekin-asta alohida davlatlar darajasida joriy qilinmoqda. Biz Rossiyada bu jarayonlarni passiv ravishda oʻzlashtirmoqdamiz, va afsuski, hozirda biz ularga hech qanday taʼsir oʻtkazolmaymiz, ularni samarali nazorat qila olmaymiz.
SSSRning xalqaro sport institutlaridagi ishtiroki nuqtai nazaridan, yuqorida Moskvadagi Oʻyinlar merosi haqida bejizga esga olganim yoʻq. Ularda bizning kerakli darajadagi ishtirokimiz yoʻqligi, xalqaro sport xarakatini boshqarishda yetarli darajada ishtirok etmasligimiz, pirovardida, bir qator masalalarda doimiy ravishda chetlanib harakatlanayotganimizga, zaif boʻlib qolayotganimizga olib keladi.
Agar boshqa asosiy tendentsiyalar haqida gapiradigan boʻlsak, shuni ham albatta taʼkidlash kerakki, olimpiya harakatida davlatning ulushi ayniqsa yuqori boʻlib bormoqda. Axir, butun infratuzilmaning qurilishi, xavfsizlik kafolatli taʼminlanishi va alohida xalqaro sport tashkilotlarining rivojlanishiga hissa qoʻshishi davlatning zimmasida. Ammo shu bilan birga Olimpiadalarning narxi ham tobora ortib bormoqda. Keling, savol beraylik - biz bunday sharoitda birinchi marta Afrikada Olimpiada oʻtkaza olamizmi? Bu yerda javob aniq.
- Ammo oʻyinlarga sarf-xarajatlar oʻsishi abadiy davom etavermaydiku, bu qabariq bir kun kelib yoriladi. Va bir qutblilik ham uzoq davom etmaydi - bu dunyo siyosatidan koʻrinib turibdi. Bundan kelib chiqadiki, agar biz faqat olimpiya harakatini saqlab qolmoqchi boʻlsak, hozirning oʻzidayoq vaziyatni tubdan oʻzgartirishga harakat qilishimiz kerakmi?
- Juda toʻgʻri. Tokiodagi koronavirus tufayli qolib ketgan Olimpiada bilan bogʻliq vaziyat buni yaqqol koʻrsatib turibdi. Axir, hozir nima boʻlyapti? Ushbu infektsiyaning ehtimoliy ikkinchi toʻlqini fonida Oʻyinlar 2021 yilda ham boʻlmasligi mumkinligi haqida Yaponiyadan signallar kelmoqda. Bu shunchaki misli koʻrilmagan chaqiriq. Iqtisodiy oʻta jiddiy zarar yetkazilib boʻldi, sarmoyadorlar va davlat tashkilotlari bilan ishlashda, shu jumladan, Olimpiya merosi obʼyektlaridan samarali foydalanishda katta uzilishlar roʻy berib boʻldi. Shu bilan birga, sportchilarni olimpiya tsikli doirasida tayyorlashning tashkiliy va uslubiy asoslari jiddiy ravishda buzildi, murabbiylar tarkibining ishi buzildi. Vaziyat qachon normallashishi nomaʼlum.
Ochigʻini aytganda, gap zamonaviy olimpiya harakatining mohiyatini chuqur qayta koʻrib chiqish haqida ketmoqda. Va bu shuni koʻrsatadiki, XOQning koʻp aʼzolari ham bu haqda gapirishmoqda. Ammo Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasining konservatizmi va uning tijoriy tarkibiy qismi oʻtmishdagi stereotiplardan xalos boʻlishga va dadil qaror qabul qilishga imkon bermayapti.
- Bularning barchasidan qutulishning qanday yoʻlini koʻrasiz?
- Gʻoya quyidagicha: nega biron bir yilni, balki kelgusi yilni, oʻziga xos xalqaro sport yarashuvi yili deb eʼlon qilib, barcha jahon chempionatlarini XOQ patronaji va Olimpiya olovi ostida oʻtkazib boʻlmaydi? Olimpiada oʻyinlariga hech qanday teskari taqqoslash yoʻq, chunki Olimpiya oʻyinlari, aslida, har xil sport turlari boʻyicha jahon chempionatlari yigʻindisidir. Bunday qaror barcha olimpiyachilarga haqiqatan ham biz hammamiz bitta katta sport oilasi ekanligimizni koʻrsatadi. Bu oshiqcha siyosatlashishni olib tashlashi va Olimpiya harakatini yanada takomillashtirish uchun dastur boʻlib xizmat qilishi mumkin boʻlardi. Yaʼni, bir tomondan, biz koʻp yoʻnalishli Olimpiya "matritsasi"ga erishgan boʻlardik, XOQ aʼzolari esa tegishli jahon chempionatlarida oʻz vazifalarini bajargan boʻlardilar.
- Buning uchun umumiy stolga oʻtirib, hech boʻlmaganda halol umumiy suhbatni boshlash kerak. Agar XOQning konservatizmini hisobga olsak, unda buni qanday darajada amalga oshirish kerak?
- Menimcha, toʻplangan muammolar koʻlami, jahon sport harakatining siyosiy va ijtimoiy tarkibiy qismini hisobga olgan holda, ularni eng yuqori xalqaro miqyosda, aniqrogʻi, dunyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlarida muhokama qilish zaruriyatini keltiradi. Va Rossiya bunda bunday munozarani tashabbuskori boʻlishi mumkin.
Sportchilarimizning dunyodagi yutuqlari, yirik xalqaro musobaqalarni, shu jumladan Sochidagi Olimpiada-2014 oʻyinlari, 2018 yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionati, Universiada-2019, boshqa sport turlari boʻyicha Jahon va Yevropa birinchiliklarini oʻtkazishidagi katta tajribamiz, shubhasiz, soʻnggi yillarda mamlakatimizning obroʻsini sezilarli darajada oshirdi. Bu umumiy foyda uchun ishlatilishi darkor.
- Ammo, avvalo, boshqa mamlakatlar bilan birgalikda, ushbu takliflarni yuqori darajaga koʻtarish uchun, hech boʻlmaganda mavjud muammolarni qanday hal qilish mumkinligini tahlil qilish kerak boʻladi, toʻgʻrimi?
- Albatta. Va aynan shu yerda nafaqat mamlakatimiz vakillari tajribasi, balki boshqa davlatlarning taniqli davlat va siyosiy arboblari tajribasi ham talab qilinishi mumkin. Bunday ish uchun poydevor sifatida “Olimpiya ordeni kavalerlari assambleyasi” nomi ostida xalqaro sport anjumani oʻtkazilishi mumkin, unda jahon sportining atoqli vakillari, shu qatorda Rossiya sporti, turli davlatlarning sport harakatini rivojlantirishga shaxsiy hissasini qoʻshgan yirik davlat va jamoat arboblari ishtirok etadi.
Ishonamanki, bunday forum butun dunyo sporti uchun juda zarur va oʻz vaqtida oʻtkazilgan boʻlar edi. Undagi ishtirokimiz mamlakatimizning Olimpiya harakatidagi rolini aniqlashga yordam bergan boʻlardi. Va bu nafaqat mening fikrim - boshqa mamlakatlardagi hamkasblar ham men bilan hamjihatlikda, yaʼni men bu yerda haqiqiy tendentsiyani, sogʻlom oʻzgarishlarga boʻlgan ehtiyojni koʻrmoqdaman.