TOShKENT, 27 sen — Sputnik. AQShdagi saylov kampaniyasi dushanba kuni kechqurun o‘z final bosqichiga o‘tdi — demokrat Xillari Klinton va respublikachi Donald Tramp yuzma-yuz debatlarda ilk bor bir-birini "savalashga" muyassar bo‘ldilar.
Prezidentlikka nomzodlarning gaplari qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshiruvchi mutaxassislar, ikkala siyosatchi teledebatlar davomida juda ko‘plab marotaba noaniqliklarga yo‘l qo‘yishgani va faktlarni buzib ko‘rsatishgani, ya’ni firib berganini fosh qildilar. Matbuot Respublikachi Trampni noto‘g‘ri ta’kidlarni ko‘p aytgani uchun ayovsiz tanqid qildi. Ammo bularning barchasiga qaramay, Tramp ham, Klinton ham 8-noyabr, — prezident saylovi bo‘lib o‘tgunga qadar yeng shimarib jang qilishga tayyorligini namoyon etdilar.
Iqtisod barcha uchun
Teledebatlar ikkala siyosatchining dasturlari haqida qisqacha ma’lumot berishdan boshlandi va shundan so‘ng Tramp va Klinton iqtisod mavzusiga yuzlandilar.
"Biz barcha va har bir kishi uchun ishlaydigan iqtisodni qad rostlashimiz zarur", — deb gap boshladi Klinton xonim va amerikaliklarga "o‘suvchi daromadli yaxshi ish joylari"ni yaratishga, eng kam ish haqi miqdorini oshirishga hamda mehnat bilan band ayollarga teng haq to‘lanishga erishish va’dasini berdi.
Shuningdek, Klinton o‘z chiqishi davomida soliq kodeksidagi "tuynuklarni" yopish orqali korporatsiyalar ko‘proq soliq to‘lashlariga erishish va bu orqali iqtisodni yanada adolatli qilish mumkinligi haqida gapirdi.
Tramp ham bo‘sh kelmadi darhol o‘z taklifini ilgari surdi — u soliqlar miqdorini keskin pasaytirish orqali AQShdan "qochib ketayotgan" kompaniyalarni orqaga qaytarish mumkinligini aytdi.
"Men o‘z rejamga muvofiq, katta va kichik biznes kompaniyalari uchun soliqlarni — 35%dan 15 %ga tushirmoqchiman. Bu orqali Reygan (1980 yy AQSh prezidenti Ronald Reygan demoqchi, tahr.) davridan beri guvohi bo‘lmaganimiz — ish o‘rinlarining oshishiga erishish mumkin", — dedi u.
So‘ng ikkala tomon bir-birlarining rejalarini tanqid qilishga kirishdilar.
Tramp Klintonga javoban u 30 yil davomida AQSh iqtisodiyotida mavjud muammolarga yechim izlab, topa olmaganini iddao qildi. "Siz bu bilan 30-yil mobaynida shug‘ullanib kelgansiz, nima uchun aynan hozir muammolar yechimi sizni qiziqtirib qoldi", — degan savol bilan yuzlandi Klintonga Tramp.
O‘z turmush o‘rtog‘i, prezident Bill Klintonning muvaffaqiyatlari haqida og‘iz ochgan Xillariga javoban Tramp sobiq davlat rahbari tomonidan Shimoliy Amerikada imzolangan "erkin savdo to‘g‘risida"gi shartnoma Amerika tarixidagi "eng yomon" kelishuv bo‘lganini va u amerikaliklar hayoti yomonlashuviga olib kelganini eslatib qo‘ydi.
Milliarder, gap orasida amaldagi Oq uy rahbari Barak Obama haqida eslab o‘tishni ham unutmadi. "Obamaning kelajagi AQShnikidan farqli o‘laroq osuda kechadi", — dedi Tramp.
Tomonlar bir-biriga "tosh otish" maqsadida an’anaviy mavzularni ham e’tibordan chetda qoldirmadilar. "Siz qachon soliq haqidagi deklaratsiyangizni ommaga e’lon qilasiz?", degan savolga Tramp: "Qachonki Klinton Davlat kotibi bo‘lib ishlagan davrida o‘z shaxsiy serveridan yuborgan elektron maktublarni ommaga havola qilganda", — deya javob qaytardi. Xillari Klinton bu uning xatosi bo‘lganini tan olib, boshqa hech qachon bunday qilmasligini aytdi va bu mavzuni yopdi.
Dunyo politsiyachisi
To‘rt yil davomida AQSh davlat kotibi lavozimini egallagan Klinton tashqi siyosat mavzusida o‘z tajribasi nuqtayi-nazaridan kelib chiqqan holda fikr-mulohazalarini bildirdi. Ammo Tramp o‘z raqibining faoliyatidan ham navbatdagi tanqid uchun "mo‘ljal" sifatida foydalandi.
Tramp o‘z navbatida, Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida gapirar ekan, 2003-yilda ro‘y bergan Iroqqa harbiylarni kiritish harakatlariga hamisha qarshi bo‘lganini aytdi. Uning fikricha, AQSh prezidenti Barak Obamaning bu harakatlari mintaqada "vakuum"ni hosil qilgan. "Men bu harakatlar (Iroqqa bostirib kirish, demoqchi, tahr) naqadar dahshatli, ahmoqona ekanligi haqida mudom ta’kidlab kelganman. Bu mintaqada tinchlik buzilishiga, uning nostabillashuviga olib kelishi muqarrar edi va shunday bo‘ldi ham", — dedi Tramp.
Tramp, shuningdek, Klinton to‘xtovsiz gapirib keladigan AQSh ittifoqdoshlarini ham "quruq qo‘ymadi".
"Biz dunyo politsiyachisi bo‘lolmaymiz, bizlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovni to‘lamas ekan, dunyo bo‘ylab mamlakatlarni himoya qilolmaymiz", — dedi Tramp hamda NATO Yaqin sharqda terrorchilikka qarshi kurashda ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, milliarder, AQShning yadroviy hukumatligini shubha ostiga qo‘ydi.
"Rossiya o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ularda yangidan-yangi imkoniyatlr paydo bo‘lmoqda, biz esa yangilanmayapmiz", — dedi respublikachi.
Tramp "yadroviy tahdidni eng katta tahdidlardan biri" deb atadi va bu kabi qurol-aslahalardan to‘liq voz kechish to‘g‘ri qarorligini ta’kidladi. Ammo prezident etib saylangudek bo‘lsa, yadro dasturidan birinchi bo‘lib voz kechmasligini ma’lum qildi.
"Agar yadro quroli ishga tushsa, bu tamom degani, ammo shu bilan birga biz tayyor bo‘lishimiz darkor, dasturxondan hech narsani olib tashlash kerakmas", — dedi u.
Real virtual tahdidlar
Siyosatchilar real tahdidlardan virtual tahdidlar mavzusiga o‘tdilar. Klinton darhol bu mavzudan Rossiyani ayblash hamda Trampni bu borada unga "hamtovoqlik" qilayotganda ayblash uchun foydalandi.
Klitonga ko‘ra, Tramp rossiyalik xakerlarning Amerika kompyuter tizimiga nisbatan uyushtiradigan hujumlarini mudom qo‘llab-quvvatlab keladi.
Tramp shu yerda AQSh Demokratik partiyasi Miliy qo‘mitasiga qilingan xakerlik hujumlari ortida kimlar turgani hali noma’lumligini aytdi.
"Mening fikrimcha, Demokratik partiya Milliy qo‘mitasini buzganlar aynan Rossiya ekanligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bu ishni Rossiya qilganmi, hech kim bilmaydi. Siz to‘xtovsiz: "Rossiya, Rossiya, Rossiya" deyapsiz. Lekin men bunday deyolmayman. Axir Xitoy bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin-ku, yoki bo‘lmasa boshqalar… Divanda o‘tirgan 200 kilogramm vaznga ega birorta odam ham shu ishni qilgan bo‘lishi mumkin. Siz ham aniq bilmaysizku bu ishni kim amalga oshirganini", — dedi Tramp.
Tramp shu yerda, AQSh Demokratik partiyasi Miliy qo‘mitasiga qilingan hujum oqibatida partiya prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan yana bir demokratchi — Berni Sandersga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lingani fosh bo‘lganini eslatib o‘tdi.
"Haqiqat shuki, Obama davrida biz avval nazoratda bo‘lgan narsalar ustidan nazoratni yo‘qotdik", — dedi Tramp internet-texnologiyalarni nazarda tutgan holda.
Shaxsga o‘tish
Ikkala tomonning davlat dasturlari muhokama qilib bo‘lingach, siyosatchilar, bir-birlarining afzal tomonlari va kamchiliklarini sanab o‘tishga kirishdilar.
Xususan, Klinton Trampni tajribasizlikda aybladi — "tadbirkor, faqat bir yil oldin siyosatga kirib kelgan", — deya izoh berdi u o‘z siyosiy raqibiga. Xillari o‘zi haqida gapirar ekan faxr bilan AQSh davlat kotibi sifatida 12 davlatda bo‘lgani va tashqi siyosatda yetarlicha tajribaga egaligini aytdi.
Tramp unga javoban: "To‘g‘ri, Kliton tajribaga ega, lekin u tajriba — yomon tajriba" dedi va "Biz yana to‘rt yil bunday "tajribachiga" dosh berolmaymiz", — deb qo‘shimcha qildi.
Xillari esa o‘zining olamshumul hatti-harakatlari bilan mashhur raqibini jinsiy diskriminatsiyada aybladi.
"U ayollarni cho‘chqa, aqlsiz va itlar deb kamsitgan", — dedi Xillari. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliarder o‘z chiqishlarining birida lotin amerikalik bir ayolni "uy xo‘jaligi xonimi" deb atagan.
Klinton o‘sha ayol, albatta, noyabr oyida prezident saylovlarida ishtirok etishini ma’lum qildi. Tramp Klinton tomonidan aytilgan barcha ayblovlarni rad etdi va o‘zining dono siyosatchiligini iddao qildi.
"Men Klintondan ko‘ra mulohazakorroqman — bu borada gap bo‘lishi ham mumkinmas. Qolaversa, temperamentim ham unikidan yaxshiroq", — dedi Tramp va bu gapi bilan zalda kulgi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Xullas, har bir nomzod debatlarni o‘ziga xos uslubda o‘tkazdi, deb aytish mumkin, Tramp tez va qat’iylik bilan gapirdi va debatlar davomida Klintonning gapini bir necha marotaba bo‘lib tashladi. Klinton esa pauzalardan unumli foydalandi va o‘rtaga jimlik cho‘kishi bilan o‘zining kulgili izohlarini aytib turdi. Ikkala siyosatchi ham o‘z chiqishlari davomida o‘zlarini dadil tutishga harakat qildilar, sobiq davlat bosh kotibining "prezident bo‘lishga tayyorman" degan gapi esa hatto zalda chapak chalinishiga sabab bo‘ldi.
Garchi debat tashkilotchilari qatnashchilardan siyosatchilarning fikri bo‘linmasligi uchun o‘z hissiyotlarini jo‘shqin namoyish etmaslikni (chapak chalmaslikni) so‘ragan bo‘lsalar-da, chapak chaladiganlar baribir topildi.
Natijada, olib boruvchining sayi-harakatlari tufayli debatlar ko‘tarinki ruhda yakun topdi: Tramp agar o‘z raqibasi g‘alaba qozongudek bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlashini aytgan bo‘lsa, Klinton amerikaliklar tanlovini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
"Men uning g‘alaba qozonishiga ishonmayman. Ammo agar u g‘olib chiqsa, men uni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman", — deb aytgan respublikachi Tramp.
Kliton, o‘z navbatida, xuddi shunday savolga "demokratiyani va saylovlar yakunini qo‘llab-quvvatlashini" ma’lum qilgan.
Hozirda siyosatchilar o‘rtasida o‘z tanlovlarini aniq belgilab olmagan saylovchilar ovozi uchun kurash ketmoqda. Siyosatchilar bu guruh amerikaliklarni o‘z tomonlariga og‘dirishga qanchalik muvaffaq bo‘lishgani tez kunda o‘tkaziladigan umummilliy so‘rovlarda ayon bo‘ladi. Odatda, ularni o‘tkazish uchun bir necha kun sarflanadi. Bu orada yana bir necha raund debatlar o‘tkaziladi, ular davomida Oq Uyning bo‘lg‘usi xo‘jayini aniqlanishi, shubhasiz.