TOShKENT, 23 avg – Sputnik. AQShda prezidentlik poygasi avjiga chiqdi – poyganing bosh qahramonlari Donald Tramp va Xillari Klintondir. Amerikaning mashhur kino va teleyulduzlari kimni qo‘llab-quvvatlaydi – RIA Novosti bunga oydinlik kiritdi.
Klintonga kim ovoz beradi?
Leonardo DiKaprio
Avgust boshida Leonardo DiKaprio Xillari Klinton kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ishda yordam berishini e’lon qilgandi. Buning uchun 23-avgust kuni Los-Anjelesdagi koshonasida “Xillari bilan suhbat” qabulini uyushtiradi. Prezidentlikka nomzod bilan suhbatlashish 33,4 ming dollarga tushadi.
Yaqinda Amerika OAVlari Klinton shtabi va aktor o‘rtasidagi ichki kelishmovchiliklar sababli qabulni DiKaprio o‘rniga Jastin Timberleyk olib borishini xabar qildi. Biroq aktor bu xabarga hech qanday izoh bermadi.
Meril Strip
Xillari Klintonni qo‘llab-quvvatlaydiganlar jahonga taniqli aktrisalardan biri Meril Strip ham bor. U demokratlarning syezdida chiqish qilib, “biror sohada birinchi bo‘lgan” buyuk ayollarni sanab o‘tdi.
"Bu ayollarni qandaydir umumiylik – o‘ylash qobiliyati, qalb to‘liqligi va o‘z ishiga bo‘lgan ehtiros birlashtirib turadi”,- dedi u.
Robert de Niro
Amerika kinosining faxriysi Robert de Niro ham demokratlar nomzodiga xayrixoh.
"Menimcha, ayni paytda u (Klinton – tahr.) prezident va mamlakat rahbari bo‘lishga munosib. Hammasi juda oddiy", — deydi de Niro.
Elton Jon
Estrada faxriysi ser Elton Jon ham Klintonni tanlaydi. Radio City Music Halldagi chiqishida u Still Standing qo‘shig‘ini Klintonga bag‘ishladi.
Stiven Spilberg
Amerikalik rejissor Klinton faoliyati bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashmaydi. Biroq OAV xabarlariga qaraganda, u Klinton saylov jamg‘armasiga yaxshigina pul – bir million dollarni xayriya qilgan.
Tramp – bizning nomzod!
Mayk Tayson
Professional bokschi AQShning navbatdagi prezidenti Donald Tramp bo‘lishi lozim deb hisoblaydi.
"Kelinglar, yangilikka qo‘l uraylik. Kelinglar, Amerikani teri rangi ahamiyat kasb etmaydigan biznes kabi boshqaraylik. Kelinglar, ishni uddalaydigan birortasini sinab ko‘raylik", — deydi u intervyularidan birida.
Loretta Linn
“Kantri” uslubida nom chiqargan xonanda Tramp prezidentlik lavozimida “yuqori notani olishi”ga ishonadi. “Men uni bu mamlakatni o‘zgartirishga urinayotgan yagona inson deb hisoblayman", — dedi u.
Lu Ferrino
Amerika televideniyesining "G‘aroyib Xalki" intervyularidan birida Donald Trampni ko‘klarga ko‘tardi. "Men Donaldga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman. U g‘aroyib yigit. U oxirigacha borishini tilayman", — deydi aktor.
Stiven Bolduin
Bolduinlarning kichigi Trampning rostgo‘yligini qadrlashini aytdi.
"U fantastik inson deb hisoblayman. Uni hurmat qilaman. Menimcha, u buyuk prezident bo‘ladi. U siyosatchi emas, shuning uchun unga kimligi va nima deb o‘ylashining ahamiyati yo‘q. Aynan shuning uchun jamiyatda uni muhokama qilishdan charchashmayapti. U nimani o‘ylasa shuni gapiradi", — dedi aktyor.
Kid Rok
Intervyularidan birida o‘zining achchiq tili bilan nom chiqargan rok-musiqachi Trampga ishonishini va respublikachilar nomzodi agarda prezidentlikka saylanib qolsa, AQShni xuddi daromad keltiruvchi yirik biznes kabi boshqarishini istashini aytdi.