TOShKENT, 26 sen – Sputnik. 1984 yildan buyon AQSh prezidentligi saylovlari natijalarini oldindan aytib beradigan va bu borada biror marta ham adashmagan amerikalik siyosatchi Alan Lixtman Donald Trampning g‘alabasini bashorat qildi, deb xabar beradi nuz.uz Zvezda telekanaliga asoslanib.
Lixtman "Oq uy kaliti" deb nomlangan AQSh prezidentligi saylovlarida g‘olibni aniqlab beradigan maxsus tizimni ishlab chiqqan. Ushbu murakkab tizim ko‘plab ko‘rsatkichlarni “haqiqat yoki yolg‘on” tamoyili asosida tahlil qilib chiqadi.
Ular orasidan qisqa va uzoq muddatli iqtisodiy istiqbol, "alohida kampaniyaga ega uchinchi partiya"ning mavjudligi yoki yo‘qligi, nomzodlar ma’muriyati bilan bog‘liq janjallar, hozirgi prezidentning harbiy yoki tashqi siyosiy mag‘lubiyati kabi ko‘plab ko‘rsatkichlar o‘rin olgan.
Lixtmanning fikricha, hozirgi saylovlar uning 30-yillik faoliyati davomida taxmin qilish eng murakkab bo‘lgan saylovlar bo‘lib, biroq shunga qaramay unda respublikachilar nomzodi Donald Tramp g‘alaba qozonadi.
Ko‘pchilik Donald Trampning g‘alabasiga shubha qilayotgan bir davrda kutilmaganda Xillari Klintonning 11-sentabr kuni tobi qochib qolishi va unga "o‘pka shamollashi" tashxisi qo‘yilishi saylovchilarni bir oz o‘ylantirib qo‘ydi va hattoki Klintonning o‘rniga boshqa nomzodni ko‘rsatish haqidagi luqmalar ham paydo bo‘ldi.