2018 yil 22 iyun kuni fuqaro N.T. Samarqand viloyat DXX boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, 03.06.2018 yilda Kattaqoʻrgʻon shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilishganligini bildirgan.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 03.06.2018 yil soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqoʻrgʻon shahrining "Dehqon bozori"da boʻlgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni oʻgʻrilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB maʼmuriy binosiga olib kelishganligi aniqlangan.
Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga oʻgʻrilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. Soʻng IIB maʼmuriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur qilib, bu holatni oʻzi videotasvirga olgan.
2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattakoʻrgʻon shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilmoqda.
