TOShKENT, 12 dek - Sputnik. Oliy Yevroosiyo kengashi ittifoqning 2025-yilga qadar rivojlanish strategiyasini tasdiqladi. Ittifoqqa a’zo davlat rahbarlari, shuningdek, YeOII qoshida kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari energetika sohasida hamkorlik hamda COVID-19 pandemiyasi iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tish yo‘llarini muhokama qildilar.
Sammitning muhim lahzalari Sputnik obzorida.
Gap ishning bajarilishida
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining 2025-yilgacha mo‘ljallangan kelishilgan rivojlanish strategiyasini ko‘rsatish mumkin. Hujjatni muhokama qilish vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hujjat loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
"Biz (Rossiya - tahr.) "beshlik" hukumatlari tomonidan tayyorlangan, Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi doirasida umumiy tovarlar, xizmatlar, kapital, ishchi kuchi, shuningdek yagona raqamli makon bozorini shakllantirishni yakunlashni nazarda tutadigan 2025-yilgacha Yevroosiyo integratsiyasi rivojlanish strategik yo‘nalishlari loyihasini qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi u.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbari yordamchisi Iya Malkinaning so‘zlariga ko‘ra, strategiyada salmoqli "qo‘shimcha qiymat" mavjud. Masalan, unda ittifoqning ilgari ko‘zda tutilmagan, investitsiya va innovatsion faolligini oshirish bo‘yicha tadbirlar kiritilgan.
Bundan tashqari, strategiya mamlakatlarning ta’lim va fan, turizm, sport va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik mexanizmlarini belgilaydi.
Umumiy gaz bozori va neft sohasida qonunchilikning uyg‘unlashtirilishi
Sammit mavzularidan biri YeOII umumiy gaz bozori to‘g‘risidagi xalqaro bitim bo‘ldi. "Gaz masalasi" strategiya loyihasida deyarli yagona kelishilmagan band bo‘ldi. Ilgari Rossiya tomonidan taklif qilingan formulani Qozog‘iston va Qirg‘iziston qo‘llab-quvvatladi. Biroq, Yerevan va Minsk tomonidan, bu taklif qabul qilinmadi, ular ittifoqdagi sheriklar uchun Rossiya gazi narxini adolatsiz deb atashdi.
"Gap shundaki, gaz narxiga yondashuvlarni keyinchalik YeOIIning umumiy gaz bozorini shakllantirish bo‘yicha muzokaralarida aniqlashtirish mumkin edi. Bu formulani hozircha bizning armanistonlik va belaruslik hamkasblarimiz qabul qilishmadi, ularning bu borada o‘z qarashlari bor", - deb aytgan edi Putin may oyida.
Biroq, tomonlar kelishuvga erishdilar va umumiy gaz bozorini yaratishning ikkinchi bosqichiga - uning infratuzilma, texnologik va huquqiy asoslarini shakllantirishga o‘tishga qaror qildilar. Birinchi bosqich tadbirlari yaqin vaqt ichida yakunlanadi. Xususan, Ittifoq mamlakatlari hududlarida joylashgan gaz-transport tizimlariga ulanishning yagona qoidalari bo‘yicha hujjat qayta ishlanadi.
Malkinaning so‘zlariga ko‘ra, umumiy gaz bozori to‘g‘risidagi bitimga umumiy bozorning ishlashi va tartibga solinishi, Ittifoq mamlakatlarining uchinchi mamlakatlardan va uchinchi mamlakatlarga gaz transportirovkasi va yetkazib berishda o‘zaro munosabatlari tartibi, gaz uzatish tizimlariga kirishni ta’minlash tamoyillari, shuningdek narx belgilash va tarif siyosatini shakllantirish tamoyillari kiradi.
2025 yil 1-yanvarga qadar kuchga kirishi kerak bo‘lgan xalqaro bitim, barcha YeOII mamlakatlari sanoat uchun gaz narxlarining yagona tizimini joriy etishini nazarda tutadi. Farqi gaz konlaridan uzoqliliga bog‘liq bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlatlar rahbarlari Ittifoq mamlakatlari neft sohasidagi qonunchiligini uyg‘unlashtirish bo‘yicha rejani tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishdi.
"Yo‘l xaritasi", xususan, neft va neft mahsulotlari savdosining bozor mexanizmlarini ta’minlash doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirishni, shuningdek, ushbu mahsulotlar transportirovkasiga nisbatan narx belgilashning umumiy tamoyillari va usullarini qo‘llashni nazarda tutadi", - deya aniqlik kiritdi Malkina.
Toshkentdan Gavanagacha
Sammitning asosiy voqealaridan biri - O‘zbekiston va Kuba YeOII kuzatuvchilariga aylangani bo‘ldi. Moldova bilan qo‘shib hisoblaganda ittifoq hozirda bunday maqomdagi uchta davlatga ega.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, YeOII bilan yangi maqomdagi hamkorlik respublikaga mahsulotlarni sotish uchun qo‘shimcha bozorlarini yaratishga, ittifoq ishtirokchilari bilan savdo munosabatlaridagi to‘siqlarni yo‘qotishga imkon yaratadi. Toshkentning bu kayfiyati integrallashuv ittifoqi mamlakatlari rahbarlari tomonidan mamnuniyat bilan olqishlandi.
"Bu tabiiy va an’anaviy sheriklarimiz bilan Ittifoq aloqalarini mustahkamlash uchun chindan muhim, sifatli qadam", - dedi RF prezidenti Vladimir Putin.
"Ishonchimiz komilki, siz bizni uzoq vaqt kuzatmaysiz va yaqin kelajakda qaror qabul qilib, bizning ittifoqning to‘laqonli a’zosiga aylanasiz, siz (Shavkat Mirziyoyev - tahr.) boya juda to‘g‘ri aytdingiz, agar bu o‘zbek xalqi uchun manfaatli bo‘lsa. Biz doimo sizni o‘z ittifoqimizda to‘laqonli a’zo sifatida kutamiz, siz buni bilasiz",- dedi Belarus yetakchisi.
Kuzatuvchi maqomini olishdan oldin ham O‘zbekiston YeOII davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirar edi. 2016–2019 yillarda O‘zbekistonning Ittifoq a’zolari bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga o‘sdi - 4,5 milliard dollardan 9,1 milliard dollarga yetdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonning YeOII bilan tashqi savdosining ulushi 30 foizni tashkil etmoqda, Ittifoq mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksporti hajmi 75 foizdan oshgan.
Moldova va YeOII
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Moldovaning amaldagi prezidenti Igor Dodon ham ishtirok etdi; 24-dekabrda uning o‘rnini Maya Sandu egallaydi.
"Umid qilamanki, ikki haftadan so‘ng o‘z lavozimiga kirishadigan Moldovaning saylangan prezidenti, Moldovaning - ko‘z o‘ngimizda jozibali integrallashuv birlashmasiga aylanib borayotgan Ittifoq mamlakatlari bilan hamkorligini rivojlantirishga yordam beradi", - dedi Dodon.
Bundan tashqari, Moldova rahbarining so‘zlariga ko‘ra, respublika agrosektorda, shuningdek, infratuzilma va raqamli texnologiyalar kabi sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish uchun Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tomonidan moliyaviy yordam olishdan manfaatdordir.
Bundan tashqari, Kishinyov, respublikani Yevroosiyo taraqqiyot banki tarkibiga qo‘shilishi orqali YeOII mamlakatlari bilan iqtisodiy ko‘makni chuqurlashtirishga umid qilmoqda. 2020-yil boshida Moldova ushbu moliya muassasasi bilan uning ishtirokchilari tarkibiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan edi.
Birgalikda noqonuniy tovarlarga qarshi
Sammit davomida Vladimir Putin, YeOII davlatlarining tovarlarni markirovka qilish bo‘yicha kelishuvi sohasini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
"Biz YeOII doirasidagi tovarlarni markalashning raqamli mexanizmlaridan foydalangan holda, o‘z noqonuniy savdoni cheklash, biznes uchun raqobat muhitini yaxshilashni maqsad qilganmiz, eslatib o‘taman, tovarlarni markalash mexanizmlarini qo‘llash ham Rossiya tomonidan tashabbus qilingan va (ular - tahr.) Ittifoq hududi bo‘ylab tovarlar harakatlarishi ustidan nazoratni ta’minlashga yordam bermoqda", - dedi u.
Rossiya prezidenti yil oxiriga qadar tamaki mahsulotlari, ayrim dori-darmonlar, parfumeriya, foto uskunalar va avtomobil shinalarini markirovka qilish uchun raqamli belgilar joriy etilishini ta’kidladi. 2021-yil 1-yanvardan boshlab yengil sanoat tovarlari, so‘ngra ayrim turdagi sut mahsulotlarining markirovkalari joriy etiladi.
Rossiya vaksinasi YeOII mamlakatlari uchun
Uchrashuv davomida RF prezidenti Vladimir Putin koronavirusga qarshi ittifoqdosh mamlakatlarga "Sputnik V" vaksinasini yetkazib berish masalasi ko‘rib chiqilayotganligini ma’lum qildi.
"Rossiyaga kelsak, biz ittifoq bo‘yicha sheriklarimizga COVID-19 bo‘yicha jami 900 mingdan ziyod test-tizimlarini berib yubordik, shuningdek, dori-darmonlar, shaxsiy himoya vositalari, sarf materiallarini yetkazib beramiz va yetkazib berishda davom etapmiz", - deya eslatdi Rossiya prezidenti.
Rossiyalik mutaxassislar "beshlik" mamlakatlaridagi hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, konsultatsiyalar berib kelmoqda, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishmoqda.
YeOII davlatlarining virusdan ko‘proq zarar ko‘rgan hududlariga rossiyalik epidemiolog-shifokorlar brigadalari yetib borishdi, ko‘chma laboratoriyalar yuborildi.
Vladimir Putin so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi Ittifoq davlatlari iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasidagi ishlar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, yalpi ichki mahsulot, savdo hajmi va sanoat ishlab chiqarishida pasayish kuzatilmoqda. Hozir, deya qayd etdi Rossiya prezidenti, YeOIIning ustuvor yo‘nalishi - bu koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’siri cho‘zilib ketmasligi uchun uning oldini olishdir. Buning uchun "beshlik" mamlakatlari yanada jipslashishi va integrallashuv jarayonini kuchaytirishi kerak.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) raisi Mixail Masnikovich kengash yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha brifing paytida aytganidek, YeOII mamlakatlari rahbarlari koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasining ommaviy ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bu fuqarolarning mamlakatlar o‘rtasida harakatlanishini tiklashga yordam beradi.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2021-yil may oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi kerak. Bu vaqtga kelib mamlakatlar rivojlanish strategiyasini amalga oshirish rejalari to‘g‘risida hisobotlarni tayyorlab qo‘yishlari kerak edi.