TOShKENT, 11 dek - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Oliy kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida "birgalikdagi ishimiz ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi", deya ishonch bildirdi.
"Biz O‘zbekistonda YeOII faoliyatini, integrallashuv jarayonlarining rivojlanishini katta qiziqish bilan kuzatib boramiz. Tashkilotning dunyo miqyosida tobora obro‘si oshib borayotganini alohida qayd etamiz. Biz bugun ochiq iqtisodiy siyosatni amalga oshirmoqdamiz, savdo sohasini liberallashtirish bo‘yicha o‘z boshlagan ishlarimizni davom ettirmoqdamiz", - dedi Mirziyoyev va tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish borasida muhim bosqichda turganini eslatib o‘tdi.
Mirziyoyev shuningdek, O‘zbekiston BSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar jarayonini qayta yangilaganini ham qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston rahbarining aytishicha, ayni vaqtda sanoat va infratuzilmalarni modernizatsiyalash bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. Shuningdek, biznes muhit va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
"O‘zbekiston barcha xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash tarafdoridir. Biz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan yaqin va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beramiz", - deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti o‘z chiqishida.
Tadbirda YeOIIga a’zo davlatlar – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etmoqda.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri - O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish.