- Bu yil O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligi nishonlanadi. Ikki mamlakatning bugungi kundagi hamkorlik darajasini qanday baholaysiz? Sizningcha, qaysi sohalarda hamkorlikni kuchaytirish mumkin, qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik izchil rivojlanmoqda?
— Shubhasiz, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligi Rossiya va O‘zbekiston uchun muhim sana hisoblanadi. Hamkorligimiz tarixi chuqur ildizga ega: rossiya va o‘zbek xalqlarini ko‘p yillik do‘stlik va o‘zaro yordam an’analari bog‘lab turadi, biz har doim sinovlar davrida bir-birimizga yordam qo‘limizni uzatib kelganmiz.
O‘tgan yillar davomida Rossiya va O‘zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnika va boshqa sohalardagi hamkorligini rivojlantirish borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi, 200dan ortiq hujjatni o‘z ichiga oluvchi salmoqli huquqiy-shartnomaviy baza yaratildi.
2004-2005 yillarda imzolangan strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar o‘zaro hamkorligimizni yanada yangi yuqori bosqichga olib chiqdi. Bunda ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam poydevorini qurgan va bu munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ulkan hissasi bor.
Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari bugungi kunda ham rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Biz ikki tomonlama ko‘rinishda ham, xalqaro maydonda ham faol hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Rossiya va O‘zbekiston xalqaro va mintaqaviy masalalarda bir-biriga yaqin yoki o‘xshash qarashlarga ega bo‘lib, bu BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida nuqtayi nazarlarimizni samarali ifodalashimizga imkon beradi.
Muntazam ravishda yuqori va oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinadi, muassasalaro munosabatlar doimiy tartibda qo‘llab-quvvatlanadi. O‘tgan yilning sentabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va hukumat raisi Dmitriy Medvedev O‘zbekiston rahbariyati va xalqini o‘tish davrida qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurdilar.
O‘zaro hamkorligimizning hozirda faol rivojlanib borayotgan muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikdir. 15-fevralda Toshkentda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining 18-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro savdoni rivojlantirish imkoniyatlari, transport-kommunikatsiya, yoqilg‘i-energetika va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
2016 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda, respublika tovar aylanmasining 20%i Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston statistika ma’lumotlariga asosan, o‘tgan yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan.
Rossiyaning respublikaga kiritgan investitsiyalari hajmi esa keyingi 5-yilda 6 milliard dollardan oshdi. Respublika hududida Rossiya kapitali ishtirokidagi 900dan ortiq kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, bu yerda "Gazprom", "Lukoyl" kabi gigant kompaniyalar ko‘p yillardan buyon samarali ishlab kelmoqda.
Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik hisoblanadi. O‘tgan yili Toshkentda Rossiya kunlari bo‘lib o‘tdi, rossiyalik taniqli ijrochi va jamoalarning chiqishlari, Rossiya madaniyatining buyuk arboblariga bag‘ishlangan kechalar uyushtirildi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga har ikki tomon ham katta qiziqish bildirmoqda. Bu yerda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda Rossiyada o‘zbekistonlik 22 ming talaba tahsil olmoqda, o‘tgan yili 4 mingdan ortiq o‘zbek abituriyentlari Rossiya oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham o‘zaro hamkorlik rivojlanib bormoqda. Birgina so‘nggi oylar davomida ikki mamlakatning yirik tibbiyot markazlari — N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologik ilmiy markazi va Respublika onkologik ilmiy markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi, Almazov nomidagi Shimoli-g‘arbiy federal tibbiy tadqiqot markazi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
- Shu yilning aprel oyida Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Moskvaga davlat tashrifi kutilmoqda. Davlat rahbarlari birinchi navbatda qanday masalalarni muhokama qiladilar?
— O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak davlat tashrifini o‘zaro munosabatlarimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan yuksak e’tibor sifatida baholaymiz.
Asosiy yo‘nalishlardan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ladi. Gap investitsion hamkorlik turlarini kengaytirish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishni oshirish, yoqilg‘i-energetika, sanoat va boshqa sohalardagi yirik qo‘shma loyihalar, ikki mamlakat xo‘jalik subyektlari o‘rtasida shartnomalar tuzish haqida boradi.
Turizm sohasida ham salohiyat mavjud — Rossiya va O‘zbekiston boy tarix hamda madaniyatga ega bo‘lib, turistlarni hayratlantiradigan jihatlari yetarli. Ayni paytda manfaatdor muassasalar o‘zaro turizm oqimini oshirishga xizmat qiluvchi tegishli kelishuvni ishlab chiqmoqdalar.
O‘zbekiston tomoni ta’lim va tibbiyot sohalaridagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Rossiya vazirlik, muassasa va idoralari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda mavjud imkoniyatlarni ishga solishga kirishishgan.
- Keyingi vaqtda Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi global, hukumatlararo darajadan tashqari hududiy tus ham oldi. Rossiya yoki O‘zbekiston viloyatlari rahbarlari iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda bevosita mustahkam aloqa o‘rnatish niyatida o‘zaro tashriflar uyushtirishmoqda. Bunday hamkorlik qanday istiqbolga ega? Bu kabi o‘zaro muloqotlar qamrovini kengaytirish rejalashtirilmoqdami va bunday shakldagi hamkorlikning ustuvor jihatlari nimada?
— Darhaqiqat, keyingi paytda hududlararo hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bu yo‘nalishdagi amaliy muloqotlarni rivojlantirishga har ikki tomon qiziqish bildirmoqda.
2016 yilda O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasining 68 subyekti o‘zaro hamkorlik qilgan. Savdo aylanmasida Moskva, Sankt-Peterburg, Orenburg, Ivanovo, Chelyabinsk shaharlari, Moskva, Kemerovo, Sverdlovsk, Samara va Rostov viloyatlari yetakchi o‘rinlarni egalladi.
Ikki tomonlama munosabatlarning iqtisodiy o‘zagini tashkil etuvchi savdo yo‘nalishi haqida gap borar ekan, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aynan hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash evaziga shakllanadi.
Hududiy biznes vakillarining faolligi natijasida 2015-2016 yillarda narx ko‘rsatkichlari tushib ketishiga qaramasdan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini nafaqat ushlab qolish, balki ko‘tarishga erishildi.
Bugungi kunda biz hududlararo miqyosdagi delegatsiyalar muzokaralari keskin faollashganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Shu yilning fevral oyida Novosibirsk viloyati gubernatori Vladimir Gorodeskiy viloyat meva-sabzavot importchi vakillari bilan birga Toshkentga tashrif uyushtirdi. Martda Samarqand viloyati delegatsiyasi Tatariston va Boshqirdistonga, Toshkent viloyati delegatsiyasi esa Sankt-Peterburgga keldi. Shuningdek, Andijon viloyati delegatsiyasining Novosibirsk viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasiga, Buxoro delegatsiyasining Moskva shahri va viloyatiga tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. Sankt-Peterburg madaniy va ishbilarmon doirasining Toshkentga safariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zaro muloqotlar qamrovini kengaytirishda 2000-yil 19-mayda imzolangan Rossiya Federatsiyasi subyektlarining O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilmalari bilan hamkorligini kengaytirish haqidagi amaldagi hukumatlararo kelishuv o‘rniga imzolanishi kutilayotgan hududlaro hamkorlik haqidagi yangi kelishuv ijobiy rol o‘ynashi mumkin. Bundan maqsad hududiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikning yo‘nalish va shakllarini belgilab olishdir.
- Siz o‘z chiqishlaringizda respublikada rus tiliga katta e’tibor qaratilishi haqida ko‘p bor aytgansiz. O‘zbekistonda rus tilini o‘rganish borasida holat qanday, rus tilidagi maktab va sinflar ko‘pmi? Bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Rus tili, ayniqsa, shahar muhitida millatlararo muloqot vositasi vazifasini bajarmoqda, televidenie, radio, bosma axborot vositalari, ta’lim tizimida rus tilidan foydalanish saqlanib qolgan. Respublikaning vazirlik va muassasalarida qonun loyihalari, shartnomalar va boshqa hujjatlarni tayyorlashda o‘zbek tili bilan bir qatorda rus tilidan ham foydalaniladi. Bu shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalari uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va uni rivojlantirish uchun ulkan zaxira yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlariga qaraganda, ayni paytda mamlakatda 450 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil oladigan rus tilida ta’lim beriladigan 827 maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga respublikadagi o‘rta maxsus o‘quv dargohlarining teng yarmiga yaqinida rus guruhlari mavjud. Barcha 58 oliy o‘quv yurti va ularning 14 filialida rus tili o‘rganiladi. O‘z navbatida respublika aholisi orasida rus tilini o‘rganishga, rus tilidagi guruhlarda o‘qishga bo‘lgan qiziqish tobora oshib borayotganini sezmoqdamiz.
Biz an’anaga ko‘ra o‘z ishimizda O‘zbekistonda rus tilining saqlanib qolishi va rivojlanishi nuqtayi nazaridan alohida e’tibor qaratamiz. 2016-yilda ushbu maqsadda Rossiya fan va madaniyat markazi (RFMM) bilan hamkorlikda festivallar, rus tili haftaliklari, konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari kabi yuzdan ortiq tadbirlar o‘tkazdik.
RFMM O‘zbekiston fuqarolari, vatandoshlar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning ta’lim olishi uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda muntazam asosda tanlov o‘tkazadi. Uning negizida o‘zbek yoshlarini rus tili, Rossiya tarixi va madaniyati bo‘yicha sinovlarga tayyorlash kurslari faoliyat olib boradi. Har yili bahorda Toshkentda bizning hamkorligimizda butun Markaziy Osiyo hududi uchun o‘ziga xos rus tili-filologlari forumi — "Vinogradov o‘qishlari" ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi. O‘tgan yilning mayida ushbu anjuman 12-bor o‘tkazildi.
- O‘zbekiston va Rossiya ko‘plab savdo-iqtisodiy loyihalaridan tashqari madaniyat sohasida ham faol hamkorlik qiladi: teatrlar gastrollari, kinolardagi hamkorlik, o‘zbek usta va rassomlarining Moskvadagi ko‘rgazmalari uyushtiriladi va aksincha. Bu yo‘nalishda birinchi navbatda rossiyalik madaniyat va san’at arboblari tomonidan qanday qiziqarli loyihalarni kutish mumkin? O‘zbekistonliklarning Rossiya madaniyatiga qiziqishlari qay darajada?
— Javobni savolingizning ikkinchi qismidan boshlasam. Rossiya ham, O‘zbekiston ham boy madaniyat, an’ana va ko‘p asrlik tarixga ega. Biz bir asrdan ortiq vaqt davomida bir davlat tarkibida yashadik va bu davrda XX asrning og‘ir sinovlarini yelkama-yelka turib yengib o‘tdik. Ulug‘ vatan urushida g‘alaba qozondik, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini birgalikda bartaraf qildik va fan, madaniyat, san’atda yuksak natijalarga erishdik. O‘zbekiston va Rossiya xalqlarining bir-birlariga bo‘lgan qiziqishlari shu bilan asoslanadi.
O‘zbekistonning ko‘p millatli oilasi tarkibida ham yashovchi Rossiya xalqlari madaniyati va an’analariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbirlarimiz bu yerda keng omma e’tiborini jalb etadi. Bular orasida Rossiya kuni, Maslenitsa, Sabantuy, Slavan yozuvi kuni, tatar va qrim-tatar yozuvlariga bag‘ishlangan bayramlar, tatar va boshqird madaniyati festivallari bor.
Rossiya-O‘zbekiston madaniy-gumanitar hamkorligi bo‘yicha Moskvada yaqinda Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiyning o‘zbekistonlik hamkasbi Mahmud Murodov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda xususan, O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga bo‘lajak tashrifiga bag‘ishlab Moskvadagi Pushkin nomidagi tasviriy san’at davlat muzeyida Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat muzeyidagi rus avangardi asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
2017 yil oktabrda O‘zbekistonda Rossiya kinosi haftaligini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan bir qatorda Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida taniqli o‘zbek ijrochilari ishtirokidagi chiqishlar rejalashtirilgan.
- Xizmat vazifangiz taqozosi bilan siz bir necha yildan buyon O‘zbekistonda istiqomat qilib kelasiz. Ushbu mamlakat haqida nimalar deya olasiz? Qaysi o‘zbek taomini yoqtirasiz?
— O‘zbekiston — maftunkor tabiatga ega, afsonaviy Ipak yo‘li markazlaridan biri, mashhur va ming yillik tarixga ega Toshkent, Samarqand, Xiva, Buxoro kabi shaharlari bor mamlakat. Ularning bari o‘zining qadimiyligi bilan hayratga soladi, nafaqat alohida imoratlar, balki butun bir tarixiy ko‘cha va mahallalar asrlar davomida saqlanib kelinmoqda.
Butun dunyoga mashhur sharqona bozorlar alohida e’tiborga ega. Ular hali ham xuddi yuz yillar ilgarigi kabi quyoshning ilk nurlari bilan uyg‘onadi va shirindan shakar meva-sabzavotlari, yangi uzilgan nonlarining isi bilan xaridorlarni chorlaydi.
O‘zbekistonning sharqona ruhi zamonaviy fan va texnika yutuqlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
Lekin O‘zbekistonning eng katta boyligi — bu albatta asrlar davomida ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan ko‘pmillatli xalqidir. Qayerga bormang, sizni qaynoq mehr va xursandlik bilan kutib oladilar.
O‘zbek mehmondo‘stligining ajralmas qismi bu shubhasiz milliy oshxonasi hisoblanadi.
Tan olish kerak, o‘zbek oshxonasi haqida gapirish osonmas, chunki ishtahani ochib yuboradigan palov, manti, sho‘rva, shashlik, lag‘mon, somsa kabi taomlarning nomlarining o‘zidanoq sehrli is taraladi. Bejizga butun dunyoda o‘zbek taomlari Sharqning eng mazali va sifatli taomlari sifatida e’tirof etilmaydi.
Mening sevimli taomimga keladigan bo‘lsak, alohida bir taomni ajratib ko‘rsatish qiyin. Mamlakatda birgina palovning bzdan ortiq turlari bor, har bir o‘zbekistonlik sizga Toshkent noni Samarqand nonidan boshqacha ekanligini, Jizzax somsasi esa Buxoronikidan butkul o‘zgacha ekanligini aytishi mumkin.
Shuning uchun barchaga O‘zbekistonga o‘zlari tashrif buyurishlarini va haqiqiy o‘zbek palovidan bahramand bo‘lib, bu maftunkor o‘lkaning boy va serqirra madaniyati bilan tanishishni maslahat beraman.