TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston yetakchisining Moskvaga tashrifi chog‘ida prezidentlar savdo-iqtisodiy masalalar hamda ta’lim, tibbiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni muhokama qiladilar. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Vladimir Turdenev Sputnik O‘zbekistonga bergan eksklyuziv intervyusida ma’lum qildi.
Rossiyaning Toshkentdagi diplomatik missiyasi rahbarining aytishicha, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amalga oshiradigan tashrifiga juda katta e’tibor qaratilmoqda va ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishiga umid qilinmoqda.
"Asosiy yo‘nalishlardan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ladi. Gap investitsion hamkorlik turlarini kengaytirish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishni oshirish, sanoat va boshqa sohalardagi yirik qo‘shma loyihalar, ikki mamlakat xo‘jalik subyektlari o‘rtasida shartnomalar tuzish haqida boradi", — dedi diplomat.
Bundan tashqari, dedi Turdenev, tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutishmoqda. Moskvada yaqinda bo‘lib o‘tgan MITT-2017 ko‘rgazmasining davomi sifatida manfaatdor muassasalar o‘zaro turizm oqimini oshirishga xizmat qiluvchi tegishli kelishuvni imzolaydilar.
"Shuningdek, O‘zbekiston tomoni ta’lim va tibbiyot sohalaridagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Rossiya vazirlik, muassasa va idoralari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda mavjud imkoniyatlarni ishga solishga kirishishgan", — dedi Rossiya elchisi.
Ayni paytda O‘zbekiston tovar aylanmasining beshdan bir qismi Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi, Rossiyaning respublikaga kiritgan investitsiyalari hajmi esa keyingi 5-yilda 6 milliard dollardan oshdi.