TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Moskvada O‘zbekiston madaniyat va sport vaziri Farxod Jo‘rayevning Rossiya madaniyat vaziri o‘rinbosari Alla Manilova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, UzbekistanToday xabariga asosan.
Uchrashuvda 2017-yildagi madaniy hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Xususan, Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi fondida saqlanayotgan san’at asarlari ishtirokida Moskvada Pushkin nomli Davlat san’at muzeyida ko‘rgazma o‘tkazish muhokama qilindi.
Farxod Jo‘rayev 2017-yilda O‘zbekiston Rossiyada "O‘zbekiston kunlari" tadbiri o‘tkazishga tayyor ekanligini xabar qildi. Shuningdayek ikkala tomon Rossiya va O‘zbekistonning yetakchi teatr kollektivlarining o‘zaro gastrollari tashkil qilish masalalarini ham muhokama qilishdi.
Igor Vitalyevich Saviskiy san’at olamida "O‘rta Osiyo Tretakovi" deb nom olgan. Kiyevda tug‘ilgan Moskvada ta’lim olgan, san’atshunos Saviskiy 1950-yillarda Qoraqalpog‘istonga ko‘chib o‘tadi. U yerda u qishloqma-qishloq yurib qoraqalpoq amaliy san’ati namunalari va boshqa qadimiy buyumlarni to‘playdi. Shuningdek, Saviskiy sovet ittifoqida ta’qiq ostida bo‘lgan "rus avangardi" oqimiga mansub yuzlab san’at asarlarini butun Ittifoqdan Nukusga jamlashga muvaffaq bo‘ladi. Bir necha yil o‘tib san’atshunos o‘z kolleksiyasini Nukus muzeyi ixtiyoriga topshiradi.
Bugungi kunda Nukus san’at muzeyi “rus avangardi” kolleksiyasining ahamiyati va miqdori jihatidan Sankt-Peterburgdagi Rus muzeyidan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Undan tashqari Saviskiy muzeyi fondida qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920—30-yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rang-tasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar va kutubxona mavjud. Muzey fondida 85 mingtadan ortiq eksponat jamlangan.