TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori va O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni tiklash va rivojlantirish lozimligini ta’kidlashdi, deb xabar bermoqda o‘lka rasmiy portali.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Ravshanbek Matchonov, kompaniya va korxonalar rahbarlaridan iborat delegatsiyaga O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov boshchilik qildi.
"Biz uchun turli: iqtisodiyot, tibbiyot, ta’lim sohalaridagi hamkorlik juda muhim va manfaatli, — dedi Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Viktor Tolokonskiy. — Hozirda hududimizda yangi aeroport qurilmoqda, bu yangi yo‘nalishlar ochilishi uchun omil bo‘ladi. O‘zbekistonning tabiati, qadimiy yodgorliklari, tarixiy maskanlari bizning sayyohlarimizda katta qiziqish uyg‘otadi".
Uning aytishicha, Krasnoyarskdagilar O‘zbekistonning boy madaniyati va xalq hunarmandchiligi o‘lkada bo‘lib o‘tadigan festivallarda, jumladan mashhur "Sibir olami" festivalida namoyish etilishidan xursand bo‘lishadi. Yoshlar esa "Birusa" ta’lim forumida o‘zaro bilim almashishlari mumkin bo‘ladi.
Tolokonskiy uchrashuv ishtirokchilarini 14-Krasnoyarsk iqtisodiy forumiga taklif etdi hamda 2019-yilgi Butunjahon qishki universiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasini ko‘rishga umid bildirdi.
O‘z navbatida Bahrom Ashrafxonov bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik ulkan istiqbolga ega ekanligini e’tirof etdi. Va bu hamkorlik o‘zaro ishonch, hurmat va ochiqlik tamoyillari asosida rivojlanishda davom etadi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrif dasturidan Krasnoyarskdagi oziq-ovqat, yengil va yog‘ochni qayta ishlash sanoati korxonalari, o‘lkadagi xalqlar do‘stligi uylariga safar qilish, Markaziy Sibir savdo-sanoat palatasida uchrashuv o‘tkazish hamda "Yenisey" xalqaro turistik ko‘rgazmasida ishtirok etish o‘rin olgan.
Krasnoyarsk o‘lkasi va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat va savdo sohasida aloqalar o‘rnatilgan. Sibir federal universiteti va O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida fan va madaniyat sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm sohasidagi o‘zaro loyihalar istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi. Krasnoyarsk o‘lkasidagi savdo tarmoqlari O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berilishiga qiziqish bildirishmoqda.