- So‘nggi paytlarda o‘lim va kasallanish holatlari soni ko‘paydi. Bu fuqarolarni olib kirilishi oqibatlarimi yoki virusning mutatsiyaga uchragani yoki boshqa sabablar bormi?
- Bu tabiiy jarayon. Koronavirus pandemiyasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Har kuni ma’lum miqdordagi bemorlar aniqlanadi, ularning asosiy qismi boshqa mamlakatlardan kelgan fuqarolardir. Kasallik darajasi karantinga olinganlar orasida 60-70% ni tashkil etadi. Qolaversa, fuqarolarning o‘z vaqtida murojaat qilmasliklari sababli kasallanish va vafot etish holatlari ko‘paymoqda. Agar o‘z vaqtida tashxis qo‘yilsa va o‘z vaqtida choralar ko‘rilsa, vaziyat unchalik ayanchli bo‘lmasdi. Lekin o‘lim darajasini boshqa mamlakatlar ko‘rsatkichlari bilan taqqoslasak, bizdagi ko‘rsatkich keskin past. So‘nggi hafta ichida O‘zbekistonda 10 ta o‘lim holati aniqlandi, ammo boshqa mamlakatlarda bu miqdor kuniga yuzlab nafarni tashkil qilmoqda.
- Yaqindan buyon bemorlarga uyda davolanish imkoniyati berildi. Sizningcha, uyda davolanishga ruxsat, bemorlar orasida intizom yo‘qolishiga olib kelmaydi? Bunday holatlarda, uydagi izolyatsiya qanday nazorat qilinadi?
- Biz bu haqda ko‘p o‘yladik, masalani hal qilyapmiz, qaysi ma’nodaki, uyda davolanayotganlarning gigiyenik choralari epidemiologik markaz talablariga mos keladimi-yo‘qmi o‘rganyapmiz. Chora-tadbirlar bo‘yicha barcha zarur tavsiyalarni bugungi kunda malakali virusolog shifokorlardan onlayn rejimda olish mumkin. Agar bemor o‘zini yomon his qilsa yoki isitma qila boshlasa, uni kasalxonaga olib kelish va davolash tadbirlari amalga oshiriladi.
- Shifokorlar xavfsizligi qanday ta’minlanmoqda? So‘nggi paytlarda bu haqda ko‘plab munozaralar, da’volar yangramoqda.
- To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda bemorlarni davolayotgan shifokorlar shaxsiy himoya vositalariga muhtojligi, ular kasallangan taqdirda o‘z vaqtida ro‘yxatga olinmayotgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Lekin bular haqiqatdan yiroq. Koronavirus oqibatida vaqot etayotgan odamlar kasallik haqida kechiktirib xabar berganliklari tufayli vaziyat shunday ayanchli tus oladi. Ammo shaxsiy gigiyena vositalariga kelsak, laborantdan tortib to vrachgacha bo‘lgan barcha xodimlar bunday vositalar bilan ta’minlangan. Hatto ishlatilgan shaxsiy himoya vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bitta kompaniya bilan shartnoma asosida va har bir tibbiy muassasadan, ushbu chiqindilar yig‘ilib, utilizatsiya qilinmoqda.
- Mahalliy yoki xorijiy vaksinalar yoki dorilarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha biron bir harakat bormi? Bu borada biron bir siljish bormi?
- Ha, albatta. O‘zbekiston COVID-19 virusining RNK-ni aniqlash bo‘yicha o‘zining test tizimini ishlab chiqdi, mahalliy ishlab chiqaruvchi ham RNKni ajratib beradigan reaktivni ishlab chiqdi. Vaksinalarni ishlab chiqishga kelsak, bizning virusologiya instituti olimlari RF virusologiya instituti bilan birgalikda bir qator tadqiqotlarni o‘tkazmoqdalar.
- Bunday beqaror vaziyatda epidemiya yana qancha davom etishi mumkin?
- Butun dunyoda COVID-19 bilan bog‘liq og‘ir vaziyat menimcha, ko‘pam uzoqqa cho‘zilmaydi. Nega deganda, birinchi vaqtlari bemorni qayerga joylashtirishni bilmas edik, ayni vaqtda unday emas. Epidemiologik vaziyat barqarorlashayotgani barchaga ayon. Mamlakat prezidenti koronavirusga qarshi chora-tadbirlar to‘g‘risida alohida qarorlar imzoladi, Vazirlar Mahkamasi qoshida COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi, unga bosh vazir rahbarlik qiladi. Ma’lumotlar kunlik kelib tushadi, ular jamlanadi va tahlil qilinadi, komissiya tarkibiga kiruvchi vazirliklar tomonidan nazorat qilinadi va komissiya ma’lumotlarni tahlil qilib, chora-tadbirlarni qaysi sohada yoki muassasada kuchaytirish yoki yumshatish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
- Ma’lumki, chegaralar ochilmoqda va ma’lum bo‘lishicha, biz hozirda birinchi to‘lqinning ikkinchi cho‘qqisidamiz. Hamma gapirayotgan ikkinchi to‘lqin chegaralar ochilishi bilan sodir bo‘lishi mumkin emasmi?
- Ayni paytda biz bu haqda ko‘p o‘ylamoqdamiz: ya’ni qanday mexanizm ishlab chiqish va amalga oshirish mumkinligi haqida. Chegaralarni ochmaslik iqtisodiy holatni tang ahvolga keltirishi mumkin. Demak, eng yaxshi sinalgan chora, bu kasallik ko‘p aniqlangan joylarda karantin choralarini kuchaytirish. Shuningdek, bizda ushbu infeksiyani tartibga solish va o‘z vaqtida aniqlash, unga qarshi turish bo‘yicha imkoniyat bor.
- Hozirgi jazirama kunlarda niqobda yurish ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirmoqda. Odamlar maskalardan charchagan. Nima deysiz, niqoblar turmush tarzimizning bir bo‘lagiga aylanadimi yoki bir muncha vaqt o‘tgach, ulardan voz kechishga ruxsat beriladimi?
- Niqobni profilaktika maqsadida taqish COVID-19ni tarqalish xavfini kamaytirishi ilmiy isbotlangan. Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Yaponiya Koreyada niqob taqishga qat’iy amal qilindi va shuning uchun ularda kasallanish holatlari kamaydi. Shu bois ham har bir fuqaroga muntazam raqishda niqob taqish sog‘liq uchun foydali ekanligini tushuntiramiz. Epidemiologik farovonlik qachon ta’minlanadi – qachonki butun dunyo bo‘ylab chora-tadbirlarga rioya qilinishi ta’minlanganda.
Agar qo‘shnilarimizda yuqumli kasallik bo‘lsa, xohlaymizmi yoki yo‘q, bizda ham xuddi shunday tahdid mavjud bo‘ladi. Qolaversa, ushbu infeksiya havo-tomchi usuli va nafas yo‘llari orqali yuqishini unutmaslik lozim. Niqob shunday holatlarda havo orqali kirishi mumkin bo‘lgan infeksiyani qaytaradi. Shu bois, shaxsiy gigiyena qoidalariga bepisand bo‘lmaslikka chaqiraman.