TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Xo‘sh, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish uchun nimalar qilish kerak? Eng avvalo, nasihatlarni kamaytirish lozim bo‘ladi, degan fikrdaman. Chunki bugun axborotlar ummonida yashayotgan yoshlarga "yaxshi bo‘lsang yaxshi bo‘ladi, yomon bo‘lsang – yomon", degan ma’nodagi nasihatlarning qizig‘i kam. Nafaqat kam, balki ularning jig‘iga tegib, teskarisini qilishga undaydi.
Yoshlar o‘ziga xos jo‘shqinlik bilan o‘zini namoyon etishni, orzulariga juda tez va oson erishishni istaydi. Ular kutishni yoqtirishmaydi. Sabr-qanoat faqat keksalarga xos. Yoshlar orasidagi jinoyatlarning ildizini ham xuddi shu jihatlardan qidirishga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan berib borilayotgan axborotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sarasiga – o‘g‘rilik, talonchilik, bosqinchilik kiradi. Bularning esa tagzaminida mulkiy manfaatdorlik yotadi. Mulkiy muammolarni – birovlarning burnini qonatish hisobiga hal etishga intilish esa kishining ma’naviy qashshoqligini anglatadi. Bekorga yuqorida qayd etib o‘tilgan Harakatlar strategiyasida yoshlarning ma’naviyatini oshirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani yo‘q.
Yoshlarning bugungi kunda eng ojiz jihatlaridan biri bu — buyumga sig‘inish. Bu holat nafaqat yoshlar o‘rtasida, balki barcha avlodlarda ham mavjud, lekin yoshlar muammoni o‘z bilganicha hal etishadi-da.
Ma’lumki, ma’naviy qashshoqlikning o‘rnini to‘ldirish uchun juda katta boylik kerak bo‘ladi. Shundayam uning to‘lishi gumon.
Yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish masalasiga "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi"da jiddiy e’tibor qaratilgan. Bu kitob o‘qishni targ‘ib qilish, san’atni rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini namoyon etish imkoniyatlarni yaratish, sportni rivojlantirish, ular o‘rtasida har xil tanlovlar, musobaqalar o‘tkazish kabi masalalar.
Dasturda belgilangan tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi so‘zsiz ijobiy natijalarga olib keladi. Biroq, adabiyot, san’atning tarbiyaviy ahamiyatiga haddan ortiq berilib ketish va ularni faqat shu mezonlar orqaligini baholash oxir oqibatda yoshlarda ularga bo‘lgan qiziqishni so‘nishiga, hech bo‘lmaganda rasmiy va norasmiy sohalarga bo‘linib ketishiga olib kelishi mumkin.
Albatta, har qanday davlatda ham ommaviy o‘qiladigan yengil adabiyot va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan jiddiy adabiyot bo‘ladi. Davlat yengil yelpi asarlar, ko‘rinishlarni qo‘llashi kerak ham emas.
Bir vaqtning o‘zida rasmiy san’at va adabiyot bilan davlat qo‘llaydigan san’at va adabiyot o‘rtasida ham jiddiy uzilish bo‘lishi ma’qul emas.
Bizning asrni bemalol "reklama asri" deyish mumkin. Davlat tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarning haqqoniyligini ta’minlash, ularda iqtidorlilargina ishtirok etishi va g‘olib bo‘lishi yoshlar ongida adolatga, haqiqatga bo‘lgan ishonchni shubhasiz oshiradi. Yoshlar har qanday holatda jiddiy va tezlik bilan munosabat bildiradi.
Bir vaqtning o‘zida yoshlarga romantika kerak. Hatto, kompyuter o‘yinlaridan bo‘shamaydian yoshlar ham romantika tarafdori. Ular, albatta o‘qishni, o‘rganishni xohlaydi. Shuning uchun ham internet orqali bo‘lar-bo‘lmas narsalar, bir-birlarining yarim-chala yozishmalarini mutolaa qiladi.
Yana bir jihat — yoshlarni mutolaaga qaytaramiz deb ko‘p urinishlar qilyapmiz. Ko‘pchiligimiz, ular elektron kitoblar o‘qiyapti, deb xursand bo‘lyapmiz ham. Aslida esa bu bilan biz o‘zimizni, yoshlar esa bizni aldamoqda, xolos.
Kitob esa unday emas. U butunicha bir voqea-hodisaga bag‘ishlangan. Uni qo‘lga olib faqat o‘sha voqeanigina tasavvur qilasiz, his etasiz.
Yoshlarimiz badiiy asarni ham ma’lumot olish uchungina o‘qishi, ulardan zavq olmay qo‘yganini ularni elektron holda o‘qish mumkin, degan gaplaridan ham bilsa bo‘ladi.
Badiiy adabiyot ma’lumot olish uchun emas, balki estetik zavq uchun o‘qiladi. Badiiy adabiyot san’at, xususan, kino, teatr, tasviriy san’atdan shunisi bilan farq qiladiki, undagi voqea-hoisalar bevosita inson ongida, uning ko‘nglida yuz beradi. Badiiy asarni o‘quvchi o‘z xohlaganicha tasavvur qiladi, sahnalashtiradi va uning ichida yashaydi.
Albatta, jazoning muqarrarligi degan tushuncha bor. Har qanay jinoyat jazosiz qolmasa, ularning soni kamayadi. Lekin bu insonlarni qo‘rquv orqali jinoyat qilishdan to‘xtatish demakdir. Jinoyatning oldini olishning eng ma’qul usuli — bu fuqaroning ongi, ma’naviyatini oshirish orqali erishish. Odamlar qanchonki ongli tarzda jinoyat qilishdan qochsa, shundagina jinoyachilikning haqiqatan kamayishiga erishish mumkin.
Albatta, shukr qilish kerak, hozir O‘zbekiston ko‘chalarida boshqa mamlakatlardagi kabi kechalari yurishdan hech kim cho‘chimaydi, O‘zbekiston jahondagi eng tinch va xotirjam mamlakatlar sarasiga kiradi. Biroq bu shunday bir sohaki, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolib bo‘lmaydi. Vaziyat juda tez o‘zgarib ketishi mumkin.