TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Kitobxonlik haqida so‘z ketganda, badiiy adabiyotga alohida urg‘u berish lozim bo‘ladi. Hozirda aniq bir badiiy kitoblar haqida gapirish, xususan ularni tanqid qilish rusumga kirmagan. Ommaviy axborot vositalarida kitobxonlik haqida kuyib-pishib gapiradi-ku, lekin hech kim alohida kitob haqida so‘zlamaydi.
"Ma’naviyat va ma’rifat" telekanalida "Kitobxon shou" ko‘rsatuvi bugun kitobxonlik ahvolini, to‘g‘rirog‘i kitobxonlikka munosabatni qaysidir ma’noda ko‘rsatib beradi. Ko‘rsatuv mazmun-mohiyati bo‘yicha alohida kitobni muhokama qilishga mo‘ljallangan.
Adabiyotga, xususan nasrga, tijoratning bir bo‘lagi sifatida qaralmoqda. Biroq nasr hali o‘zini o‘zi boqadigan darajada pul topadigan holatga yetgani yo‘q. Tijorat va reklama asri o‘zbek nasrini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Hatto, ma’rifat va ma’naviyat tarqatishi lozim telekanal ham bilib-bilmay kitoblarni reklama qilib qo‘yishdan cho‘chishi bundan darak beradi.
Boshqa bir ommaviy axborot vositasi — "Tafakkur" jurnalida chop etilgan bir maqolada bugungi o‘zbek adabiyotini ikki turga bo‘lish taklif etiladi: "xos" va "avom" adabiyotiga. O‘sha taklifda mustaqillik davrida yozilib, ko‘p o‘qiladigan, ko‘p nusxada chop etiladigan kitoblarni "avom" adabiyotiga, mustaqillik davrida yozilib, hech kim o‘qimaydigan, shuning bilan birga sobiq sovet tuzumi davrida yozilgan barcha adabiyotni "xos" adabiyotga (shuning o‘ziyoq mustaqillik davri adabiyotiga munosabatni bildiradi) ajratish taklif etiladi. Xulosa chiqadiki, mustaqillik davri asarlarini o‘qiyotganlarning barchasi avom!
Adabiyotga bunday munosabatda bo‘lish esa oxir oqibatda kitobxonlar sonini oshishiga, adabiyotning rivojlanishiga xizmat qilmaydi. Aksincha, fuqarolarning kitob o‘qishdan bezdiradi, yozuvchilarni esa «sariq matbuot» deb ataluvchi matbuotning izmida yurishga majbur etadi.
Axir jamiyatda kitob o‘qiganlarni "avom", deb o‘tirishsa, bu kimga ham yoqadi deysiz?
Badiiy asar jamoaviy san’at emas, uni individual shaxslar yaratadi. Yakka shaxslar haqida gapirishdan qochiladigan joyda, yakka insonlar gapirilmaydigan davrlarda adabiyot inqirozga yuz tutadi. Adabiyotning inqirozi esa millatning inqiroziga olib keladi.