TOShKENT, 29 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, islohotlar jarayoni va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatida bo‘lib u yerda tadbirkorlar, fermerlar va oddiy xalq bilan muloqotda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.
Navoiy viloyati, o‘zining mehnatkash xalqi, yer osti va yer usti boyliklari tufayli mustaqillik yillachida ildam qadamlar bilan rivojlandi. Bugungi kunda viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanib viloyat Respublikaning yirik sanoat hududiga aylangan.
Bugun Navoiyda 17ta yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda: Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi”, “Elektrkimozavodi” shular jumlasidandir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Iqtisodiy rivojlanishda yangi yaratilayotgan kichik biznes subyektlari ham ishtirok etdi. O‘tgan yilii Navoiyda 866 ta yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 611,9 milliard so‘m kredit ajratildi. Viloyatda 9500 dan ziyod yangi ish o‘rnlari yaratildi.
Yengil sanoat
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatning bir necha tumanlari va korxonalarida bo‘ldi. Tashrif boshida prezident yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishdi.
Navoiyda paxta tolasini chuqur qayta ishlab va jahon bozori talablariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida bir necha korxonalar yaratilgan.
Xususan, Navoiy shahrida “Baxt tekstil”, “Baxt Navoiy”, Qiziltepa tumanida “Toshrabot tekstil” va Navbahor tumanida “Navbahor tekstil” korxonalari zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar asosida sifatli ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu korxonalar Milliy bank krediti hisobidan tashkil qilinib u yerga Shveysariyaning “Riter” va Belgiyaning “Pikanol” kompaniyalarining zamonaviy dastgohlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Teri mahsulotlari va qorako‘lchilik
Prezident tanishgan keyingi soha bu — teri xomashosini tayyorlash va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘ldi.
Ayni paytda viloyatda 450 ming bosh qoramol hamda bir million 950 ming qo‘y-echki parvarishlanmoqda. Ulardan yiliga o‘rtacha 930 ming dona teri olinadi. Prezident Karmana tumanidagi “Kamilla grup” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Italiya texnologiyasi asosida tayyor charm ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu loyiha ishga tushgach, yiliga 3,2 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi. Korxonada 40 ish o‘rni yaratiladi.
Navoiy viloyati qorako‘l teri yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi o‘rinni egallaydi. Navoiyda Qorako‘lchilik sohasida chuqur islohotlar olib borilmoqda. Xususan, viloyatdagi 23 qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligi fermer xo‘jaligiga, naslchilikka ixtisoslashgan iqtisodiy barqaror 8 shirkat xo‘jaligi mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladi. 23 shirkat hisobida bo‘lgan chorva mollari, qo‘ra-qo‘tonlar, suv inshootlari va boshqa mol-mulklar kimoshdi savdolari orqali sotilib, 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi tashkil etiladi. Ularga chorva mollarini boqish uchun 2,7 million gektar yaylovlar berilishi rejalashtirilgan. Sohada 2 ming 250 ish o‘rni yaratiladi.
Baliqchilik
Viloyatda baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, To‘dako‘l suv ombori havzasida Vyetnam texnologiyasi asosida yiliga ming tonnadan ziyod baliq yetishtirish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida inkubatsiya sexlari tashkil etish va baliq yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizning barcha viloyatlariga 14 hudud ajratib berish rejalashtirilgan.
Fermer xo‘jaliklari
Shavkat Mirziyoyev Qiziltepa tumanidagi “Vang‘ozi agro” fermer xo‘jaligi shiyponida bo‘lib, viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Qiziltepa tumanida ming bosh qoramol va ming bosh echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi hamda sutni qayta ishlash zavodi tashkil etilishi va Navbahor, Qiziltepa, Nurota tumanlarida qoramol va nasldor echki parvarishlashga mo‘ljallangan yana 5 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha aholi bilan suhbatlar o‘tkazish kerak. Xonadonlarda 100 tadan parranda boqishni yo‘lga qo‘yish, issiqxonalarda limon, unabi ekib, daromad olishni odamlar ongiga singdirish lozim. Aholining o‘z tomorqasidan foydalanib, daromad topishga ishtiyoqi kuchaysa, ularning farovonligi ortadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev fermerlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda.
Fermer xo‘jaligining dala shiyponida Malikobod mahallasi onaxonlari sumalak tayyorladi. Davlatimiz rahbari ular bilan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar odamlar hayotida qanday aks etayotgani, xotin-qizlar turmushini farovon qilish, farzandlar ta’lim-tarbiyasi to‘g‘risida samimiy suhbat qurdi.
Malikobod mahallasida yashovchi Jumagul Fayzullayeva barcha islohotlardan avvalo odamlar manfaat ko‘rayotgani, mamlakatimizdagi o‘zgarishlar xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotganini faxr bilan ta’kidladi.
“Bizga shu ham bo‘laveradi, degan qarash bilan yashash vaqti allaqachon o‘tdi. Uyida daromad topgan, farzandlarini ham shu ruhda o‘stirgan oila farovonligiga zamin yaratadi. Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan asosiy maqsad odamlarga yelkadosh bo‘lish, farzandlarining baxti-kamolini ko‘rishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdir", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi uylar
Prezident Karmana tumanining Mustaqillik massivida barpo etilayotgan qulay, arzon va zamonaviy uy-joylar, profilaktika inspektorlari uchun yashash joyi, davlat idoralari rahbarlari uchun qurilgan xizmat uylari bilan tanishdi.
Karmana tumani “Talqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yangilangan loyihalar asosida 32 xonadonga mo‘ljallangan ikki qavatli va 46 oila uchun 2 sotixli uylar barpo etildi. Tumani rahbarlari uchun Mustaqillik massivida 9 xizmat uyidan 4 tasida qurilish tugallanib, kommunikatsiya tarmoqlariga ulandi.
Sayyohlik
Shavkat Mirziyoyev Nurota tumanidagi Chashma ziyoratgohi yonidagi muzey binosi, “Hunarmandchilik markazi” majmuasi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona loyihalari bilan ham tanishdi.
Prezident ushbu loyihalarni vaqtida sifatli amalga oshirish, Chashma ziyoratgohi maydonini kengaytirish va obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Shundan prezident Navoiy issiqlik elektr stansiyasi va viloyatning boshqa yirik korxonalarida bo‘ldi va rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishdi. Tashrif so‘ngida prezident Navoiyda tashkil qilingan Xalq qabulxonasi bilan tanishdi.