TOShKENT, 25 okt – Sputnik. Davlat Konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan Hay’at yig‘ilishida Madaniyat va Sport vazirligi tarkibiga kiruvchi barcha muassasalar, viloyat va tuman bo‘limlari vakillari, jami 454 nafar katta va kichik amaldorlar qatnashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov vazirlikning 2016-yil 9 oylik faoliyati yakunlari tahlili va navbatdagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Ahmedov Vazirlar Mahkamasining 2013-2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda "2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi holatiga keskin tanqidiy –tahliliy ruhda to‘xtaldi.
Vazirlar Mahkamasining 178 –qarorida belgilangan, 2018-yil yakunigacha 894ta zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlari tashkil etilishi lozim. Bugungi kunga qadar esa Respublika bo‘yicha 189 ta Markazlar to‘liq ta’mirlandi va foydalanishga topshirildi. Ushbu ishlarga 106,0 mlrd.dan ziyod mahalliy budjet mablag‘i sarflangan.
2013-2015 yillarda ta’mirlash va jihozlash belgilangan 247 ta madaniyat va aholi dam olish markazlaridan 58 tasi (24%) foydalanishga topshirilmagan.
Ko‘rib turganingizdek, vazifalar to‘liq bajarilmagan. Demak, hududlarda qaror ijrosi bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
“Afsuski, aksariyat hududlarda olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz, talabga javob bermaydi”, — dedi vazir.
Yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga ko‘ra, o‘z vazifasiga nisbatan loqaydsizlarcha yondoshgan 30 nafardan ortiq rahbar kadrlarga nisbatan intizomiy jazolar belgilandi.
Majlisda vazirlik tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va ularni hal etish masalalari ham tanqidiy ravishda ko‘rib chiqildi va muhokama etildi.
Majlis so‘ngida, ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.