Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifi haqida: xalqlarimiz bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutishapti

© IA "Kazinform"Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
22-23 mart kunlari Ostona shahriga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kazinform" xalqaro axborot agentligi muxbiri savollariga javob berishga rozi bo‘ldi

TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Intervyu davomida O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonga qanday hissiyotlar bilan uchayotgani, bugungi kundagi qozoq-o‘zbek munosabatlari va boshqa savollarga javob bergan, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.

– Hurmatli Shavkat Miromonovich, bu sizning Qozog‘istonga O‘zbekiston prezidenti sifatida amalga oshiradigan ilk tashrifingiz. Ostonaga qanday hissiyotlar bilan uchmoqdasiz?

Darhaqiqat, Qozog‘istonga davlat tashrifi bizning tarixiy rivojlanishdagi umumiylik, madaniy, urf-odatlar va yagona din tufayli alohida xarakterga ega ikki tomonlama munosabatlarimizdagi muhim siyosiy voqeadir.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifini boshlamoqda
Abadiy do‘stlik, Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari darajasi qanchalar yuqoriligini ko‘rsatadi. Bir qator mintaqaviy va xalqaro masalalarda davlatlarimizning pozitsiyalari umumiy. O‘zbekiston va Qozog‘iston bu mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik mustahkamlanishida o‘zini birdek mas’ul his etadigan ikki davlatdir.

Xalqaro doirada Qozog‘istonning nufuzi ortayotgani bizni quvontiradi. Bu davlat BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi, bu esa mamlakatning xalqaro hamjamiyatda tutgan muhim o‘rnini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda Nursulton Abishevich Nazarboyevni birodar Qozog‘istonning rahbari sifatida yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Bu insonning shaxsiy fazilatlarini yuqori baholashadi. Bu fazilatlar u o‘tgan yilning sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti, o‘z do‘sti Islom Karimovni xotirlash uchun yurtimizga kelganida namoyon bo‘lgan edi.

Ishonchim komilki, Qozog‘istonga tashrif o‘zaro munosabatlarimiz rivojida yangi qadam qo‘yishga imkon beradi. Biz davlatlarimiz xalqlari bu uchrashuvdan ko‘p narsa kutayotganini yaxshi bilamiz va umid qilamanki, bu ishonchlar oqlanadi.

— Sizning rahbarligingizda qabul qilingan muhim hujjatlardan biri 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi bo‘ldi. Hujjatda asosiy e’tibor xalq bilan muloqot va inson manfaatlariga qaratilgan. Mamlakatni rivojlantirishda nima uchun aynan shu jihatlar birinchi galdagi maqsadlar sifatida tanlangan?

Ma’lumki, birinchi prezidentimiz rahbarligida mustaqil O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti qurilishini boshladi va ko‘plab yutuqlarga erishildi.

Hayot davom etmoqda, mamlakatning istiqboldagi va muqarrar rivojlanishini ta’minlanish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Harakatlar strategiyasi esa O‘zbekiston yaqin 5-yilda qay tarzda taraqqiy etishini belgilab beradi.

Qo‘l berish - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Qozog‘iston zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga kelishdi
Bu hujjat dasturi davlat qurilish sohalari, sud-huquq tizimidagi islohotlarni, iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlovchi takliflar, ijtimoiy sohalar rivoji, mamlakat xavfsizligini ta’minlash va tashqi aloqalar rivojini ta’minlash choralarini qamrab olgan.

E’tiboringizni shunga qaratishni istardimki, Strategiya — bu kabinetdagi fikrlar mahsuli emas. Bu hujjat loyihasi xalq tomonidan ma’qullandi, dastavval jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi, bu muhokamalar davomida minglab takliflar va yangi tashabbuslar berildi va ularning aksariyati yakuniy tahrirda o‘z aksini topdi.

Strategiyaning muhim qismi — 2017-yil mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilinganidir. Bu bilan hukumat va aholi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish nafadar dolzarbligiga izoh berilgan. Hammasi o‘tgan yil oxirida xalq va davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotning yangi mexanizmi bo‘lmish — virtual qabulxona ochilishidan boshlandi. Bugungi kungacha qabulxonaga yarim milliondan ziyod insonlar murojaat qildi va ularning barchasi ko‘rib chiqilib, ularning har biriga u yoki bu shaklda javob qaytarildi.

Aminmanki, bugungi kunda xalq bilan muloqot qilmasdan, muvaffaqiyatli rivojlanishni ta’minlay olmaymiz. Buning intihodagi ma’nosini oddiy formula bilan izohlash mumkin: xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi lozim va o‘ylaymanki, buni O‘zbekistonda ayni kunda amalga oshirilayotgan ishlarda ko‘rish mumkin.

–  Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik darajasi va sifatiga bog‘liq. Qozog‘iston va O‘zbekistonning bugungi kundagi munosabatlari holatini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z vaqtida davlatlarimiz o‘rtasida Strategik hamkorlik haqida bitim imzolangani bejiz emas. Mintaqamizning yangi tarixida bo‘lib o‘tgan eng murakkab davrlarda, boshqalardan farqli o‘laroq, biz davlatlararo jiddiy nizolardan xoli bo‘ldik hamda tinchlik va barqarorlikni saqlab qoldik.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov - Sputnik O‘zbekiston
Qudratli Rossiya Markaziy Osiyoni o‘ziga "tobe" qilishga urinyaptimi - Lavrov javobi
Markaziy Osiyo taraqqiyoti haqida gapirar ekanmiz, biz yaxshi tushunamizki, istalgan yirik mintaqaviy loyihalar, transport-kommunikatsiya yoki energetik xarakterdagi loyihalarni davlatlar o‘rtasidagi faol hamkorlik va faol integrallashuvsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro miqyosdagi energetik va transport loyihalaridagi muhim o‘yinchiga aylangani — bu mintaqa davlatlari yuritgan faol tashqi siyosat natijasidir.

Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi evaziga mintaqa G‘arbni Sharq bilan, Shimolni Janub bilan bog‘laydigan muhim transport yo‘laklari chorrahasiga aylandi. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, Buyuk Ipak yo‘li tiklanmoqda va biz ko‘p asrlar avval bo‘lgani kabi Yevroosiyo transport arteriyasining yuragida joylashganmiz.

Mamnuniyat bilan qayd etishni istardimki, Qozog‘iston O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan hisoblanadi.

Albatta, global inqiroz tovar aylanmasi jadalligiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmagan. Ammo shu bilan bir qatorda mamlakatlarimiz o‘rtasida foydalanilmay qolayotgan imkoniyatlar ko‘pligini tan olish darkor.

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 230ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, o‘z navbatida Qozog‘istonda O‘zbekiston rezidenti ishtirokidagi 130dan ortiq korxona ishlamoqda. Bu ko‘rsatkichlarni bir necha barobar oshirish mumkin. Shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini ham. Bu davlatlarimizning ishbilarmon doiralari tomonidan taklif etilgan va bugungi kunda bir qismi hayotga tatbiq etilayotgan yangi tashabbuslarda aks etgan.

— Prezidentlik faoliyatingizning ilk kunlaridanoq siz Markaziy Osiyo mintaqasidagi aloqalarni mustahkamlashni tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladingiz. Sizningcha Markaziy Osiyodagi hududiy hamkorlikni mustahkamlashning eng muhim yo‘nalishlari nimalardan iborat?

– Bizning mamlakatimiz tashqi siyosatidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bu yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlash hisoblanadi. Bu tabiiy intilish va bu O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi biz mintaqaviy siyosatni qanchalar to‘g‘ri olib borishimizga bog‘liqligini tushunganlikdan kelib chiqadi.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, Markaziy Osiyo — bu asrlar davomida geografik, iqtisodiy va madaniy kengliklarda umumiylikka ega bo‘lib kelgan yagona organizmdir.

Daryo - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Qozog‘iston suv masalasini muhokama qildi
Mintaqaning barcha aholisini tashvishlantiradigan muammolarni bir davlatning o‘zi alohida hal qila olmaydi. Deylik, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport-kommunikatsiya, ekologiya, suv resurslaridan oqilona va odillik bilan foydalanish kabi masalalar. Markaziy Osiyo hamisha suv zaxiralariga jiddiy ehtiyoj sezgan. Hozirgi global iqlim isishi va suvga talab kuchayayotgan bir paytda muammo tobora mushkullashmoqda. Agar bugun biz suvning har tomchisini tejash haqida o‘ylamasak, avlodlar oldida jinoyat qilgan bo‘lamiz.

Yana qaytaraman, hatto suv tejovchi eng yaxshi texnologiyalarni qo‘llab ham bir davlat muammoni alohida holda hal eta olmaydi.

Bu masalada Qozog‘iston bilan yakdil fikrga egamiz va bu yo‘nalishda yagona strategiyani qo‘llash tarafdorimiz. Alohida davlat jahon bozoriga o‘z energiya resurslarini qo‘shni davlatlarni chetlab o‘tgan holda yetkaza olmaydi. Shuning uchun transport yo‘llarini tartibga soladigan va yangi transport yo‘laklarini ishga tushiradigan hammamiz uchun manfaatli yagona integratsiyalashgan tizim yaratishimiz kerak. Biz barchamiz bundan faqatgina yutamiz.

Hududiy hamkorlik masalasiga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning bugungi kundagi siyosatini shunday belgilayman: keskin savollardan qochmaslik va aql bilan murosaga kelish yo‘lini izlash.

Qozog‘istondagi muzokaralar chog‘ida ham hududiy rivojlanish masalalariga shunday yondashamiz. Bu mavjud muammolarni hal qilish yo‘lini qidirish va ulkan mintaqaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishdir. Bularning barchasi biz uchun birinchi darajali ahamiyatga egadir.

— Sizning Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvingiz kun tartibidagi mavzu mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash mavzusi bo‘ladi. Siz Ostona va Toshkentning bu sohadagi hamkorligi istiqbolini qanday ko‘rmoqdasiz?

— Ta’kidlab o‘tishni istardimki, O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro miqyosdagi asosiy muammolarga aksariyat hollarda birdek yondashgan. Biz xalqaro sahnalarda bir-birimizning tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz va ishonamanki, bundan keyin ham shunday davom etadi.

Bizning mamlakatlarimizni xalqaro va regional xavfsizlik masalalari jiddiy tashvishga soladi. Shu o‘rinda mintaqada tinchlik va barqarorlik o‘rnatishda ulkan yaratuvchanlik ishlarini amalga oshirayotgan Qozog‘iston rolini biz yuqori baholaymiz. Shu o‘rinda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning tuzilishida hamda boshqa yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda Qozog‘iston tashabbuskor bo‘lganini qayd etishning o‘zi yetarli.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev birinchi rasmiy safarini nega Rossiyadan emas, Turkmanistondan boshlayapti?
Dunyodagi tinchlik va barqarorlikka mavjud transmilliy tahdid haqida gapiradigan bo‘lsak, bunga javob chorasi xolis va xalqaro miqyosda bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, ShHTning iyun oyida Ostonada o‘tkaziladigan sammiti transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalasida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Xavfsizlik masalalarida O‘zbekiston va Qozog‘iston hamisha ShHTda, boshqa forumlar va tashkilotlarda real harakatlar amalga oshirilishi tarafdori bo‘lib kelgan. Biz hamisha xavfsizlik sohasidagi muammolar iqtisodiy rivojlanish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligini yaxshi tushunganmiz.

Shu tufayli, terrorizm va radikallashuvga qarshi kurash faqat xavfsizlik choralarinigina emas, balki barqaror iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik va odamlarning ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi zarur.

Bu xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish yo‘lidagi ilk qadam bo‘ladi. Qachonki biz mamlakatimizning hududiy siyosati haqida gapirar ekanmiz, hamisha O‘zbekiston bilan umumiy chegaralarga ega Afg‘onistonni hisobga olamiz. Biz barchamiz tushunamizki, Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo oldida muayan vazifalarni qo‘yadi.

Qobul shahri, Afg‘oniston - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: Afg‘oniston bilan munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash lozim
Shuning uchun O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham Afg‘oniston muammosi tezroq hal qilinishidan manfaatdor hisoblanadi. Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun avvalo barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash zarur. Biz esa bu jarayonda ishtirok etishimiz kerak. Albatta, bu o‘rinda Afg‘onistondagi qo‘shma infratuzilmaviy loyihalar muhim rolni bajaradi. Xususan, Transafg‘on transport yo‘lagi mintaqa mamlakatlarini Janubiy Osiyo, Fors bo‘g‘ozi va Yaqin Sharqdagi portlarga olib chiqishi mumkin. Menimcha, Afg‘onistonda energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mamlakatda tinchlikka erishish jarayonida muhim omilga aylanadi.

Intervyu yakunida O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklagan va qozog‘istonliklarga farovonlik tilagan.

Yangiliklar lentasi
0