TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Yaqin kunlarda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi birinchi xorijiy safari boshlanadi. Yana shunisi ham e’tiborli va hatto ramziy ma’noga ega-ki, Mirziyoyevu o‘tgan oyda yangi saylangan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning birinchi oliy martabali mehmoni bo‘ladi.
Nashr shuningdek, turkman va o‘zbek xalqi asrlar davomida ma’naviy qadriyatlar, til din, tarix, urf-odat va an’analar mushtarakligiga asoslangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari o‘zaro bog‘lab kelgani haqida eslatib o‘tgan.
"Mustaqillik yillari davomida yo‘lga qo‘yilgan samimiy munosabatlar o‘zbek xalqi uchun og‘ir bo‘lgan kunlarda — Birinchi Prezident Islom Karimov bevaqt vafot etgan damlarda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Milliy yo‘lboshchimiz bilan vidolashuv marosimida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov faol ishtirok etdi. O‘shanda do‘st mamlakat rahbari ikki davlat o‘rtasidagi izchil hamkorlikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi, dono siyosatchini Turkmaniston xalqi chuqur hurmat qilishini bayon etgan edi", — deyilgan nashrda.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekiston hukumati a’zolari bilan bo‘lgan yana bir uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarning o‘suvchan ekanligidan dalolat beradi. Gurbanguli Berdimuhamedov o‘tgan yilning 26 – 27-noyabri kunlari Ashxobodda bo‘lib o‘tgan BMTning Barqaror Transport bo‘yicha birinchi Global konferensiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi. Samimiy suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning, shu jumladan, transport-kommunikatsiya sohasidagi o‘zaro aloqalarning istiqbollari muhokama etildi.
Shu o‘rinda yana bir jihatni qayd etish joiz: mamlakatlar ko‘p tomonlama muzokaralar doirasida ham bir-biri uchun ishonchli tayanchdir. O‘zbekiston Turkmaniston rahbarining Xalqaro neytralitet kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani bu fikrning yaqqol tasdig‘i hisoblanadi. Buning natijasida joriy yil 2-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida 12-dekabrni Xalqaro neytralitet kuni, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya O‘zbekiston hammuallifligida qabul qilindi.
1996-yil 16-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi Shartnomada ko‘zda tutilganidek, bir-birini qo‘llab-quvvatlash o‘zaro munosabatlardagi asosiy jihatlardan biri hisoblanadi. Mazkur Shartnomani bugungi kunga qadar imzolangan qariyb 190 ta ikki tomonlama bitimlardan iborat salmoqli hujjatlar to‘plamining "toji" deyish mumkin.
O‘z-o‘zidan ayonki, yuqorida qayd etilgan shartnomalarning aksariyat qismi Toshkent ham, Ashxobod ham ustuvor darajada e’tibor qaratadigan savdo-iqtisodiy hamkorlikka aloqadordir.
Bu yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lami va unga beriladigan ahamiyat ko‘lami katta ekanligini tasdiqlash uchun birgina misolni keltirishning o‘zi kifoya: so‘nggi olti oy mobaynida O‘zbekiston — Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining ikkita majlisi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi majlis yakunlari bo‘yicha tomonlar boshqa yo‘nalishlarda ham bo‘lgani kabi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, suv-xo‘jalik obyektlaridan birgalikda foydalanish, qishloq xo‘jalik texnikasi va neft mahsulotlari yetkazib berish, o‘zaro milliy ko‘rgazmalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
O‘sha yilning 7-11-noyabri kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan "Turkmaniston madaniyati kunlari" tadbiri doirasida O‘zbekiston ahli qardosh turkman xalqining boy an’ana va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdi. Toshkent va Buxoro shaharlarida do‘st mamlakat xonandalari va san’at ustalari ishtirokida ko‘rgazmalar, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, konsertlar va film namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil 4-5-fevral kunlari O‘zbekistonning Buxoro va Xorazm viloyati delegatsiyalari Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlariga tashriflari ham uchrashuv hamda nomi tilga olingan mintaqalar ma’muriyatlari rahbarlari, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarining vakillari ishtirokidagi muzokaralarga boy bo‘ldi. Tashrif qatnashchilari qardosh mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda hurmatga asoslangan bunday munosabatlarning yuqori darajasidan alohida qoniqish bildirdilar.
Ikki mamlakatda istiqomat qiladigan o‘zbek va turkman etnik guruhlarining vakillari ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishida salmoqli o‘rin tutadi. Ma’lumki, O‘zbekistonda yashaydigan millat va elatlarning har tomonlama rivojlanishiga O‘zbekistonda alohida e’tibor qaratiladi. Shuni qayd etish joizki, bugungi kunda respublikaning turli viloyatlarida qariyb 189 ming nafar turkman qardoshlar istiqomat qiladi. Bu millat farzandlari turkman tili o‘qitiladigan 47 ta maktabda tahsil olishmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarning ana shunday do‘stona va yaqin qardoshlik mohiyatiga ega ekanligi, qolaversa, bo‘lajak tashrif kun tartibining uchrashuv va muzokaralarga juda boyligi ham Mirziyoyevning oldinda turgan davlat tashrifi ikki xalq tarixida tom ma’nodagi unutilmas voqea bo‘lib qolishidan darak beradi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida allaqachon yo‘lga qo‘yilgan ishonchli va konstruktiv muloqot tufayli endi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatdan yangi, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilishi uchun keng imkoniyatlarning eshiklari ochilmoqda, deb yozgan nashr.