TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Afg‘oniston ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha yangi shartnomalarni imzolashni rejalashtirmoqda, deb ta’kidladi seshanba kuni O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga uyushtirgan tashrifi davomida.
"O‘zbekiston tashqi ishlar mahkamasi vakillari tez orada Afg‘onistonga safar uyushtiradi, degan umiddamiz. Bu safar davomida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yirik bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Biz mehnatkash Afg‘oniston xalqi bilan munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashimiz, tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilmog‘imiz lozim", — deya ta’kidlagan Mirziyoyev o‘z chiqishida. Mirziyoyevning chiqishi "O‘zbekiston" telekanali orqali translyatsiya qilingan.
Shundan so‘ng, ilgari xabar qilinganidek, Prezident vazifasini bajaruvchi "Termiz kargo sentr" bojxona terminalida bo‘ldi hamda ushbu logistik markaz Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Safar davomida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida joylashgan chegara postlaridan birini ham ko‘zdan kechirdi va bu tashrif davomida chegarani mustahkamlash choralari borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.