Narimon Umarov: Rossiya O‘zbekistonning muhim savdo ittifoqchisi bo‘lib qoladi

© Foto : Press-slujba partii "Adolat"Narimon Umarov
Narimon Umarov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Sputnik O‘zbekistonga bergan intervyusida mamlakat iqtisodiyotida yangi texnologiyalarning tutgan o‘rni, Orol dengizini qutqarish, Moskva va Toshkent munosabatlari hamda terrorizmga qarshi kurash haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

— Sizning fan olamidan katta siyosatga kirib kelishingizga nima turtki bo‘lgan?

— Sotsial-demokratiya g‘oyalari men uchun jozibali bo‘lib, menga ma’qul keladi. Ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan paytimdayoq adolat va qonun ustuvorligi men uchun hayotdagi asosiy tamoyil hisoblanardi. Bejizga buyuk davlat arbobi Amir Temur davlatni boshqarishda "Kuch adolatdadir" tamoyiliga suyanmagan. Bizning xalqimiz azaldan adolat va haqiqatga, odil jamiyat qurishga intilib kelgan. Zero, adolat ustuvor bo‘lgan mamlakat gullab-yashnaydi, fuqarolar esa xushfe’l va bag‘rikeng insonlarga aylanadilar. Ishonchim komilki, faqatgina adolat mavjud joyda rivojlanish, yuqori marralarga erishish mumkin.

Adolat partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov - Sputnik O‘zbekiston
Narimon Umarov - o‘z faoliyatini muhandislikdan boshlagan nomzod

1995 yilda "Adolat"  SDP tuzilayotganda partiya dasturida aynan mana shu tamoyillar asos qilib olingan. O‘sha davrda men partiyaning turli tadbirlarida ishtirok etardim. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va "Ekosan" jamg‘armasida faoliyat ko‘rsatishim mobaynida esa o‘zaro aloqamiz muntazam tusga kirdi. Ekologiya va atrof-muhit masalalari partiyaning saylovoldi dasturidan munosib o‘rin egalladi.

Partiyaning ikkita Dasturini tayyorlash jarayonida boshqa ekspertlar bilan birgalikda men ham ishtirok etdim va o‘shanda atrof-muhitni nazorat qilishning iqtisodiy mexanizmini amalga oshirish masalasi ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi hamda unda "Ifloslantiruvchi to‘lashi va ko‘p to‘lashi lozim " degan g‘oya o‘z aksini topdi. Shuningdek, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va energiyani tejash, energiyaning muqobil manbalari borasida qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati bo‘yicha partiyaning boshqa ekspertlari bilan hamkorlikda tahliliy ishlar olib borildi. Mazkur munosabatlar keyinchalik doimiy asosga aylandi.

— Siz davlat rahbarligiga asosiy da’vogar sifatida Islom Karimov qatnashgan o‘tgan yilgi Prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etgandingiz. Bu safargi saylovlarda o‘z imkoniyatingizni qanday baholaysiz va asosan nimaga tayanmoqchisiz?

— O‘tgan safargi saylovlardagi ishtirok partiyamiz jamoasi uchun muhim tajriba to‘plash imkoniyatini berdi, biz boy berilgan imkoniyatlar va kamchiliklarni tahlil qilib chiqdik. Bu biz uchun ulkan maktab vazifasini o‘tadi. O‘tgan davr mobaynida partiya munosib kadrlar bilan mustahkamlandi, hozirda ularga suyanish mumkin. Ekspertlar aholi uchun qiziqarli deb hisoblayotgan yangi dasturimiz bilan bu yilgi saylovlarda ishtirok etar ekanmiz, saylovchilarning aksariyat qismi ijobiy baholashiga umid qilaman.

Milliy qonunchiligimizga muvofiq saylovoldi kampaniyasini o‘tkazishda barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun saylovchilarni bizga ovoz berishlarini ta’minlash faqat bizning o‘zimizgagina bog‘liq. Albatta, biz manfaatlarini himoya qilayotgan saylovchilarga tayanamiz.

— Siz ixtisosligingiz bo‘yicha gidrogeolog va injener-geologsiz. Turli yillarda melioratsiya muammolari, Orol dengizi qurishining ekologik oqibatlari hamda qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish tizimining samaradorligini oshirish masalalari bilan shug‘ullangansiz. Sizningcha Orol dengizi muammosini bugungi kunda qanday hal etish mumkin?

— Faoliyatim davomida Orol dengizi muammosi bilan tez-tez shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelgan, chunki bu ekologik halokat aholisi 60 million nafardan ortiq butun bir mintaqaning manfaatlari bilan bog‘liq. Gidrogeolog sifatida men aholini, birinchi navbatda Orolbo‘yi hududini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan manba sifatida yerosti suvlarini izlab topish va ekolog sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shug‘ullanganman. Xalqaro loyihalar va BMT shafe’ligi ostidagi dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etganman.

Orol dengizining qurib qolgan tubi - Sputnik O‘zbekiston
Orol tubi bo‘ylab 140 km: xalqaro ekspeditsiyaning avtomobil sayohati

Ma’lumki, bu muammoni birgina davlat tomonidan hal qilishning imkoni yo‘q va shuning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy rahbarlari tomonidan birgalikda hamkorlik qilish zaruriyati e’tirof etilgan holda Orolni qutqarish xalqaro fondi (OQXF) tashkil etilgan. OQXF doirasida ikkita besh yillik dastur amalga oshirildi, ayni paytda esa ishlab chiqish jarayonida men O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari sifatida ishtirok etgan uchinchi dastur amalga oshirilmoqda. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi OQXF raisi hisoblanadi. Dasturda asosiy muammolar va ularni birinchi navbatda mintaqa aholisi uchun qulay ekologik-sanitar sharoitlar yaratish va atrof-muhit uchun ekologik halokat oqibatlarini yumshatish orqali hal qilish yo‘llari belgilangan. 

Mintaqaning barcha mamlakatlari sa’y-harakati bilangina natijaga erishish mumkin deb hisoblayman, qabul qilingan dasturdagi choralarni amalga oshirish esa shubhasiz o‘zining ijobiy natijasini beradi. Belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun esa ko‘proq xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va mutaxassis-ekspertlarni jalb etish lozim.

— Suv resurslari muammosi Orol bilan birga qo‘shni davlatlar bilan suv resurslarini taqsimlash va ulardan foydalanish borasidagi keskin munosabatlarda ham ifodalanadi. O‘zbekiston turli xalqaro minbarlarda, jumladan BMTda mintaqada suv manbalaridan teng huquqli va adolatli asoslarda foydalanish borasida ko‘p bor chiqish qilgan. Tojikiston tomonidan Rog‘un GESi va Qirg‘iziston tomonidan Qambarota GESi qurilishi asnosida mazkur gidrologik muammoni sizningcha qanday hal etish mumkin?

— Suv resurslari bo‘yicha mutaxassis sifatida men O‘zbekistonning mazkur muammoga nisbatan rasmiy pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Faoliyatim taqozosi bilan bu muammoga bag‘ishlangan xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda chiqishlar qilishimga to‘g‘ri kelgan. Mintaqada suv resurslari cheklangan va bu aksiomani isbotlashga hojat yo‘q. O‘zbekiston suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha ikkita Xalqaro  Konvensiya a’zosi hisoblanadi va bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iydir. Bu mavjud suv resurslaridan mintaqadagi boshqa mamlakatlarga zarar yetkazmagan holda foydalanishdir.

Rog‘un GESi qurilishi. - Sputnik O‘zbekiston
Tojikistonlik olimlar Rog‘un to‘g‘onining xavfsizligini muhokama qilishmoqchi

Siz yuqorida aytib o‘tgan yirik loyihalar albatta bugungi vaziyatga ta’sir ko‘rsatadi. Bu yerda majmuaviy va oqilona yondashuv hamda mazkur loyihalarning muvofiq ekspertizasi lozim. O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha keng miqyosdagi choralar amalga oshirilmoqda, qishloq xo‘jalik maydonlarini sug‘orishda suvni tejovchi texnologiyalar faol joriy etilmoqda, suvni kam talab qiladigan ekinlarni yetishtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish muammosi mamlakatlarimizning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar ham "Adolat" SDPning dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilangan va biz ularni hal qilish borasida faol harakat olib boramiz. 

— Sizning partiyangiz energiyaning muqobil manbalarini rivojlantirish, mazkur sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish dasturini olg‘a surmoqda. Xususan, so‘nggi paytda respublikada quyosh batareyalaridan foydalanish oshdi, shuningdek, atrof-muhitning ifloslanish darajasini kamaytirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan an’anaviy yoqilg‘i turlarini ishlab chiqaruvchi texnologiyalar takomillashmoqda. Bunday yuqori texnologik loyihalarning tannarxi balandligi hamda xarajatlarni qoplash uzoq vaqt talab qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, mazkur sohani qanday tarzda rivojlantirishni rejalashtirgansiz?

— Siyosiy raqiblarimizdan farqli ravishda biz O‘zbekistonning kelajagi innovatsion iqtisodiyotda deb hisoblaymiz. Yangi iqtisodiyot va modernizatsiyaga asoslangan yangi texnologiyalar inson va ijtimoiy sohaga investitsiya kiritish vazifasini olg‘a suradi.

Xalqaro tajribalarni umumlashtirgan holda tahlil qilib chiqqan mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat jadal iqtisodiy rivojlanishning mustahkamligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Zero faqat innovatsion faoliyatgina ishlab chiqarishning muntazam ravishda texnik va texnologik yangilanishi, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan korxonalar tashkil etish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar  ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahsulot va xizmatlarni jahon bozoriga olib chiqishning muhim omili hisoblanadi.

IES Manometrlari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda binolar energiya samardorligi oshiriladi

Biz iqtisodiyotga energiyani tejovchi yangi texnologiyalarni keng joriy etish tarafdori sifatida mazkur yo‘nalishdagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. O‘tgan davr davomida to‘plangan tajribamizdan foydalangan holda energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni yaratish, aholi o‘rtasida energetika resurslaridan tejab foydalanish borasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishda davom etamiz.

Shu bilan birga uy-ro‘zg‘or va kommunal yo‘nalishlarida sohalarida quyosh energiyasi va boshqa muqobil manbalardan keng foydalanish bizning diqqat markazimizda bo‘ladi. Biz shu maqsadda muqobil manbalar, jumladan quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, zarur o‘lchov va meyorlarni tasdiqlash, muqobil energetikani joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilishni taklif etamiz.

Ha, siz haqsiz, qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarning narxi arzon emas. Biroq biz kelajak muqobil energetikada deb hisoblaymiz. Yildan-yilga bunday texnologiyalarning narxi arzonlashishi kuzatilmoqda, bu esa bizga kelajakda mazkur sohaning keng rivojlanishiga umid beradi. Ikkinchidan, keyingi 15-20 yil ichida jahonning barcha rivojlangan davlatlarida energetika va ekologiyaning global muammolarini hal qilishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga muhim o‘rin ajratilmoqda. Qulay tabiiy sharoitga ega bo‘lgan respublikamiz uchun muqobil energiya manbalaridan foydalanish an’anaviy resurslarni tejash va aholining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash nuqtayi nazaridan ham dolzarbdir. 

Kelgusida biz qishloq joylarida qurilayotgan namunali uy-joylar va ijtimoiy obyektlarda (bolalar bog‘chalari, kollejlar, litseylar, qishloq vrachlik punktlari, poliklinikalar, tug‘ruqxonalar) muqobil energiya manbalari o‘rnatilishi va mazkur yo‘nalishda huquqiy asosni mustahkamlash masalasini ko‘tarib chiqamiz. 

—"Adolat" partiyasi dasturida ko‘rsatilgan ustuvor vazifalar orasidan huquqni muhofaza qilish organlari samaradorligini oshirish, kuch va sud tizimlari faoliyatini nazorat qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurash ham o‘rin olgan. Yaqindagina "Ichki ishlar organlari haqida"gi qonun qabul qilindi, shuningdek, parlament nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash haqidagi konunlar muhokama qilinmoqda, sudlar faoliyati haqidagi qonunga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur chora-tadbirlar yetarlicha samara beradi deb hisoblaysizmi yoki fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qo‘shimcha qonunlar qabul qilinishi kerakmi?

— Ma’lumotingiz uchun, "Korrupsiyaga qarshi kurash haqida"gi qonun hozircha qabul qilinmadi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinmoqda.
Biz kuchli sud-huquq tizimisiz oliy qadriyat hisoblangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilib bo‘lmaydi deb hisoblaymiz. O‘tgan yillar davomida sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, sudlarning hokimiyatning mustaqil bo‘g‘ini sifatidagi mustaqilligini mustahkamlash, qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash borasida samarali ishlar olib borildi.

Mazkur sohada amalga oshirilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda biz ishonchli va odil sudlov tizimini shakllantirish uchun bu choralar yetarli emas deb hisoblaymiz. Shu sababli biz sudlarning mustaqilligi va nufuzini mustahkamlash, sud jarayoni va sudlov qonunchiligida adolat va o‘zaro raqobatga yo‘naltirilgan, sud-huquq tizimini bundan buyon ham isloh qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish va qo‘llab quvvatlashda davom etamiz.

Adolat va qonun ramzi - Sputnik O‘zbekiston
Koreya jurnali O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari haqida maqola chop etdi

Biz "Xabeas korpus" instituti qabul qilinishini yanada kengaytirish, aybiga iqror bo‘lish va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish tarafdorimiz. Biz sudning har qanday fuqaro uchun xolisligi, odilligini ta’minlash, sudlov himoyasi sohasini kengaytirish sud-huquq sohasini demokratlashtirishning muhim yo‘nalishlari deb hisoblaymiz. Biz sud tizimining bundan buyon ham institutsional rivojlanishiga, uning tashkiliy-kadrlar va protsessual mustahkamlanishi, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan choralarni amalga oshirishni taklif etamiz.

Shuningdek, sud faoliyatining ochiqligi va xolisligi, sud jarayonida tomonlarning tengligini ta’minlash, sudyalarning mas’uliyatini oshirish, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, sudlar faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni olishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratamiz.

— Partiya dasturida ko‘rsatib o‘tilgan ijtimoiy vazifalar orasida uy-joylar qurilishi, jumladan budjet sohasi xodimlari uchun uy-joylar qurilishi masalasi ham bor. Mazkur dasturni qanday manbalar evaziga amalga oshirish rejalashtirilgan va uni tatbiq etishning mexanizmi ishlab chiqilganmi?

— Ha, partiya dasturida ijtimoiy vazifalar orasida uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilgan. Bunda budjetdan tashqari manbalar hisobiga budjet sohasi xodimlari uchun uy-joylar qurishni kengaytirish va budjet sohasi xodimlariga uy-joylarga ega bo‘lishda manzilli subsidiyalar ajratishga urg‘u berilgan. 2005-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan shahar va qishloq joylarda uy-joylar qurilishini rivojlantirish uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi joriy etilgan. Mazkur dasturni amalga oshirish hisobiga keyingi 5-yil davomida O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq zamonaviy va namunaviy uy-joylar qurildi.

Biz mazkur qurilishlarning kelgusida ham rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda uy sotib olish va qurish uchun ipoteka krediti berish jarayonini takomillashtirish, foiz stavkalarini nafaqat yosh oilalar, harbiy xizmatchilar uchun, balki budjet sohasi xodimlari uchun ham maqbullashtirishni taklif etamiz.

— Sizningcha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni qaysi sohalarda kuchaytirish darkor?

— Avvalo, tashqi siyosat sohasida O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida yanada integratsiyalashuvi, mamlakatimizning 2012-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat Konsepsiyasi asosida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bizning asosiy vazifamiz ekanligini ta’kidlash joiz. 

Biz bundan buyon ham mamlakatimiz nufuzini jahon maydonida oshirishda davom etamiz, turli harbiy blok va koalitsiyalarga kirishga yo‘l qo‘ymaymiz, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar, jumladan Rossiya Federatsiyasi bilan ham siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalarini mustahkamlab boramiz. 

Biz MDH davlatlari bilan bir qatorda Rossiya bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb hisoblaymiz. Biz bundan buyon ham ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-intellektual aloqalar izchil rivojlanishi tarafdorimiz. Bugungi kunda Rossiya mamlakatimizning eng yirik savdo hamkoridir va biz u bundan keyin ham asosiy savdo-iqtisodiy ittifoqchimiz bo‘lib qolishi tarafdorimiz.
— Sizningcha, xozirda xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash masalasini nimaning hisobiga hal etish mumkin? Migratsiya muammosini hal qilish uchun alohida dasturga egamisiz?

Migrantlar - Sputnik O‘zbekiston
"Yaxshilik qil, yurtingni yashnat" yoxud o‘zbek migrantlari Vatanga qaytishga tayyormi?

— Aholi bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan har yili Hukumat tomonidan kiritiladigan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Davlat dasturi ko‘rib chiqiladi va qabul qilinadi. Va yil davomida dastur ijrosi yuzasidan parlament nazorati amalga oshiriladi. Ayni shu kunlarda barcha fraksiyalar va palata qo‘mitalarida 2017-yil uchun Davlat dasturi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, unga ko‘ra kelasi yili hozirda xorijda ishlayotgan shaxslar uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit ajratish, alohida ixtisoslik talab etmaydigan ishlarga jalb etish, shuningdek, yer uchastkalari ajratish orqali 150 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Lekin bizningcha, bu ish o‘rinlari yetarli emas. Umuman olganda, muammoni bosqichma-bosqich, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashni boshlash bilan hal etish lozim.

Partiyamizning saylovoldi dasturida fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularni kasbga o‘qitish va qayta yo‘naltirishga oid qonunlarni ishlab chiqish borasidagi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. 

Ya’ni biz normativ hujjatlar qabul qilinishi bilan bir qatorda ishga joylashish muammosini mehnat bozori bilan kasb-hunar ta’limi o‘rtasidagi aloqani musthakamlash orqali hal etish tarafdorimiz. Shuning uchun biz o‘rta-maxsus kasb hunar ta’limidagi ixtisoslik yo‘nalishlarini kadrlarga bo‘lgan istiqboldagi talablarga muvofiq holda bosqichma-bosqich ko‘rib chiqish orqali sifatli ta’limni joriy etish bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqishni taklif etamiz.

Xususan, gumanitar ta’lim yo‘nalishlarini sobitlik bilan qisqartirish va xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, uy-joy-kommunal xo‘jaligi sohalarida mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish zarur. 
— "Islom davlati", xalqaro terrorizm hamda Afg‘onistondagi keskin vaziyat sababli jiddiy tashqi tahdidlarni hisobga olgan holda mintaqada xavfsizlikni ta’minlash masalasi sizningcha qanday hal etilishi lozim?

— O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash masalasida o‘z qat’iy pozitsiyasini egallab kelmoqda, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda. O‘zbekiston terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni jahon miqyosida kuchaytirish zarurligini ko‘p bora ta’kidlagan. Mamlakatimiz BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash doirasida qabul qilingan barcha 14 xalqaro konvensiya va protokolni ratifikatsiya qilgan. Bunda, O‘zbekiston nafaqat ularning asosiy moddalarini milliy qonunchilikka joriy etgan holda mazkur hujjatlarga qo‘shildi, balki ularni amalga oshirish bo‘yicha davlat va jamoat tuzilmalarini ham tashkil etdi.

Milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik kodeksi, "Terrorizmga qarshi kurash", "Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan tashkil topgan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ishonchli qonunchilik bazasi shakllangan.  2000-yilda qabul qilingan va keyinchalik takomillashtirilgan "Terrorizmga qarshi kurash haqida"gi qonun terrorchilikka qarshi choralar ko‘ruvchi davlat organlari doirasini hamda ularning mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha vakolatlarini belgilab berdi.

Islom davlati terrorchilik uyushmasi bayrog‘i - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda terrorchilar ro‘yxati tuziladi

Kelgusida, birinchidan, o‘sib kelayotgan avlodni tinchliksevarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalag orqali terrorizmga qarshi profilaktika bo‘yicha choralarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Albatta, bu borada fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish instituti bo‘lgan mahalla muhim ahamiyatga ega va biz ularning yoshlar ongidan ekstremizm g‘oyalarini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini rag‘batlantirib boramiz.

Ikkinchidan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirishdagi hamkorlik tamoyillariga sodiq qolgan holda biz barcha manfaatdor davlatlar bilan uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatishga intilamiz, zero terrorizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlari borgan sari ko‘plab mamlakatlar xavfsizligiga tahdid solmoqda, ulkan siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.

— Saylovoldi targ‘ibotini qanday amalga oshirmoqchisiz: saylovchilar bilan uchrashuvlarni qanday shaklda o‘tkazasiz, ularga o‘z g‘oya va takliflaringizni qay usulda yetkazasiz, raqiblaringiz bilan suhbat va munozaralarni qanday tarzda olib borasiz?

— Saylovoldi kampaniyasida partiyaning ijroiya apparati, barcha darajalardagi deputatlar va tarafdorlarimiz faol ish olib borishadi. Aytib o‘tganimdek, milliy qonunchilik va MSK qaroriga asosan saylovoldi kampaniyasida barcha nomzodlarga  teng sharoitlar yaratilgan.

Biz hozirda aholi o‘rtasida barcha turdagi, jumladan zamonaviy ko‘rinishdagi targ‘ibot usullari aks etgan faoliyat dasturini tayyorlaganmiz. Ishonchli vakillarimiz tasdiqlangan, ularning sa’y-harakatlari asosida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish jadvali ishlab chiqilgan. Bunda, birinchi navbatda biz joylardagi mahalliy partiya tashkilotlarimizga tayanamiz. Nomzod va uning ishonchli vakili bilan saylovchilar o‘rtasidagi uchrashuvda imkon boricha aholining aksariyat qatlami qamrab olinadi. Partiya g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun markaziy, mahalliy va tijorat televideniyelari, shuningdek, radio va internet tarmog‘i, boshqa ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalaniladi.

So‘zim oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga bo‘lgan e’tiboringiz uchun tashakkur bildiraman.

Yangiliklar lentasi
0