TOSHKENT, 19 okt — Sputnik. Oʻzbekistonda soʻnggi ikki yil ichida Rossiya va MDH davlatlaridagi mehnat migrantlarini ortga qaytarish uchun katta tashviqot kampaniyasi boshlab yuborilgan.
Sputnik muxbirlari yaqinda Moskvadan qaytib kelgan mehnat migranti, Alisher ismli quruvchi bilan suhbatlashdilar. Alisher vatan "kuyunchakligini" oʻzida his qilganlardan biridir.
"Menimcha, gapni asosiy narsadan — maosh masalasidan boshlagan maʼqul. Oʻrtadagi farq juda katta. Agar mana shu narsani asos qilib oladigan boʻlsak, hammasi oydinlashadi. Davlatimiz bizga qanday vaʼdalarni bermasin, migrantlar oʻz xohishi bilan ortga qaytmaydi. Moskvaga u yerda hayot yaxshiligidan emas, balki bu yerda, oʻz vatanimizda kerakli mablagʻni ishlab topish imkoniyati yoʻqligidan boramiz", — deb hikoya qiladi suhbatdosh.
Shaxsiy tajriba
Rossiyada iqtisodiy vaziyat tang holatga kelgach, Alisher oʻtgan yilda uyiga qaytgan va oʻsha vaqtdan buyon ishsiz. Respublikadagi bandlikni taʼminlash markazlariga nega murojaat etmadingiz degan savolga, Alisher achchiq kulimsiradi.
Ammo bu koʻnikmalarimiz birorta hujjat yoxud diplom bilan tasdiqlanmagan, oʻzbek quruvchilarining aksariyati — oʻz zehni bilan ish oʻrgangan odamlardir. Shu bois, yaxshi haq toʻlanadigan ish toʻgʻrisida orzu qilmasak ham boʻladi. Yaratilayotgan ish oʻrinlari esa — bu juda ogʻir va kam haq toʻlanadigan ishlardir, shu bois xususiy ishchi boʻlib ishlagan maʼqulroq — kimdir qurilishga, kimdir taʼmirlashga chaqiradi…", — deydi Alisher.
Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, xususiy qurilish sektorida ham soʻnggi vaqtlarda vaziyat keskin oʻzgargan. Oʻzbeklar ommaviy ravishda Rossiyaga ishlashga ketgan davrlarda, respublika ichida taʼmirlash va qurilish ishlari uchun yaxshigina haq olish mumkin edi. Sababi, kuchli raqobat mavjud emasdi.
Hozirda esa, chetdan qaytib kelgan migrantlar "nimadir ishlab olish" uchun bozorda oʻrnatilgan narxdan ham pastrogʻini aytishga majbur. Ayniqsa, chet viloyatlarda ishlar kamayib ketgan, qolaversa, quruvchilik hozir "suv tekin" sohalarning biriga aylangan.
Buning sababini vatanga qaytgan migrantlar soni ortib borayotgani hamda respublika fuqarolarida pul kamaygani (axir aksariyat odamlar Rossiyadan yuboriladigan pul evaziga hayot kechirardi) bilan izohlash mumkin.
"Ochigʻini aytish kerak, Rossiyadagi migrantlar hayotini zoʻr, deb boʻlmaydi, ularga qiyin, lekin u yerda ishlar ekanmiz, bu zahmatlarga nima uchun dosh berayotganimizni bilamiz, tushunamiz. Mening shaharchamda, Surxondaryo viloyatida ish deyarli yoʻq, aholining aksariyat qismi savdo-sotiq bilan shugʻullanadi. Shu bois bitta yoʻl bor oldimizda — u ham boʻlsa, poytaxtga borib ishlash. Ammo bu yerda ham oʻziga yarasha muammolar yetarlicha, birinchidan, raqobat juda kuchli, chunki hamma Toshkentga intiladi. Ikkinchidan militsiya tinchlik bermaydi, agar qoʻlga tushgudek boʻlsangiz "kelishishga" toʻgʻri keladi, boshqa iloj yoʻq", — deb hikoya qiladi suhbatdosh.
Yana xorijgami?
Alisherning tan olishicha, u oʻz vatani — Oʻzbekistonni juda yaxshi koʻradi. U bajonidil Oʻzbekistonda ishlagan boʻlardi ham, ammo bu yerda oʻgʻillarining toʻylariga pul toʻplashi amrimahol. Shu bois, erta bahorda yana Rossiyaga ketishni rejalashtiryapti.
"Hozir u yerda vaziyat asta-sekin yaxshilanyapti, qolaversa, migratsiya qonunchiligi ham oʻsha vaqtga kelib izga tushib ketar, ehtimol. Men bilan birga ishlaydiganlarning hammasi xuddi shunday fikrda, axir ular ham shunga majbur boʻlgani uchun qaytgan", — deya oʻz hikoyasiga yakun yasaydi Alisher.
2015 yilning oxirida Oliy Majlis senati 2016-yilga aholi bandligini taʼminlash boʻyicha dasturni tasdiqladi. Bu yil 1 millionga yaqin ish oʻrinlarini yaratish rejalashtirilmoqda, ularning 148 minggi xorijdan, shu jumladan, Rossiyadan qaytib keladigan migrantlar uchun ajratiladi.