Hotamjon Ketmonov: YeOII hozircha jozibador tashkilot emas

© press-slujba NDPUO‘zbekiston XDPdan Prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonov
O‘zbekiston XDPdan Prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda 4-dekabr kuni mamlakatdagi to‘rtta siyosiy partiyalar ko‘rsatgan nomzodlar ishtirokida Prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi

TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston mamlakat Prezidentligi uchun nomzodlar bilan suhbat uyushtirishda davom etadi. Bugungi suhbatdoshimiz O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Hotamjon Ketmonov.

– O‘zbekiston XDPni ko‘pincha Rossiya Federatsiyasining Kommunistik partiyasi bilan solishtirishadi. Bu solishtirish haqida nima deya olasiz, kommunistik qarashlar borasidagi fikringiz qanday? 

– Menimcha, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini Rossiya Federatsiyasining Kommunistik partiyasi bilan solishtiruvchilar uchun har ikki partiyaning siyosiy mafkuralarini solishtirib ko‘rish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

O‘zbekiston XDP siyosiy mafkurasining asosiy qadriyatlari bu ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiyadir.

Prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonov - Sputnik O‘zbekiston
Tanishing: O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov

Ijtimoiy, xalq demokratiyasi haqida gapirar ekanmiz, biz bu yerda vakolatli demokratiya institutlari va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari orqali barcha uchun, jumladan ehtiyojmand aholi qatlamlari uchun ham ularning manfaatlari va hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa masalalarni hal qilishga yo‘l ochib beradigan demokratiyani nazarda tutamiz.

Mazkur tamoyillarga amal qilar ekan, partiyamiz davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari; ijtimoiy yordam va ijtimoiy muhofaza bilan shug‘ullanayotgan budjet va boshqa tashkilotlar xodimlari, ijtimoiy sohaning boshqa vakillari; kasbiy malaka, doimiy ish joyi va maoshga ega bo‘lmagan, iqtisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi qatlamlari manfaatlarini bayon etish va himoya qilishni maqsad qilgan.

Partiya, shuningdek, bu insonlarning manfaati va hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq ijtimoiy vazifalarni hal qilishda barqaror ijtimoiy taraqqiyot va ishonchli ijtimoiy kafolatlar yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan boshqa kishilarning ham ko‘magiga tayanadi.

Bularning bari, shubhasiz, O‘zbekiston XDP mamlakat siyosiy kuchlarining so‘l qanotiga mansubligini bildiradi.

Umume’tirof etilgan tasnifga asosan, sotsial-demokratik, sotsialistik va kommunistik partiyalar ham so‘llar deb hisoblanadi. Biroq ularning aksariyati marksistik deb ataluvchi partiyalar sirasiga kiradi. RFKP ham ana shunday siyosiy partiyalar guruhiga kiradi.

Shu bilan birga bizning siyosiy mafkuramiz tamoyilida marksizmning nazariy qoidalari va kommunistik g‘oyalar aks etmaganligini ko‘rish qiyin emas. Shunday ekan, O‘zbekiston XDP va RFKPni solishtirish uchun hech bir asos yo‘q.

O‘zbekiston XDP siyosiy mafkurasi tamoyillariga asoslangan faoliyatim va siyosiy qarashlarimga ko‘ra menga kommunistik qarashlar yot.

– O‘zbekiston XDP boshqa mamlakatlarning qaysi partiyalari bilan munosabatlar o‘rnatgan: o‘zaro aloqalar, tajriba almashishlar mavjudmi?

– Biz xorijdagi ko‘plab sotsial-demokratik partiyalar, shuningdek, o‘z siyosiy ustuvorliklari bo‘yicha ularga yaqin turuvchi mehnat partiyalari tajribasini o‘rganamiz.

Bu partiyalarning aksariyatida bandlikni ta’minlash, jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, pensiya ta’minoti va ijtimoiy himoya kabi sohalarda dasturiy maqsadlarni belgilash borasida biz uchun qiziqarli yondashuvlar mavjud. Tegishli partiyalar mazkur yo‘nalishlarda faoliyat olib borish uchun yetarlicha tajriba to‘plagan.

Bunda, u yoki bu partiyaning tajribasini o‘rganar ekanmiz, ular tomonidan ilgari surilayotgan vazifalarning amalda bajarilishiga alohida e’tibor qaratamiz.

Ma’lumki, siyosat ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va aholining boshqa hayotiy sohalariga oid qonunlar, hukumat qarorlari va dasturlari asosida yuritiladi. Aynan siyosiy qarorlar qabul qilinishi jarayoniga ta’sir ko‘rsatish, qonunlar bajarilishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish, hukumat faoliyatiga turlicha demokratik shakllar orqali ta’sir o‘tkazish tajribasi bizning diqqat markazimizdadir. Shu nuqtayi nazardan, bizningcha, mazkur yo‘nalishda xorij parlamentchilari, bizga mafkurafiy jihatdan yaqin bo‘lgan partiyalarning vakillari bilan munosabatlar o‘rnatish ancha samarali yo‘l hisoblanadi, zero bizni qiziqtirayotgan u yoki bu muammoni hal qilishning aniq siyosiy-huquqiy mexanizmlari bizning muhokama mavzumiz bo‘ladi.

Yevroparlament deputatlari O‘zbekiston taraqqiyoti bilan tanishishdi

Albatta, bu muammolarni o‘rganar ekanmiz, O‘zbekiston sharoitida qo‘llash mumkin bo‘lgan tajribadan foydalanishga harakat qilamiz.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan faol parlamentlararo hamkorlik doirasida bizning partiyamiz fraksiyasi a’zolari ham ishtirok etishmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolarining  2015-2016 yillarda parlament delegatsiyalari tarkibida Yevroparlament, Belgiya, Niderlandiya,  Avstriya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Ozarbayjon, va boshqa davlatlarda bo‘lishlari foydali bo‘ldi. Aynan shu davr ichida parlamentimizga Fransiya, Italiya, Belgiya, Germaniya, Kanada, Polsha, Pokiston, Litva, Hindiston, Latviya, XXR, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Malayziya, Ozarbayjon, Indoneziya, Avstriya, Turkiya, Kuvayt, Bolgariya, Vyetnam mamlakatlari parlament delegatsiyalari tashrif buyurdi.

O‘zbekiston XDP hozircha axborot va partiya delegatsiyalari bilan tajriba almashish tizimi bo‘yicha munosabatlar o‘rnatmagan.

– Siz ilk bor 2015-yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida qatnashib, uchinchi o‘rinni egallagandingiz. Bu safargi saylov kampaniyasida asosiy urg‘uni nimalarga bermoqchisiz?

– Avvalo, har qanday siyosiy partiya uchun saylov kampaniyasida, jumladan, davlat rahbarligiga saylovlarda ishtirok etish saylovlar natijasidan qat’i nazar ijobiy ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tmoqchiman. 

O‘zbekiston XDP ham bundan mustasno emas. 2015-yil martida nomzod sifatida nafaqat men, balki butun partiyamiz saylov kampaniyasida faol qatnashdi. O‘tgan yilning martida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari partiya dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilish va tushuntirish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Saylovoldi kampaniyasi davrida partiyamiz aholi orasida yangi tarafdorlariga ega bo‘ldi, ularning aksariyati O‘zbekiston XDP a’zolariga aylanishdi.

2015 yili o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari davomida saylovchilar bilan uchrashuvlar partiyamiz o‘z dasturini yanada takomillashtirishi zarurligini ko‘rsatdi. Hozirgi saylov kampaniyasi uchun saylovoldi dasturimni tayyorlashda mazkur xulosa e’tiborga olindi. O‘tgan yilgi saylovda partiya tomonidan egallangan qimmatli siyosiy tajribadan 2016-yilgi saylov kampaniyasida O‘zbekiston XDPning yanada faol ishtirok etishida foydalaniladi. Biz g‘oyalarimiz saylovchilarga yetib borishi uchun aholi ko‘p kiradigan internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, nodavlat nashrlari va elektron OAVlardan keng foydalanishni rejalashtirmoqdamiz.

– Sizningcha, O‘zbekiston siyosiy tizimida qandaydir islohotlar o‘tkazish zarurmi yoki bugungi kunda ushbu tizim yetarlicha shakllanganmi?

– Mustaqillik yillari davomida keng miqyosdagi demokratik islohotlar amalga oshirildi. Hukumat bo‘linishining konstitutsion tamoyili asosida hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud bo‘g‘inlari orasidagi muvozanat muntazam takomillashib bormoqda. Zamonaviy vakolatli parlament demokratiyasi institutlari shakllandi va jadal rivojlanmoqda. Haqqoniy ko‘ppartiyaviylik ijtimoiy-siyosiy hayotning muhim sohalaridan biriga aylandi, hokimiyatning qonun chiqaruvchi vakolatli tizimida siyosiy partiyalarning roli va ta’siri oshib bormoqda.

Bularning bari O‘zbekiston siyosiy tizimi yetarlicha darajada muvozanatlashganligi va bu uning barqarorligini ta’minlashi haqida gapirish uchun asos bo‘ladi.

Bundestag - Sputnik O‘zbekiston
Germaniya hukumati vakili O‘zbekistondagi totuvlikni yuqori baholadi

Biroq bu barqarorlik rivojlanishda to‘xtab qolish kerakligini anglatmaydi. Aksincha, tajriba to‘plash va xalqning siyosiy madaniyati o‘sib borishi asnosida mamlakat siyosiy tizimi uzluksiz takomillashib boradi.

Partiyaning dasturiy hujjatlarida bu masala bo‘yicha qator takliflar mujassam. Xususan, O‘zbekiston XDP mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda katta qiziqishga sabab bo‘ladigan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlarini o‘tkazish hamda fuqarolarning ijtimoiy manfaatlariga daxldor boshqa masalalarga oid meyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi majburiyligini qonunan belgilashni taklif etmoqda. 

– Sizning saylovoldi dasturingiz O‘zbekiston XDP dasturi kabi asosan ijtimoiy jihatlarga yo‘naltirilgan. Sizga kimlar ovoz beradi deb o‘ylaysiz?

– Qayd etib o‘tganimdek, ular avvalo, davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlaridir.

Bu insonlarning manfaatlari va hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarni samarali hal etish orqali partiya saylov kampaniyalarida ham, o‘zining ijtimoiy-siyosiy faoliyatida ham barqaror ijtimoiy taraqqiyot va ishonchli ijtimoiy kafolatlar yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan boshqa kishilarning ham ko‘magiga tayanadi.

– O‘zbekiston XDP dasturida ijtimoiy masalalar va ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotga hamda kichik biznesni rivojlantirishga alohida o‘rin ajratilgan. Kichik va xususiy biznesning rivojiga to‘siq bo‘layotgan asosiy holatlar nimada va bu to‘siqlarni olib tashlash uchun nimalar qilish lozim?

– Biz kichik biznesni rivojlantirish haqida gapirganimizda uning yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashni nazarda tutmaganmiz – bunday dasturiy maqsadni O‘zLiDeP o‘z oldiga qo‘ygan.

Bizning partiyamiz kichik biznesni rivojlantirishni aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muqobil asosida ko‘radi, xorij tajribasi ko‘rsatmoqdaki, u juda samarali bo‘lishi mumkin.

Gap kam ta’minlangan oilalar a’zolariga ijtimoiy nafaqa to‘lash va moddiy yordam ko‘rsatish bilan birga muqobil asosda o‘z ishini ochish uchun ularga beg‘araz ssuda va grant berish haqida bormoqda.

Bunda bir nechta ijtimoiy ahamiyatga ega natijalarga erishish mumkin. Budjetdan moddiy yordam oluvchi inson o‘z yaqinlarini daromad bilan ta’minlaydigan ish beruvchiga aylanadi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, biznesi oyoqqa turgach, u soliq to‘lay boshlaydi va budjet g‘aznasiga pul tushiradi. Biznesi muvaffaqiyatli rivojlangan insonda (buning uchun mos ravishda konsultatsion qo‘llab-quvvatlash darkor) o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi va aksariyat ijtimoiy nafaqa oluvchilarga xos bo‘lgan boqimandalik kayfiyatidan butkul qutuladi.

– O‘zbekistonliklar hamda respublikaning tashqi iqtisodiy hamkorlarini tashvishlantiradigan asosiy savollardan biri milliy valyuta kursidir. Valyuta qora bozoriga qarshi kurash sohasida islohotlar o‘tkazish bo‘yicha loyihalaringiz mavjudmi?

– Milliy valyuta kursi ko‘plab omillarga bog‘liq. Bizning partiyamiz ichki bozorning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish uni mustahkamlashning asosiy omili deb hisoblaydi. Ya’ni ichki bozorni ta’minlash uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘z ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan ishlab chiqarishni rivojlantirish.

Shu sababli, valyutani muvofiqlashtirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasa-da, saylovoldi dasturimdan mehnatga layoqatli aholini korxonalarda, birinchi navbatda, mineral va xom ashyo resurslarini qayta ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik tarmoq korxonalarida munosib haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan samarali ta’minlash o‘rin olgan.

Ushbu mahsulotlarning avvaliga mamlakat ichida, so‘ngra tashqi bozorda import mahsulotlari bilan raqobtalasha oladigan darajaga yetishi mening fikrimcha, mamlakat iqtisodiy mustaqilligining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, mamlakat oltin-valyuta zaxiralari o‘sishida muhim omil bo‘ladi va natijada valyutani muvofiqlashtirish, jumladan milliy valyutaning to‘liq konvertatsiya qilinishi asos bo‘ladi. Shundan so‘ng valyuta qora bozoridan asar ham qolmaydi.

– Mehnat migrantlarining, xususan Rossiyadagi migrantlarning o‘z vatanlariga qaytishlari bo‘yicha yuzaga keladigan muammolarni sizningcha qanday hal qilish mumkin?

– O‘zbekiston XDP bir necha yillardan buyon parlamentimiz quyi palatasi tomonidan tasdiqlanadigan aholi bandlik Dasturini takomillashtirish bo‘yicha turli tashabbuslar bilan chiqmoqda, mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha qo‘mita orqali parlament nazoratini amalga oshirmoqda. Biz mazkur dasturning bajarilishi davomida aniqlangan muammoli savollarni hukumat oldiga qo‘yamiz, ularni hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarimizni beramiz.

Migrantlar - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston vatanga qaytgan migrantlar uchun 155 ming ish o‘rinlarini yaratdi

Partiyamiz o‘z dasturiy vazifalaridan biri sifatida aholi bandligi Dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni ko‘rib chiqmoqda va shu asosda mamlakat tashqarisiga ishchi kuchi chiqib ketishining oldini olmoqchi.

O‘z navbatida, bu mehnatga layoqatli aholini korxonalarda munosib haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlashda yanada faolroq choralarni ko‘rishni talab etadi. Birinchi navbatda, gap mineral va xom ashyo resurslarini hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari haqida ketapti. Biz mazkur sohaga mamlakatda mavjud mehnat resurslarini (jumladan O‘zbekiston tashqarisidagi mehnat migrantlarini) faol jalb etish iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biri deb hisoblaymiz.

Shu bois partiyamiz muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish jarayonida yaratiladigan barqaror ish o‘rinlari sonini dastur samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri deb hisoblashni taklif etadi. Bizningcha, korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi «kollej-korxona» aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi ham muhim.

– O‘zbekistonning Rossiya bilan hamkorligini qaysi yo‘nalish va sohalarda faolroq rivojlantirish zarur deb o‘ylaysiz?

– Ma’lumki, Rossiya Federatsiyasi bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi, ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida o‘zaro har tomonlama do‘stona aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Sabzavotlar savdosi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Rossiya “Yashil yo‘lagi" noyabrda ishga tushadi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning qator yetakchi oliygohlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlatning neft-gaz sohasidagi o‘zaro hamkorligi yaxshi natijalarni bermoqda. Menimcha, mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar va ularni qayta ishlash orqali olingan mahsulotlar, avtomobil, yengil sanoat mahsulotlarini O‘zbekistondan talab yuqori bo‘lgan Rossiyaga jo‘natish istiqbolli yo‘nalishdir. 

Samarali hamkorlik qilish uchun iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda yana qator yo‘nalishlar mavjud. O‘zbekiston XDP bunday hamkorlikning rivojlanishi har ikki davlat manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaydi.

– Kelgusida O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi mumkin deb hisoblaysizmi?

– O‘zbekiston o‘zining 25-yillik mustaqil taraqqiyoti davomida yaqin qo‘shnilar bilan ham, uzoq xorij davlatlari bilan ham teng huquqli va o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik tarafdori bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov yuqori minbarlarda turib bir necha marta MDH va ShHT doirasida hamkorlikning iqtisodiy yo‘nalishini kuchaytirish zarur ekanligini ta’kidlagan edi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga keladigan bo‘lsak, menimcha, bu tashkilot hozircha real mavjud ittifoqchilik munosabatlaridan ko‘ra o‘z maqsadlari haqidagi deklaratsiyani ifodalaydi.

Shubhasiz, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga o‘xshash bunday turdagi har qanday tashkilot o‘z a’zolari sonini ko‘paytirishdan manfaatdor. Buning uchun esa ittifoq o‘z a’zolari uchun iqtisodiy hamkorlikning jozibador shakliga ega bo‘lishi va boshqa mamlakatlar uchun jozibador sherik bo‘la olishi lozim.

Tarixga yuzlanaylik. YeIni tashkil etish g‘oyasi ilk bor o‘tgan asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. O‘sha davrdan to bugungi kunga qadar mazkur g‘oyani amalga oshirishda farovonlik rejimi, “Umumiy bozor”, Yevropa iqtisodiy hamjamiyati kabi bosqichlar bosib o‘tildi. Faqatgina o‘tgan asrning oxiriga kelib Yevropa Ittifoqining tuzilishi Maastrixt shartnomasi orqali mustahkamlandi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ham Yevrosiyo makonida haqiqiy ma’noda ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning jozibador shakliga aylanishi uchun shu kabi qator bosqichlardan o‘tishi lozim.

Hozircha esa, menimcha, O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan, jumladan, 2015-yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgan davlatlar bilan amaldagi ikki tomonlama munosabatlari savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishi uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratadi.

– Bu yil SSSR parchalanganiga 25-yil to‘ladi. 1991-yil dekabrida ushbu xabarni qanday qabul qilgansiz va bugungi kunda bunga qanday munosabatdasiz?

– 1991-yilda bizdan yoshi kattaroq vatandoshlarimiz kabi endigina mustaqil hayotga qadam qo‘ygan bizning avlod uchun (o‘shanda men 22 yoshda edim) ham O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining e’lon qilinishi 1991-yilning eng muhim voqeasi bo‘lgan. Bu kutilmaganda yuz bermadi. 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Konstitutsion Qonun 1990-yil 20-iyunda O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat qurish maqsadida qabul qilingan mustaqillik Deklaratsiyasining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bizga mamlakatimizni obod qilish, uni o‘zimiz ko‘rishni xohlagan tarzda barpo etish uchun tarixiy imkoniyat berildi.

O‘sha davrda aksariyat salbiy fikrlovchilar O‘zbekiston va boshqa endigina mustaqillikka erishgan davlatlarda mustaqil rivojlanish uchun zarur zaxiralar yo‘q deb hisoblagandi. Lekin tarix bunday salbiy bashoratlarni puchga chiqardi.

O‘zbekistonda YaIM to‘qqiz oy davomida 7,8 %ga o‘sdi

Mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan izchil olib borilgan “islohotlarning o‘zbek modeli” deb nomlanuvchi oqilona strategiya o‘zini to‘laligicha oqladi.

Tarixan qisqa davr ichida mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi. O‘zbekiston 10-yildan ortiqroq vaqt davomida iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini namoyon etayotgan jahonning iqtisodi tez rivojlanayotgan besh davlati qatoriga kiradi.

Totalitar tuzumdan voz kechgan O‘zbekiston demokratik mamlakatga aylandi. Aholi farovonligini oshirish choralari muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Shahar va aholi maskanlari obodonlashtirilmoqda. Fuqarolarimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar huquqlarini to‘la ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda.

Bularning bariga yildan yilga mustahkamlanib borayotgan ijtimoiy barqarorlik, millatlararo va fuqaroviy inoqlik, insonlarda amalga oshirilayotgan islohotlarda ishtirok etish hissining o‘sib borayotganligi mustahkam asos bo‘lmoqda.

– O‘zbekiston boy pazandalik an’analariga ega yurt. O‘zingiz taom tayyorlay olasizmi va sevimli milliy taomingiz qaysi?

– Pazandalik an’analari O‘zbekistonning ko‘p asrlik muomala madaniyati, oilaviy an’analari bilan bevosita bog‘liq. Bizda qadimdan erkaklarning choyxonada to‘planib bir piyola choy va shirin taom ustida do‘stlari bilan suhbatlashish, turli masalalar bo‘yicha fikr almashish an’anasi mavjud. Tabiiyki, o‘zini hurmat qilgan har bir erkak singari men ham ovqat tayyorlashni bilaman va yoqtiraman. Ishdan bo‘sh vaqtlarimda nafaqat choyxonada, balki uyda ham oila a’zolarim bilan chaqchaqlashib o‘tiraman. Albatta, mening sevimli taomim milliy oshxonamizning qiroli bo‘lgan palovdir.

Yangiliklar lentasi
0