TOShKENT, 28 okt – Sputnik. Brusselda Yevroparlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha Delegatsiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar qildi. tadbirda Yevroparlament deputatlari, siyosiy fraksiyalar va tegishli qo‘mitalar vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi diplomatik missiyasi tomonidan mustaqillik yillari davomida respublikaning barcha sohalarda erishgan muvaffaqiyatlariga bag‘ishlangan prezentatsiya namoyish etildi.
Yevroparlament vakillari e’tibori O‘zbekistonda keyingi yillarda saylov qonunchiligi sohasidagi tub islohotlarga qaratildi. Mazkur qonunchilik saylovlarning tenglik muhitida, shaffof, mamlakat va xalqaro huquqning asosiy meyor va tamoyillariga rioya qilingan holda o‘tishida mustahkam asos hisoblanadi.
Yevroparlament vakillari joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidentligi saylovlariga Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi tayyorgarlik jarayoni bilan tanishtirildi. Ishtirokchilar siyosiy partiyalar tomonidan ushbu yuksak lavozimga ko‘rsatilgan nomzodlar, ovoz beruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar. Ularga saylovning ochiq o‘tishini ta’minlash maqsadida 300dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar taklif etilganligi ma’lum qilindi.
Tadbirda raislik qilgan Yevroparlamentning belgiyalik deputati Mark Tarabella Yevroparlament O‘zbekistonda mamlakat aholisining farovonligini oshirish va huquqiy davlat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholashini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston Prezidentligi saylovlari demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lishini e’tirof etishib, kelgusidagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakatning jahon sahnasidagi obro‘sini oshirishga xizmat qiladi degan xulosaga keldilar.