TOShKENT, 14 okt — Sputnik. 2016-yil 13-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini, 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijadorligini muhokama qilishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 % miqdorida profitsit bilan ijro etilgan. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmagan.
O‘tgan 9 oyda o‘rtacha oylik ish haqi 12,6 %ga oshgan, joriy yil 1-oktabrdan esa budjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar yana 15 %ga oshirilgan. Yangi qishloq massivlarida zamonaviy namunaviy loyihalar bo‘yicha 12 mingtadan ortiq shinam va qulay shaxsiy uy-joy foydalanishga topshirilgan.
"Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Zamin zahmatkashlarining fidokorona mehnati va mirishkorligi tufayli, murakkab ob-havo sharoitlariga qaramay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining boy hosili yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 6,4 %ga o‘sishi ta’minlandi", — deyiladi xabarda.
O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi — 9,4 %ga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar — 11,2 %ga o‘sgan.
Yil boshidan buyon 2016-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 100 ta yirik ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Yil oxirigacha 64 ta yirik ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.