TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekiston Prezidentligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tishiga bir necha oy qoldi. Davlat rahbari lavozimiga har biri mamlakat kelajagiga o‘z qarashiga ega to‘rt nafar nomzod ko‘rsatilgan.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri O‘zbekiston kelajakda kimlarga suyanishi mumkinligini aniqlash maqsadida Prezidentlikka nomzodlarning siyosiy tajribasi bilan tanishib chiqishga qaror qildi. Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov bilan tanishamiz.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining (O‘zbekiston XDP) rivojlanish yo‘nalishi va uning yetakchisi qarashlarini tushunish uchun ushbu partiyani ko‘pincha ijtimoiy siyosatda Rossiya KPning g‘oyalari vorisi deb atashlarini aytish kifoya. Lekin bugungi kunda mamlakatda eng ommabop bo‘lgan partiya reytingini yo‘qotmoqda. Parlamentning quyi palatasiga bo‘lgan so‘nggi saylovlarda u nafaqat O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi, balki “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ham kamroq ovozga ega bo‘ldi.
Hotamjon Ketmonov asosiy raqobatchisi Shavkat Mirziyoyevdan farqli o‘laroq, boshqaruv sohasida salmoqli tajribaga ega emas. U mehnat faoliyatining dastlabki 15-yilini ta’lim tizimida o‘tkazgan. Andijon davlat tillar pedagogika institutini tamomlab, maktabda bir necha yil o‘qituvchilik qilgach, tez orada Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlariga qadar bosqichni bosib o‘tgan.
Hotamjon Ketmonov 2005-yilda Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. Aynan o‘sha davrda "Andijon voqealari" yuz bergan, oqibatda ko‘plab amaldorlar o‘z lavozimlaridan chetlatilgandi. Ketmonov esa 2013-yilga qadar Andijon viloyat hokimligida muvaffaqiyatli faoliyat olib bordi va 2013-yilda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi lavozimini egalladi.
Siyosiy tajribaga ega bo‘lmasa-da, Ketmonov ilgari ham O‘zbekiston Prezidentligi lavozimiga da’vogarlik qilgan. 2015-yilning martida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Ketmonovga saylovchilarning 2,92%i (552,3 ming saylovchi) ovoz bergan.
Endi uning siyosiy yukiga nazar solamiz. Ketmonov o‘zbek jamoatchiligi oldida ko‘p bor "boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish" haqida so‘zlagan. Miyangizga darrov sobiq sovet davri va boqimandalarga qarshi kurash kampaniyasi keladi.
Ketmonov jamiyatda boqimandalik kayfiyatida yashaydigan, ishlash o‘rniga davlatning yordamiga umid qilib o‘tiradigan odamlar hali ham bor ekanligi haqida bong uradi. Uning fikricha, odamlarda bunday boqimandalik kayfiyati mehnatga layoqatli fuqarolarning ijtimoiy nafaqa olishga o‘rganib qolganliklari oqibatida paydo bo‘lgan. Bu muammoni qanday hal qilish borasida nomzod aniq javob bermaydi, munosib maosh va mehnat sharoiti yaratish evaziga boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini ko‘rib chiqish haqida mulohaza yuritadi.
Hotamjon Ketmonov yangi ish o‘rinlari yaratish borasida yoshlar va oilaviy tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratadi. Uning dasturidagi asosiy g‘oyalardan biri o‘z biznesini tashkil qilayotgan kollej bitiruvchilariga soliqlar va bank sohasida keng imtiyozlar berishdan iborat. Urg‘uni yoshlarga berish albatta tushunarli, zero 32 millionli mamlakat aholisining 55%dan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.
Nomzod iqtisodiyotda davlatning boshqaruvchilik rolini mustahkamlash, turmush darajasini yaxshilash, aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish davlatning zimmasida bo‘lishi tarafdori.
O‘tgan yilgi prezidentlik saylovlarida Ketmonov kommunal xizmatlar sohasidagi narxlar va tariflarni davlat o‘z nazoratiga olishi lozimligini bildirgandi. Ketmonov e’tibor qaratgan "og‘riqli" mavzulardan yana biri farmatsevtika sohasidir. U farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati, dori vositalari narxining shakllanishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, dori vosilarining reklamasini cheklashni taklif qiladi.
Nomzod shuningdek, jamiyatning barcha a’zolari, birinchi navbatda kam ta’minlanganlar dori-darmon sotib olishda muammo va qiyinchilikka dus kelmasliklari lozimligiga e’tibor qaratadi.
Ketmonov dori-darmon ishlab chiqarish tannarxini va dorining sotuvdagi haqiqiy narxiga muvofiqligini nazorat qiluvchi qonunchilik mexanizmi ishlab chiqishni taklif etgan. Bundan tashqari, u dori vositalari reklamasini keskin cheklash tarafdori, uning fikricha, bunday reklamalar aholining aksariyat qismini o‘z-o‘ziga tashxis qo‘yish va o‘zini-o‘zi davolashga undamoqda.
Hotamjon Ketmonov urg‘u berayotgan yana bir muammo iste’molchi savatini shakllantirish mexanizmini yaratish va uning asosida oylik ish haqi va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilashdir.
Ushbu saylovlarda Ketmonov ijtimoiy himoyalanmagan qatlam, pensionerlar, talabalar, kam ta’minlanganlar unga ovoz berishlariga umid qiladi.