TOShKENT, 1 okt — Sputnik. O‘zbekiston parlamenti mamlakatda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish sohasida ishlar qanday amalga oshirilayotganini o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu borada deputatlar oldida O‘zbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov hisobot qildi.
Vazir vatanga qaytayotgan mehnat muhojirlari uchun ish o‘rinlari yaratilishiga alohida e’tibor bilan qaralayotgani haqida aytgan. Unga ko‘ra, 2016-yilning birinchi olti oyi davomida vatanga qaytgan mehnat migrantlari uchun 155,5 ming ish o‘rinlari yaratilgan. Shuningdek, organlar tomonidan 124,6 ming ish izlayotgan ishsizlar ish bilan ta’minlangan, 3,5 ming kishi kasbiy mahoratini oshirishga yuborilgan, 4,9 ming kishi esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘naltirilgan.
Yaratilgan ish o‘rinlarining 60%dan ko‘prog‘i qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri kelgani, ayniqsa, e’tiborga molikdir.
Bundan tashqari, keyinchalik ish bilan ta’minlash uchun kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini turli korxonalarga amaliy mashg‘ulotlarga yuborish praktikasi ham o‘zini oqlagani aytib o‘tildi. Yil boshidan shu tariqa 466,4 nafar bitiruvchi ish bilan ta’minlangani qo‘shimcha qilindi.
Yig‘ilishda muammoli masalalar ham tilga olindi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi bir qator tumanlar hokimiyatlari qoshida ish o‘rinlarini tashkil etish uchun mas’ul maxsus komissiyalar mavjud muammolar yechimiga barmoq ortidan qaragani, o‘z ishlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun qattiq tanqid ostiga olindi.