Koronavirus butun dunyo OAVlari bosh qahramoniga aylanganiga, epidemiya Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan xalqaro miqyosdagi favqulodda vaziyat sifatida tan olinishiga qaramay, O‘zbekistonda ushbu virusni yuqtirganlik holati qayd etilgani yo‘q. Biroq bu xotirjamlikka asos bo‘la olmaydi, chunki mazkur vaziyatda virusning mamlakatga chetdan kirib kelishi xavfi oshmoqda.
Shu munosabat bilan bugun, 10-mart kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi(AOKA)da O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan respublikada koronavirus infeksiyasi profilaktikasi va virus kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot-anjumani o‘tkazildi.
Vahima tezligi koronavirusdan o‘zib ketmoqda
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning qayd etishicha, mamlakatda so‘nggi paytlarda koronavirus bilan bog‘liq, aholi o‘rtasida vahima ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgan mish-mishlar ko‘p tarqalmoqda. Bu holat esa hatto virusdan ko‘ra xavfli, deydi u.
"Mana har kuni bir vahimali xabar chiqapti, goh u viloyatda koronavirus "aniqlandi", deyilsa, goh bu viloyatda "aniqlangan" bo‘lyapti. Xalqimizda "Kasallikni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi", degan gap bor. Bu koronavirus to‘g‘risidagi o‘zbekni matali. Bu kasallikni bekitib bo‘lmaydi, hech qaysi mamlakat buni bekita olmaydi. Shu o‘rinda xalqimizdan mish-mishlarga ishonib, vahimaga berilmaslikni so‘rardim. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham shunday holatga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Sizlardan (OAV vakillariga murojaat qilmoqda, muallif.) ham bunda yordam so‘rab qolamiz", - dedi vazir.
Shodmonovga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi O‘zbekistonda boshlanishi ehtimolidan kelib chiqqan holda, davolash uchun mo‘ljalangan dori vositalari zaxiralari tayyorlangan. Ushbu virus pnevmoniyaga olib kelishi, pnevmoniyada esa nafas olish og‘irlashishi yuz berishi tufayli, sun’iy nafas olish apparatlari ham yetarlicha g‘amlangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Hukumati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus kasalligi bo‘yicha doimiy tahlil va monitoring olib borilmoqda. Har kungi statistik ma’lumotlar maxsus tashkil etilgan shtabda tahlil etilib, shundan kelib chiqqan holda zarur profilaktik va cheklov choralari bo‘yicha tavsiyalar ishlanmoqda va tatbiq etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus statistikasi soat sayin o‘sish tomoniga o‘zgarmoqda.
Bugun, 10-mart sanasiga ko‘ra COVID-19 onlayn-statistikasi va dinamikasi quyidagicha:
bemorlanish soni: 113 739 (+3 705 yangi holat sutkasiga) ;
o‘limlar soni: 4 016 (+360 yangi holat sutkasiga) ;
sog‘ayishlar soni: 63 663 (+3 003 sutkasiga).
Bunda tinchlantiradigan tomoni - epidemiya paytida qanday dori bilan davolash savol ostida bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ko‘rsatilgan muolajalar natijasida dunyo bo‘yicha 64 mingdan ziyod bemorlar davolangan. Olimlar tez orada unga qarshi vaksina ishlab chiqishni rejalashtirganlar.
Koronavirus qachon odamni o‘ldirishdan to‘xtaydi?
Tadbirga ishtirok etgan spikerlardan biri - sog‘liqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov dunyodagi epidemik vaziyatga to‘xtalar ekan, internetda mavjud turfa ma’lumotlarga qaramay, gap zoonoz turiga mansub infeksiya haqida borayotganini tushunish naqadar muhimligiga e’tibor qaratdi.
"Zoonoz turiga mansub infeksiya nima degani? Bu bizga emas, ko‘rshapalaklarga xos kasallikdir. Virus organizmga kelib tushgach, odamga qarab: "O, bu beo‘xshov hujayra-ku. Beo‘xshov fermentlar, beo‘xshov substratlar, beo‘xshov adaptatsiya mexanizmlari", - deydi va qo‘liga lom olib hujayrani buza boshlaydi. Virusning vazifasi o‘ziga o‘xshashni yaratish. Ammo navbatdagi inson organizmiga tushgach, unda moslashuvchanlik oshadi, adaptatsiya yaxshilanadi. Shu tarzda, balki yuzinchi, balki millionchi passajda - virus "o‘zimiznikiga" aylanadi va u o‘z xo‘jayinini o‘ldirishdan to‘xtaydi", - deya tushuntiradi u.
Har qanday epidemiya - bu istalgan davlatning sog‘liqni saqlash tizimi uchun o‘ziga xos chaqiriqdir, ammo bundan vahimaga tushish kerak emas, qo‘shimcha qiladi ekspert.
"Xoh Germaniya, xoh Fransiya, yoki mana, guvohi bo‘lib turganingizdek, ushbu epidemiyani jilovlay olmagan Italiya sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lsin - bu hatto eng qudratli davlatlar uchun jiddiy chaqiriq. <...> Lekin bugun vaziyat o‘zgarmoqda. Ushbu virusni yuqtirgan oltmish to‘rt mingdan ziyod kishi davo topdi. Mana kuni kecha xitoylik epidemiolog do‘stim menga yuz yoshdan oshgan bemorga statsionardan uyiga javob berilgani, ya’ni keksa inson ham ushbu darddan davo topgani haqida yozibdi. Shu bois, vahimaga tushishdan hojat yo‘q, vaziyat normallashsa hammasi yaxshi bo‘ladi", - deb ishonch bildiradi Favorov.
Koronavirusning tishi nega O‘zbekistonga o‘tmayapti?
Professor shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida bironta ham koronavirusga chalinganlik holati nega o‘z tasdig‘ini topmaganligi yuzasidan izoh berib o‘tdi.
"O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Qayumovich bilan turli versiyalarni muhokama qildik. Bunda havoning quruqligidan tortib boshqa turli sabablar sanab o‘tildi... Aytgancha, Avitsenna (Abu Ali ibn Sino) isiriq haqida - ushbu o‘simlik xonadonda tutatilsa, yuqumli kasalliklarning oldini olishi mumkinligi haqida yozib qoldirgan. Albatta, bu gapim yuzlaringizda tabassum zohir qilyapti, lekin biz sizlar bilan shu bugun faktning guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston ushbu virus qayd etilmagan yagona davlat emas. Shu bilan birga mamlakatda bu infeksiyaning oldini olishga qaratilgan ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar bo‘yicha hatto katta anjuman o‘tkazish mumkin", - dedi u.
Virusdan himoya choralari
Koronavirusni yuqtirib olmaslik shartlari eng ko‘p beriladigan savollardan biri bugun. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov fuqarolarga oddiy tavsiyalarga amal qilishni maslahat beradi.
Birinchidan – xorijga chiqishga ehtiyoj yo‘q bo‘lsa, safarni keyinga qoldirish yoki vaqtincha chiqmaslik kerak.
Ikkinchidan - odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joylarga bormagan ma’qul.
Uchinchidan - qo‘lni tez-tez yuvish talab etiladi.
Shodmonov shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar JSST tavsiyasiga binoan bekor qilinayotgani, ammo mamlakat ichidagi tadbirlar toki virusga chalinish holati qayd etilmagan ekan, cheklanmasligini aytib o‘tdi.
Niqob virusdan saqlaydimi?
Professor Mixail Favorov niqobning virusdan himoyalash xususiyati haqida to‘xtalar ekan, u faqat bemorlangan inson tomonidan taqilganidagina foydali bo‘lishini ta’kidladi.
"Kasal odam niqob taqsa, bu samara beradi. Ya’ni, u shu yo‘l bilan boshqalarni virus yuqishidan asragan bo‘ladi. Agar uyingizda kimdir bemor bo‘lsa, unga niqob taqing. Misol uchun, menga niqob taqish befoyda, chunki (soqoliga ishora qiladi) soqolim bor. Tavsiyalar shunday, soqol mavjud bo‘lgan taqdirda, niqob hech qanday ahamiyatga ega emas. Niqoblar ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 20 daqiqagacha, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra esa 3 soatgacha ish beradi. Bu borada bahslashmoqchimasman, lekin men sil kasalligida niqoblar 20 daqiqagacha ish berganligini ko‘rganman. Undan keyin niqob xo‘l bo‘ladi va infeksiyalarni o‘tkaza boshlaydi. Bir xillar niqobni dushanba kuni taqib, juma kunigacha unda yuradi va o‘zicha meni niqob virusdan himoya qilayapti, deb o‘ylaydi. Bu juda dahshatli", - dedi professor.
Koronavirus – dunyodagi eng dahshatli kasallik emas
Yer yuzida bundan ham dahshatliroq epidemiyalar yuz berib turadi.
Deylik, OITS va OIV yiliga 2 millionga yaqin inson umriga zomin bo‘ladi. Koronavirus avj olgach ikki oy davomida yuz bergan o‘lim holati 1000ga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, butun dunyoda avj olgan, matbuotda berilayotgan kundalik xabarlar vahimasi chindan kasallikdan o‘zib ketdi.
Yoki ocharchilik balosini olaylik. Bir kunda dunyo bo‘yicha 24000 nafar atrofida inson olamdan bevaqt ko‘z yumadi, shulardan 18 ming nafari 5 yoshgacha bo‘lgan norasidalardir.
Ochlik oqibatida boylar o‘lmaydi va shu sababli bu hech kimni qiziqtirmaydi.