TOSHKENT, 12 noya — Sputnik. Markaziy Osiyo davlatlari aynan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida eng dolzarb va muhim masalalarda oʻz salohiyatini yanada samarali amalga oshira oladi. Ishonchim komil, bundan barcha — Markaziy Osiyo davlatlari qatorida boshqa mamlakatlar ham birdek manfaat koʻradi, dedi Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjumanda soʻzlagan nutqi davomida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Mirziyoyev Markaziy Osiyoni yaqin kelajakda barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishga xizmat qiladigan olti taklifni ilgari surdi.
Birinchi taklif: Biznes-diplomatiya
Oʻzbekiston rahbari savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish kerakligini va mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yoʻnalishdagi amaliy qadam boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
"Mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini taʼsis etishni taklif qilaman. BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan boʻlar edi. Ushbu mexanizmlar butun Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini toʻla ishga solish imkonini berishiga ishonaman", — dedi prezident.
Ikkinchi taklif: Transport diplomatiyasi
Mirziyoyevga koʻra, mintaqaning tranzit-logistika salohiyatidan yanada samarali foydalanish va transport infratuzilmasining jadal rivojlanishini taʼminlash lozim.
Oʻzbekiston rahbari bu yoʻnalishda mintaqa mamlakatlari tomonidan amaliy qadamlar qoʻyilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
"Turkmanistonlik doʻstlarimiz tomonidan Amudaryodan oʻtadigan Turkmanobod — Forob yangi temir va avtomobil yoʻllari koʻpriklari ishga tushirildi. U Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʻmon transport-tranzit yoʻnalishining muhim tarmogʻidir.
Tez orada Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy temir yoʻli qurilishini boshlash boʻyicha kelishuvga erishildi, shuningdek, ushbu transport yoʻlagi boʻylab sinov tariqasidagi avtopoyga amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha umummintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz".
Prezident umumiy yondashuvlarni kelishib olish uchun 2018 yilda Toshkentda "Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar" mavzusida xalqaro konferentsiya oʻtkazilishi rejalashtirilayotganini aytib, konferentsiyaning ishida barcha sheriklar faol ishtirok etishiga umid bildirdi.
Uchinchi taklif: "Preventiv diplomatiya"
Mirziyoyev bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelayotgani, ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashishni faqat birgalikda, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari doirasida taʼminlash mumkinligini aytdi.
"Xavfsizlikka tahdidlarni "oʻziniki va oʻzgalarniki" deb ajratishdan voz kechish, "yaxlit xavfsizlik" tamoyiliga amalda rioya qilish zarur, degan qatʼiy fikrdamiz", — alohida taʼkidladi prezident.
Mirziyoyevga koʻra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik muammosini, avvalo, preventiv diplomatiya usullaridan foydalangan holda hal qilishda muhim oʻrin tutishi lozim. Shuningdek, MDH, SHHT, YEXHT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar mexanizmlari doirasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash zarur.
Shu oʻrinda Markaziy Osiyoda barqaror va izchil taraqqiyotning istiqbollari qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish bilan chambarchas bogʻliqligi taʼkidlab oʻtildi.
Oʻzbekiston rahbari birinchi galda Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qoʻshilishiga har tomonlama koʻmaklashish kerakligi va bu dunyo hamjamiyatining Afgʻonistonda tinch taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga gʻoyat muhim hissa boʻlib qoʻshilishini qayd etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston bundan keyin ham bu qoʻshni mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlar tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishini taʼkidladi.
Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashning ustuvor yoʻnalishi — ekstremistik gʻoyalarga qarshi qatʼiy kurashishdan iboratdir. Koʻpincha hayotga endi qadam qoʻyayotgan yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda.
Markaziy Osiyo — aholining yoshi boʻyicha eng "yosh" mintaqalardan biridir: bu yerda aholining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi va bu dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha yuqoridir.
Aynan shu maqsadda Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konventsiyani ishlab chiqish hamda "Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi.
"Ushbu tashabbuslarni Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qoʻllab-quvvatlagani yoshlar oʻrtasida radikal qarashlar tarqalishining oldini olish, toʻgʻri yoʻldan adashganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni sogʻlom hayotga qaytarishga tayyorligimizning amaldagi yaqqol ifodasi sifatida namoyon boʻladi.
Bizning tajribamiz shuni koʻrsatmoqdaki, birinchi galda yoshlarni ilm-maʼrifatga oʻrgatish, ularga islom dinining insonparvarlik mohiyati, islom madaniyatining asl qadriyatlarini yetkazish ekstremizmga qarshi kurashishning eng samarali vositasi hisoblanadi.
Bu borada biz Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda Islom tsivilizatsiyasi markazini tashkil etishga qaror qildik", — qayd etdi Mirziyoyev.
Toʻrtinchi taklif: "Chegara diplomatiyasi"
Mirziyoyev davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini tezda va uzil-kesil yakuniga yetkazish kerak, deya qayd etdi.
Biz davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi muzokaralarda yuzaga keladigan murakkab masalalarni hal etish boʻyicha izchil yoʻlga qoʻyilgan va birgalikda chuqur oʻylab amalga oshirayotgan ishlarimizni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz.
Biz oqilona murosa va oʻzaro teng almashinuv asosida, oʻzaro manfaatlarimizni hisobga olgan holda, bu oʻta dolzarb muammoni tez orada hal etamiz, deb ishonaman", — dedi prezident.
Beshinchi taklif: "suv diplomatiyasi"
Oʻzbekiston prezidenti oʻz nutqida mintaqada suv resurslaridan adolatli foydalanish muammosini imkon qadar tezroq tartibga solish lozimligini taʼkidladi.
"Ishonchim komil, mazkur masalalarni hal etishda mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga oladigan xalqaro huquqiy meʼyorlar asosida ish olib borish kutilgan samarani beradi.
Oʻzbekiston BMT tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish toʻgʻrisidagi konventsiyalar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Orol dengizining ekologik halokati bilan bogʻliq eng oʻtkir muammolarni hal etish ham saʼy-harakatlarimizni birlashtirishni talab etadi. Orol muammosi bizning nafaqat umumiy dardimiz, balki umumiy vazifamizdir.
Mintaqaviy va xalqaro darajada sayʼ-harakatlarimizni birlashtirmasdan turib, ushbu tahdidlarga qarshi munosib choralar ishlab chiqa olmaymiz.
Biz Orolboʻyida yuzaga kelgan dolzarb muammolarni hal etish, shuningdek, ijtimoiy muhim ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni amalga oshirishga donorlik koʻmagini jalb etish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasining barcha davlatlari faoliyatini yanada faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz".
Oltinchi taklif: "Xalq diplomatiyasi"
"Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash lozim. Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirishning asosiy shartlaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan, biz faol madaniy-gumanitar muloqotni davom ettirish, mamlakatlarimizda madaniyat kunlari va turli ijodiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, taʼlim va sayyohlik sohasidagi almashuvlarni "xalq diplomatiyasi"ning eng muhim vositasi sifatida rivojlantirish tarafdorimiz", — dedi Mirziyoyev.
Oʻzbekiston rahbariga koʻra, mintaqada doʻstlik, hamjihatlik va barqarorlik muhitini mustahkamlaydigan eng ishonchli usuli bu oddiy va ochiq insoniy muloqotdir.