TOShKENT, 12 noya — Sputnik. ShHT bosh kotibi Rashid Alimov Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuyidagi xalqaro anjumandan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, "Bugun butun dunyo Markaziy Osiyo tarixida tub burilish yuz berganiga guvoh bo‘ldi", deb ta’kidladi.
"Forumning nechog‘li muhim va dolzarbligi uning nomidan ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Anjumanda ming yilliklar davomida tarkib topgan an’analarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqlariga kelajakka birgalikda nazar tashlash taklif etildi. Boshqacha so‘zlar bilan aytadigan bo‘lsak, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turadigan mamlakatlar o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik va birgalikda amalga oshiriladigan mintaqaviy taraqqiyotdan har bir davlat o‘z manfaatiga asosan naf ko‘rishi mumkin, demakdir", — izoh berdi siyosatchi.
Alimov Samarqanddagi xalqaro anjuman tufayli butun dunyo Markaziy Osiyo rivojlanishida yangi burilish yuz berganiga guvoh bo‘ldi, deya qayd etdi.
"Bu voqea aynan Samarqandda bo‘lib o‘tayotganida o‘ziga xos ramziy belgi bor. Samarqand — barcha zamonlar va xalqlar shahri, afsona shahar. Qariyb uch ming yildan buyon jahon mumtoz she’riyati klassiklari ovozi yangrab kelayotgan, o‘z vaqtida butun sayyoraga ilm-fan, tibbiyot rivojini belgilab bergan, jahonga mashhur tabiblar yurti…
Harholda agar biz ilgarilari Markaziy Osiyoga G‘arb va Sharq o‘rtasidagi chorraha, deb qaragan bo‘lsak, bugun u "geosiyosat markazi"ga aylandi. Aminmanki, biz bugun Markaziy Osiyoning rivojlanish bosqichida tub burilish ro‘y bergan tarixiy jarayon guvohi bo‘ldik" — deb o‘z fikrini yakunladi Alimov.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazilgan mazkur forum Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga qaratildi.
Anjumanda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, YeXHT, ShHT, MDH, YeTTB kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, taniqli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jami 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Ikki kun davom etgan forumda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik sur’atini oshirishning aniq yo‘nalishlari, shuningdek, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.