TOShKENT, 3 noya — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi xavfsizlik xizmatida uzoq yillar xizmat kilgan, mamlakatning uch rahbari — Sharof Rashidov, I.Usmonxo‘jayev va I.Karimovga tansoqchilik qilgan — zaxiradagi polkovnik Sadullo Muhammadqulov bilan suhbatimizni davom ettirar ekanmiz, u kishidan o‘ttiz to‘rt yillik sirni ochishni, ya’ni Sharof Rashidovning o‘limi to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumot berishni so‘radik.
Sharof Rashidovichning vafotidan keyin bizning respublikamiz shaharlarida, boshqa respublikalarda va xususan Moskvada, u kishi o‘limining turli "tafsilotlari" har xil bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan holda tarqatildi. Ba’zilar og‘zida u o‘zini otdi, boshqalarning aytishicha zahar ichib o‘ldi, yana boshqa "inson"larning gapi bo‘yicha qaysidir bir xorijiy davlatga ketib qoldi.
Bu gaplar hatto g‘arb davlatlari gazeta va jurnallarida ham chop etildi. Jumladan, respublikamizning o‘sha vaqtdagi yangi demokratik tashkiloti bo‘lib hisoblangan "ERK" partiyasining "ERK" ro‘znomasi ham g‘arb davlatlaridan birida chop etilgan maqoladagi "tafsilotlarni" ko‘chirib chop etdi. Ma’lumki, Sh.Rashidov o‘limining ertasiga respublika gazetalarida u kishining og‘ir infarkt kasalligidan keyin vafot etgani haqida maxsus meditsina komissiyasining axboroti berilgan.
Bu ma’lumotni o‘qigan har bir kishi albatta, qattiq qayg‘uga botib, shunday ulug‘ insonning bizning oramizda yo‘qligiga ishongisi kelmasdi. Chunki bir kun oldin televideniyening "Axborot" dasturida Sh.Rashidovichning Xorazm viloyatidagi xizmat safari haqida axborot berilib, unda Sh.Rashidovichning Urganch va Xiva shaharlari obyektlaridagi safari haqida hikoya qilingan edi.
Shuning uchun bir kun oldin sog‘-salomat yurgan odamning bugun o‘lganiga hech kimning ishongisi kelmasdi.
Taqdir taqazosi bilan men Sharof Rashidovich hayotlarining oxirgi 4-yilida kecha-yu kunduz hamrohlik qilib, ularga o‘g‘illari kabi xizmat qildim va oilaning yaqin kishisiga aylandim, qolaversa o‘layotgan vaqtlarida o‘g‘illari o‘rniga o‘g‘illik vazifasini bajardim.
Yuqorida qayd etilgan mish-mishlarning noto‘g‘riligi va noo‘rinligini ko‘rsatib, Sh.Rashidovich umrining oxirgi kunlari haqida o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni hikoya qilmoqchiman.
— Sharof Rashidovich 1973-yilda bir marta infarkt bo‘lganlar. Shuning uchun, ularning rafiqalari hamisha viloyatlar va boshqa shaharlarga bo‘ladigan safarlariga hamrohlik qilar edilar. Lekin kamtarin inson bo‘lganliklari uchun hech qachon protokol bo‘yicha ularning ishtiroklari talab qilinmagan rasmiy tadbirlarda qatnashmas edilar.
— 1983 yilning sentabrida Sharof Rashidovich Ittifoq delegatsiyasining rahbari sifatida Efiopiyada safarda bo‘lgan edilar. Efiopiya dengiz sathidan juda balandda bo‘lgani uchun, tibbiyot taomiliga asosan har bir rahbar Efiopiyaga kelgandan keyin kamida 2 soat gorizontal holatda dam olishi va adaptatsiya muddatini o‘tishi kerak bo‘lgan. Ammo, Sharof Rashidovich kamtarinlik qilib, vaqtlari kamligidan dam olmaganlar. Bu esa uzoq muddat samolyotda uchish jarayonidan keyin yuragiga va salomatligiga salbiy ta’sir qilgan.
— Efiopiyadan Moskvaga, undan keyin ishlar ko‘pligidan, dam olmasdan, Toshkentga uchib kelganlari, ko‘p o‘tmay yana Moskvaga 3-4 kunga majlisga borib kelganlari ham ma’lum darajada yomon ta’sir qilgan edi.
— 24 — oktabrda Toshkent-Urganch,
— 26 — oktabrda Urganch-Toshkent,
— 28 — oktabrda Urganch-To‘rtko‘l-Urganch marshrutlari bo‘yicha samolyotda uchishlar ham Sharof Rashidov salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
— 24-30 — oktabr kunlari Sharof Rashidovich avtomashinada har kuni ertalab soat 9 dan kechqurun soat 8-9 gacha 250-300 km yo‘l bosib, avvaliga Xorazm viloyati rayonlarini, keyin Qoraqalpog‘iston rayonlarini aylanib, rayon faollari bilan majlislar o‘tkazdilar. Bu albatta 66 yoshga kirgan, katta jismoniy va aqliy kuchni talab qiladigan ishda ishlayotgan inson uchun chidab bo‘lmas yuk edi.
Ko‘rsatilgan sabablar, ya’ni o‘zini o‘ylamasdan, topshirilgan vazifani a’lo darajada bajarish, kamtarinlik qilib hamma yukni o‘z zimmalariga olish va xalqining obro‘-e’tibori uchun o‘zini qurbon qilish uning o‘limiga sabab bo‘luvchi oqibatlarni keltirib chiqardi.
Sharof Rashidovich boshqa hamkasblariga o‘xshab yilda ikki marta dam olmagani, paxta yig‘im-terimi siyosiy masala ekanini tushunganligi, qolaversa o‘z ishiga fidoyiligi tufayli Moskvaning Markaziy shifoxonasida emas, balki maydonda — xizmat safari vaqtida o‘zi yashaydigan vagonda jon berdi.
Juda ko‘pchilik Sharof Rashidovichning o‘limiga Geydar Aliyev bilan bo‘lgan suhbat sabab bo‘lgan, deb gap tarqatishdi. Bu ham noto‘g‘ri.
Men o‘sha kunning o‘zida aytilgan programma bo‘yicha butun sistemani xabardor qildim. Ertasiga G.Aliyev boshchiligidagi tarkibida V. Dolgix, V.Tereshkova bo‘lgan delegatsiyani kutib oldik. Mehmonlar rezidensiyada joylashgandan keyin ovqatlanishdi. Keyin maxsus programmaga asosan Toshkent metropoliteni, "Xalqlar do‘stligi" syezdlar saroyi va boshqa obyektlarni tomosha qildilar. Sharof Rashidovichning o‘zlari hamrohlik qilganlari uchun men ham ularning suhbatlariga guvoh bo‘lganman. Ular siyosiy, iqtisodiy va boshqa muammolarni muhokama qildilar.
G.Aliyev va Sh.Rashidovich o‘rtasida hamisha do‘stlik munosabatlari mavjud edi. Chunki ularning bundan avvalgi bir necha uchrashuvlari (Tbilisi, Yerevan va Moskvada) do‘stona ruhda o‘tganiga guvoh bo‘lganman. Sharof Rashidovich G.Aliyev bilan kechki ovqatdan keyin xayrlashib mashinaga o‘tirganlarida kayfiyatlari juda yaxshi edi, chunki odatdagiday "qani mulla Sadullo "Mayak"ni qo‘ying yangiliklarni eshitaylik", — deb iltimos qildilar. Ertasiga 27-oktabr ertalab soat 7-00 da G. Aliyev boshchiligidagi delegatsiyani Vyetnamga jo‘natib Sharof Rashidov 8-00 da Andrey Gromiko hamrohlik qilayotgan Finlyandiya delegatsiyasini Markazkomda qabul qildilar. Soat 11 larda biz Do‘rmonga qaytayotganimizda Sharof Rashidov menga "mulla Sadullo bugun soat 17-00 da Urganchga uchamiz, biz bilan birga uchasiz, bilasiz-a? " — deb so‘radilar.
Men hamma topshiriqlarini bajarganligim va uchishga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida axborot berdim. Programma bo‘yicha 27-oktabr kechkurun 17-00 da YaK-40 samolyotida Urganchga uchdik. Sharof Rashidovichning salomatligi, kayfiyati yaxshi edi, ammo qattiq charchaganlari bilinib turardi. O‘sha kuni kechqurun o‘zlarining yordamchilari Kraynov Georgiy Alekseyevich bilan ancha hujjatlar ustida vagondagi salon-mehmonxonada ishladilar va soat 23 larda dam olish uchun yotoqxonalariga kirib ketdilar. Havo salqin bo‘lgani va charchaganliklari uchun sayr qilgani vagondan chiqmadilar.
28 oktabr kuni ertalab soat 9-45 da avtomashinada borish uzoq bo‘lgani uchun, Yak — 40 samolyotida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a rayonlari xo‘jaliklaridagi paxta yig‘im-terimi ishlari bilan tanishish uchun To‘rtko‘l rayoniga uchib ketdik. U yerda Obkomning birinchi kotibi K.Kamolov, Sredazirsovxozstroy boshlig‘i N.R.Xamrayev va avtonom respublikaning boshqa rahbarlari kutib oldilar.
Aeroportda rahbarlar bilan qisqa suhbatdan keyin mutasaddi kishilar bilan birga xo‘jaliklarni ko‘rish uchun chiqib ketdik.
28 oktabr kuni Sharof Rashidovich charchaganligiga qaramasdan, avtonom respublikaning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy rayonlarining paxta maydonlarini ko‘rib chiqdi. Har bir xo‘jalik raisi, brigada boshliqlari, mexanizator va boshka mutaxassislar bilan suhbatlashib kerakli maslahatlar va topshiriqlarni berdi.
Bundan tashqari, har bir rayonning oldindan belgilangan xo‘jaligida, rayon aktivlari bilan suhbatlashib, ularga paxta planini bajarishda ko‘rsatayotgan jonbozliklari uchun minnatdorchilik bildirib, respublika paxta xirmoniga iloji boricha ko‘prok paxta topshirishlarini ulardan iltimos qilib so‘rar edi. Aktivda qatnashganlarning savollariga javob berar, mavjud muammolarni o‘sha yerning o‘zida, agar iloji bo‘lmasa Toshkentdagi kerakli rahbarlarga telefon orqali topshiriq berib hal qilar edi.
Shu kuni Ellikqal’a kolxozlaridan birida paxta terishga hasharga chiqqan oqsoqollar bilan suhbat qilib, ulardan xalqning kayfiyati, xol-ahvoli va kamchiliklari haqida so‘radi. Oqsoqollar qishloqlardagi vaziyat, xalqning kayfiyati va QQASSR ning paxta topshirishda ikkinchi o‘rinda ketayotganidan xursand bo‘lib gapirdilar. Odatdagiday 3-4 kishining yashash sharoitidagi kamchiliklar haqida oqsoqollar gapirib berdilar. Biz bu kamchiliklarni yozib oldik va Sharof Rashidovich mutasaddi rahbarlarga topshiriq bergandan keyin, oqsoqollarga bu topshiriqlarning bajarilishini shaxsan o‘zi kontrol qilishga va’da berdi. Odatda Sharof Rashidovich qaysi viloyatga bormasin, oqsoqollar bilan albatta suhbatlashar, ularning maslaxatlarini olar va kerakli haqiqatni ulardan bilib olar edi. Ulardan tushgan shikoyat va arizalarning ijrosini shaxsan nazoratga olardi.
Shu kuni kechkurun 18-00 da Urganchga samoletda qaytdik.
29 — oktabr kuni Sharof Rashidovich Urganch va Xiva shaharlarining ba’zi obyektlarini, hamda Xiva rayonining xo‘jaliklarini ko‘rib chiqdi.
O‘sha kuni kechqurun Sharof Rashidovich meni chaqirib, "30 oktabrda Urganchda viloyat partiya komitetining Plenumi bo‘ladi. Biz Plenumni o‘tkazib kechqurun Nukusga yetib boramiz. Siz, uka, vagonlarni Nukusdagi temir yo‘l tupigiga joylashtirib, kerakli ishlarni bajarib, bizlarni kutib olasiz", — deb topshiriq berdilar.
30 — oktabr kuni ertalab Sharof Rashidovich Xorazm viloyati partiya komitetiga jo‘nab ketdilar. U kishiga yordamchilari G.A.Kraynov, viloyat partiya komitetining 1-kotibi M.Xudoyberganov va bir oydan beri xos soqchi bo‘lib ishlayotgan A. Filatov xamrohlik qilib ketdilar.
Soat 17-20 da Sharof Rashidovich K.Kamolov hamrohligida Amudaryoning panton ko‘prigidan o‘tib Gurlan-Amudaryo-Nukus marshruti bilan "tupik"ga keldilar. Amudaryo rayonining Krupskaya nomli kolxozida tushlik ovqatni yeganlar. Charchaganlariga qaramay Gurlan va Amudaryo rayonlarining xo‘jaliklarini ko‘rib chiqqanlar.
Tupikga kelganlaridan keyin vagonda qudalari Kalibek Kamolov va uning xotini Lyubov Semenovna bilan soat 18 dan 19 gacha suhbatlashib o‘tirishdi. Hammalarining kayfiyatlari yaxshi edi. K.Kamalov xotini bilan chiqib ketayotganda ertangi programma va marshrutlarni Sharof Rashidovich bilan kelishib oldi. Ular ketgandan keyin Sharof Rashidovich odatdagidek rafiqalari bilan sayr qila boshladilar. U kishining yordamchilari Obkomdan kelib Sharof Rashidovich bilan qisqa suhbatlashdi.
Shundan keyin Sharof Rashidovich va Xursand G‘ofurovna uzunligi 50-60 metr bo‘lgan yo‘lakka sayr qilishda davom etdi. Yo‘lakda 2-marta oxirigacha borib kelgandan keyin uchinchi marta 15 metrlar yurib Sharof Rashidovich birdan to‘xtab Xursand Gafurovnaga boshlari qattiq og‘riy boshlaganini aytdilar.
Xursand G‘ofurovna mendan darrov 2 ta stul olib chiqishni so‘radilar. Vagonlar yonida 3-4 minut o‘tirgandan keyin, ranglari oqarib peshanalari terlay boshladi. Shunda men tezda vrachni ikkinchi vagondan chaqirdim va hammamiz Sharof Rashidovichni qo‘ltig‘idan suyab vagonga olib kirdik.
Qilingan ukollar va berilgan dorilardan keyin Sharof Rashidovichning ahvoli ancha yaxshilandi. Toshkentdan tibbiy guruh kelguniga qadar vrach 3-marta Sharof Rashidovichning qon bosimini o‘lchab yuraklarini kardiogramma qildi. Qon bosimi borgan sari pasayib kardiogrammada har gal yangi o‘zgarishlar paydo bo‘layotgan edi. Soat 19-40 da Sharof Rashidovichning bosh og‘rig‘i yana kuchaya boshlaganda kerakli ukollarni takroran qildi. Shundan keyin Sharof Rashidovich uxladi. Ammo yarim soatdan keyin yana bezovta bo‘la boshladi.
Toshkentdan vrachlar yetib kelgandan keyin, zarur bo‘lgan tekshirishlarni yana bir marta o‘tkazishdi va vrach qo‘ygan diagnozni tasdiqlashdi. Ya’ni Sharof Rashidovich ikkinchi marta infarkt kasaliga yo‘liqqan edi. Vrachlar maslahatlashgandan keyin Sharof Rashidovichga yana bir necha ukollar qilindi. 1983-yilning 31-oktabr kechasi soat 1 larga borib Sharof Rashidovich ancha tinchlandilar.
Lekin chap qo‘llari og‘riyotgani va sovuq qotayotganini aytdilar. Xursand Gafurovna va men Sharof Rashidovichning qo‘lini navbat bilan silab isitib turdik. Soat 1-30 da Sharof Rashidovich menga vrachlarni vagonda joylashtirib, ovqatlantirishni iltimos qildilar. Men u kishining topshiriqlarini bajarib axborot berdim. Sharof Rashidovich tirsaklari og‘riyotganini aytganda vrachlar yana bir necha ukol qilishdi.
Soat 2 larga yakin Sharof Rashidovich chap qo‘li bilan yuragini silab qo‘ydi. Bir necha minutdan keyin u kishi juda bezovta bo‘ldi. Men darrov Toshkentdan kelgan vrachlarni chaqirdim.
Ular Sharof Rashidovichga kislorod yetishmayotganini aytishdi.
Men vrach bilan maslaxatlashib kechqurun "tez yordam" mashinasida hamma kerak bo‘ladigan jihozlar va dori darmonlarni vagon oldiga tayyorlab qo‘ygan edim.
Sharof Rashidovich avvaliga kamtarinlik bilan kislorod shlangini o‘zlari ushlab yotdilar. Keyin men iltimos qilib u kishining qo‘lidan kislorod shlangini olib kislorod berib turdim. Vaqti-vaqti bilan Sharof Rashidovich so‘raganda ko‘k choy berib turdik. U kishi 2-marta oz-ozdan qusdi. Soat 3-30 larda Sharof Rashidovich qattiq yo‘tala boshladi va nafas olishlarida xirillash paydo bo‘ldi. Soat 4 larga qadar kislorod Sharof Rashidovichning nafas olishiga yordam berib turdi. Lekin soat 4 dan keyin kislorod miqdorini ko‘paytirganda ham u kishiga havo yetmas edi.
Soat 4-12 da Sharof Rashidovich suv so‘radilar. Men darrov u kishiga iliq ko‘k choy berdim. Bir qultum choy ichib "rahmat" dedilar. Men yana ozroq ichishni so‘ragan edim, u kishi yana ozrok ichib "rahmat uka" deb minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin Sharof Rashidovich Xursand G‘ofurovna bilan 5-7 minut kasalligi to‘g‘risida gapirib turdi. Keyin bezovtalanib hushidan ketdi. Vrachlar u kishiga kerakli dori darmonlar qilishdi. Doktor B.P.Naumov Sharof Rashidovichning yuragini massaj qilib sun’iy nafas oldirishga ko‘p harakat qildi. 4-30 larda defibrilyatorni ishlatdik, lekin o‘zgarish bo‘lmadi. 4-55 larda yana ishlatdik, foyda bermadi. Shundan so‘ng bevosita yurakka ukol qilishdi, ammo bu ham foyda bermadi. Soat 5-02 da Sharof Rashidovichning hayotdan ko‘z yumganini aytishdi. Men chiqib G.A.Kraynovga ma’lum qilganimdan keyin u kishi MK kotibi O.U.Salimovga, Xursand G‘ofurovna qizlari Dilorom Sharafovnaga va men Davlat Xavfsizlik Komitetining raisi V.A.Golovinga Sharof Rashidovichning dunyodan o‘tganligi haqida xabar berdik.
Ertalab soat 7 larda Sharof Rashidovichning o‘g‘li Ilhom Sharafovich ham yetib keldi. Men Sharof Rashidovichning iyaklarini bog‘lab choyshablarga o‘radim va boshqalar bilan birga tibbiy nosilkaga qo‘yib soat 8-30 da TU-134 samolyotida Toshkentga uchdik. Ikki soatdan keyin soat 10-20 da Toshkentga yetib keldik.
Sharof Rashidovichning jasadi qo‘yilgan mikroavtobus ichida Buro a’zolari mendan bo‘lib o‘tgan voqealar haqida so‘radilar. Men ularga oxirgi ikki kunda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida gapirib berdim. Sharof Rashidovich jasadini G.Lopatin ko‘chasidagi uylariga olib keldik.
TashMI rektori akademik U.Oripov boshchiligidagi maxsus tibbiy guruh Sharof Rashidovichning jasadini yorib u kishi o‘limining sabablari haqidagi ma’lumotnomani yozdi va ertasiga meditsina-ekspertiza xulosalari matbuotda e’lon qilindi".