TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Davlat arbobi Sharof Rashidov tavalludiga yuz yil to‘lmoqda. 2009-yilda rossiyalik tarixchi Fodor Razzakov O‘zbekiston SSR kommunistik partiyasi markaziy komitetining birinchi kotibi haqida kitob yozgan. Yozuvchi va Sputnik radiosi boshlovchisi Armen Gasparan kitob muallifi bilan Rashidov shaxsi, uning faoliyati va yutuqlari haqida suhbatlashdi.
—Sharof Rashidov haqida kitob yozishingizga nima turtki bo‘lgan?
— Aynan Sharof Rashidovich va O‘zbekiston haqida kitob yozishimga qator omillar sababchi bo‘lgan. Kitobimning 50 foizi Rashidov boshqargan O‘zbekiston haqida.
Mening otam asli o‘zbekistonlik, millati o‘zbek. Biz u yerga har yili borardik va u yerda oxirgi marta 1979-yilda bo‘lganman. So‘ngra harbiy xizmatga bordim, uylandim, qayta qurish boshlandi – xullas borishga imkon bo‘lmadi. O‘zbekistonga 28-yildan so‘ng bordim. Aynan 2007-yilda ikkinchi vatanimga borishimga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
2007 yil noyabrida Sharof Rashidov tavalludiga 90-yil to‘lgandi. Bu paytga kelib men tarixchi yozuvchiga aylangandim. O‘zbekiston haqida kitob yozish g‘oyasi menda anchadan buyon bor bo‘lib, faqat qahramonlikka kimni tanlashni bilmay yurardim. O‘zbekistonga borgunimga qadar o‘zbek san’atkori Botir Zokirov haqida kitob yozishni mo‘ljallayotgandim. Ammo Moskvaga qaytgach, rejalarim keskin o‘zgarib ketdi.
2008 yilgi Rossiya prezidentligi saylovlari yaqinlashib kelayotgan, Dmitriy Medvedev davlat rahbarligiga nomzodini ilgari surgandi. Turli liberal maqolalar to‘lqini avjga chiqa boshladi, xususan, OAV 1980-yillarda butun ittifoqda shov-shuv bo‘lgan "o‘zbeklar ishi" haqida yana eslab qoldi. Men arxivlarimni titkiladim, qayta qurish davridagi "Ogonyok"ni varaqladim – hammasida Rashidov o‘zbek mafiyasining boshlig‘i sifatida ko‘rsatilgandi. Shunda mening qahramonim aynan u ekanligini anglab yetdim!
Men uning tarjimai holi asosida hali ham tirik bo‘lgan liberal targ‘ibotga qarshi kitob yozishga qaror qildim. Ushbu g‘oya tug‘ilgach, 8-noyabr kuni kitobning ilk sahifasini yozdim.
— Arxivlar bilan muammolar bo‘lmadimi? Kitob uchun ma’lumotlarni qayerdan oldingiz?
— Uyimda 30-yildan beri to‘plab kelayotgan ulkan arxivim bor. Armiyadagi qismimizda sovet davrining qatag‘onga uchragan arboblari haqidagi kitoblarni tashlab yuborishayotganida ancha kitoblarni asrab qolgandim. Menda Stalin va boshqa davlat arboblari haqidagi ma’lumotlar jildi bor edi. "O‘zbeklar ishi" bo‘yicha ham alohida jild bo‘lib, u kitobning asosini tashkil qildi.
Ayrim ma’lumotlarni tarix kutubxonasidan topdim.
Umuman olganda, kitob juda oson yozildi, men o‘zimga kerakli hujjatlarni topdim. Bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi – odatda, uzoq va ko‘p izlashga, kerakli ma’lumotlarni tekshirib, solishtirib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bu safar esa menga go‘yoki kimdir yordam bergandek bo‘ldi: yoki Sharof Rashidovich yoki unga ixlos qo‘ygan otam.
—Rashidovning jurnalist va yozuvchi sifatidagi tajribasi sizga kitob yozishda qo‘l keldimi?
— Uning yozuvchiligi menga katta yordam berdi. Men u yozgan kitoblarni o‘qib chiqdim, yozish uslubini o‘rgandim. U haqida yozish qiziqarli bo‘ldi, birinchidan, o‘z millatdoshim haqida yozayotganligim uchun, men baribir yarim o‘zbekman, ikkinchidan adabiyotga aloqador bo‘lganligim uchun. Buning ustiga, Rashidov men uchun begona bo‘lmagan respublikani boshqargan. Men 2007-yilga, O‘zbekistonga qilgan safarimga qaytaman: men butunlay boshqa mamlakatni ko‘raman deb o‘ylagandim, lekin xuddi Sovet Ittifoqining eng yaxshi ko‘rinishiga tushib qolgandek bo‘ldim.
—Rashidov qanday qilib jurnalist va yozuvchilikdan yuksak partiyaviy lavozimga ko‘tarilgan? Bu yo‘l oson emas.
— U partiyaga frontda a’zo bo‘lgan. Urushdan qaytgach, o‘sha davr rahbarlarinig e’tiboriga tushgan, uni Samarqand viloyat qo‘mitasiga kadrlar bo‘yicha kotib etib tayinlashgan. U xodimlarni tanlash bilan shug‘ullangan, bu esa uning yaxshi-yomonni ajrata olganligini bildiradi. Aks holda unga bunday ishni topshirishmasdi.
— So‘ngra partiyaviy ko‘tarilish va zilzila hamda "paxta ishi"dan aziyat chekkan respublika tepasida 24-yil rahbarlik qilish.
— Ha, lekin u 24 yil birinchi kotib bo‘lgan, bungacha esa to‘qqiz yil davomida bugungi til bilan aytganda, prezident – O‘zbekistondagi ikkinchi shaxs ham bo‘lgan. U prezident sifatida (o‘sha davrda O‘zbekiston SSR oliy soveti prezidiumining raisi deb atalgan) tashrif buyurmagan Osiyoning biror respublikasi qolmagan. Aynan o‘sha davrda u Moskva e’tiboriga tushgan davlat arbobiga aylangan. U respublika miqyosidan o‘sib, jahon miqyosidagi yetakchiga aylangan. U birinchi kotib bo‘lishga huquqi va barcha asoslarga ega bo‘lgan insonlardan biri edi.
— Sizningcha, Rashidov siyosat tarixida yetarlicha baholanmagan shaxs bo‘lib qoldimi yoki avlodlar uning mehnatini baholay olishdimi?
— U biz "o‘zbeklar ishi" deb ataydigan voqealar arafasida hayotdan ko‘z yumgan. U 1983-yilning 31-oktabrida hayotdan ko‘z yumgan, 1986-yil yanvarida esa O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi syezdda Rashidov qoralangan. Adolat yuzasidan qayd etish kerakki, u o‘sha davrdagi rahbarlardan biror nimasi bilan ajralib turmagan va u haqida aytilgan ko‘p gaplar haqiqatga mos kelmaydi.
— Lekin unga nisbatan iliq munosabat saqlanib qolgan-ku?
— Oddiy odamlar u haqida iliq xotirlashadi, xalq xotirasi esa eng oliy mukofot. Hamma aybni unga ag‘darishgan, u nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Sovet Ittifoqining bosh korrupsiyachisiga aylangan… Agarda u korrupsiyaga aloqador bo‘lgan bo‘lsa, bundan qochishning iloji yo‘q edi, chunki korrupsiya barcha sovet respublikalarida bor edi. Shunchaki aynan O‘zbekistonni tanlashgan, u yerda korrupsiyaga qarshi emas, shaxsan Sharof Rashidovga qarshi, u tarbiyalagan kadrlarga qarshi kurashishgan. Ozarbayjonda yoki 1972-yilda Gruziyada bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi jarayonlarda rahbarlarni mahalliy amaldorlar ag‘darishgan. O‘zbekistonga esa Moskvadan cheksiz vakolatlarga ega bo‘lgan butun boshli desant tashlangan.
— Kitobingiz qahramoni haqida mehr bilan gapirasiz. Aksincha, uning qanday kamchiligi sizga yoqmaydi?
— Rashidovning bir kamchiligi bo‘lgan – u ishonuvchan inson bo‘lgan. Bu har qanday ziyoli insonga xos. Barcha sovet arboblari ko‘proq partiyaviy bo‘lishgan, Rashidov esa sobiq o‘qituvchi, yozuvchi, siyosatda kamroq yurgan shaxs bo‘lgan. U barchani o‘ziga o‘xshatgan va mana shunda adashgan. Rashidov o‘zi egri qadam tashlamagani uchun u ishga taklif qilgan odamlar ham shunday bo‘ladi deb hisoblagan.
— Ko‘pchilik Rashidovni siyosiy tizim qurboni bo‘lgan deydi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
— U romantik bo‘lgan. U oktabr inqilobi arafasida tug‘ilgan va ehtimol mana shu holat unga romantizm bag‘ishlagan.
Uning sovet tizimi bilan munosabatlarini oladigan bo‘lsak, uning faoliyatiga bosqichma-bosqich qarashimiz lozim. 1940-yillardagi Sharof Rashidovich mana bu, u 1950-yillarda, 1960-1970-yillarda butkul boshqa Sharof Rashidov.
Rashidov va unga o‘xshagan boshqa romantiklar o‘rniga Eduard Shevardnadzega o‘xshagan tijoratchilar kela boshladi. Rashidov umri oxirlarida bu tizim qayoqqa qarab ketayotganligini va hokimiyat tepasiga qanday odamlar kelayotganini juda yaxshi tushundi. Uni 1980-yillar o‘rtalarida shakllangan tizim qurboni deb atash mumkin.
— Sovet Ittifoqi parchalanishi bilan Rashidov ham "paxta ishi"dagi boshqa ayblanganlar qatori oqlandi. Hozirda O‘zbekistonda 100-yillik tavallud ayyomi arafasida ushbu siyosatchi qaytadan kashf etilayotgandek. Bu kimning xizmati: yangi prezidentningmi yoki xalqning so‘rovimi?
— Menimcha, hammasi tabiiy. 2007-yilda O‘zbekistonga kelganimda Rashidovning nomini ommalashtirish bo‘yicha hech qanday kampaniya o‘tkazilmasa ham uni eslashardi. Unga haykal qo‘yilgan, uning nomi bilan ko‘chalar atalgan.
Rashidov yetuk arbob bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatning ilgarigi rahbarlari uning xotirasini saqlab qolishgan. Xalq xotirasi ham, hukumat xotirasi ham Rashidov tavalludining 100-yilligi arafasida bir-biriga mos keldi. Bunda bugungi rahbariyatning ham hissasi beqiyos. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokisiz bunday miqyosdagi tadbirni tashkil qilish qiyin edi. Rashidov tarjimai holidagi qora dog‘lar esa tez orada o‘chib ketadi deb umid qilaman.