TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Sharof Rashidov tahsil olgan bosh binosi peshtoqiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasi ochildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumati portali.
Sharof Rashidov keyinchalik viloyat, respublika idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan paytlarida ham qadrdon universitetiga tez-tez kelib turgan. Ustozlari, do‘stlarini yo‘qlagan, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatgan.
Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda o‘zbek xalqining sevimli farzandi ana shunday xotiralar bilan yodga olindi.
Viloyat jamoatchiligi vakillari, poytaxt va Jizzax viloyatidan kelgan mehmonlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 27-martdagi "Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra mamlakatda ushbu sana munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
"Samarqandda Sharof Rashidov bormagan, bu insonning e’tibori bilan obod etilmagan mahalla, qishloq yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, — deydi "Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi H.Normurodov. — Ayniqsa, u kishi olis qishloqlarda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning og‘irini yengil qilishga alohida e’tibor qaratgan. Viloyatimizdagi ko‘plab chekka qishloqlarda u kishining tashabbusi bilan zamonaviy turar joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari bunyod etilgan".
Tadbirda Sharof Rashidovning qizi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Polimerlar kimosi va fizikasi instituti direktori, akademik Sayyora Rashidova otasi xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning boshida turgan O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirgan.