TOShKENT, 24 okt – Sputnik. Bugun Toshkent shahri Mirobod tuman sudida ayovsiz kaltaklanishi oqibatida kasalxonada vafot etgan Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi Jasur Ibrohimov ishi yuzasidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu jinoiy ish yuzasidan davlat ayblovchisi Baxtiyor Akromov xulosasi tinglandi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri sud majlisidan.
Prokuror nutqini e’tiboringizga havola qilamiz.
"Hurmatli sud hay’ati va protsess ishtirokchilari!
Davlatimizning bosh vazifalaridan biri — inson haqida g‘amxo‘rlik qilishdir.
Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson omili, uning shaxsiy huquqi va erkinliklari qat’iy mustahkamlanib qo‘yilgan. Chunonchi, Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar qonun oldida tengligi qayd etilgan bo‘lsa, uning 19-moddasida fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir. Ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi belgilangan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3.5 moddasida fuqarolik va Siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 6,7, 10, 11-moddalarida insonning yashash huquqi, qadr-qimmati, ozodligi va xavfsizligi, sha’ni va obro‘yining himoya qilish kabi huquqlari mustahkamlangan.
Bu xalqaro huquqiy meyorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham asosiy negizini tashkil qiladi.
…Darhaqiqat, insonning hayoti va sog‘ligi shaxsning bebaho boyligi hisoblanadi. Va uning bu boyliklardan mahrum etilishi yoki ularga shikast yetkazilishi shaxs uchun katta fojea hisoblanadi.
Inson yashar ekan, hayotdan, uning ne’matlaridan bahramand bo‘lib yashashga intiladi. Hayotdan mahrum qilingan shaxsning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
Insonning sog‘ligiga zarar yetkazilishi — unga jismoniy, axloqiy, ruhiy azoblar berib uning hayotiy faoliyatini cheklab qo‘yadi.
Mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy siyosat yuzasidan amalga oshirilayotgan barcha tadbirlar inson manfaatlari uchun mo‘ljallangan. Insonni qadrlash esa — eng oliy maqsadlardan biridir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson va fuqarolarning yashash huquqlariga oid xalqaro andozalar o‘zining to‘la aksini topgan.
Shu bois, qonun bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy qadriyatlar qatorida inson uning shaxsi bilan bog‘liq barcha qadriyatlar ijtimoiy ma’noda tengi yo‘q.
…Inson hayoti — oliy darajada muqaddas hisoblanadi hamda u muhofaza qilinadi.
Shu bois ham qasddan badanga og‘ir shikoyat yetkazish, uning oqibatida jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi og‘ir jinoyat bo‘lib, unga qarshi kurash olib borish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Aksincha, inson hayoti va fuqarolarning yashash huquqlarini ta’minlanishiga qaratilgan izchil sa’i-harakatlarga qaramasdan ayrim kimsalar insonlarning yashashga bo‘lgan huquqiga qarshi qaratilgan jinoyatlarni sodir etmoqdalar.
Ana shunday shaxslardan biri shu sud zalida temir panjara ortida o‘tirgan sudlanuvchi To‘laganovdir.
Hurmatli raislik etuvchi, sud hay’ati azolari va majlis qatnashchilari. Bugun biz sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujalilovichga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni yakunlash arafasida turibmiz.
Natijada, Ibrohimov, qorin bo‘shlig‘i a’zolarining jarohati, o‘n ikki barmoqli ichak devorining travmatik yorilishi, qorin parda orqa to‘qimalari gematomasi, ko‘ndalang chambarichak gematomasi, oshqozon osti bezi lat yeyishi, o‘ng buyrak lat yeyishi, boshmiya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona o‘ng qismi teri osti gematomasi, peshona, burun, ko‘krak, qorin, bel sohalarida, qo‘l-oyoqlarida ko‘plab shilinmalar va yumshoq to‘qimalar lat yeyishi kabi tan jarohatlari borligi aniqlanib, unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 1-iyun 2017-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Komissiyaviy sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Ibrohimovning o‘limi — qorin bo‘shlig‘i a’zolarining yopiq o‘tmas jarohati, o‘n ikki barmoqli ichak devorining travmatik yorilishi, qorin parda osti to‘qimalari, ko‘ndalang chambar ichak gematomalari, oshqozon osti bezining lat yeyishi, o‘ng buyrakning lat yeyishidan so‘ng rivojlangan o‘tkir postravmatik gangrenoz aletsidit, o‘tkir postravmatik o‘choqli pankreokroz, peritonit va pnevmoniya natijasida bosh miya va o‘pkalar shishishi hamda o‘tkir yurak qon tomir hamda nafas yetishmovchiliklar yuzaga kelishi natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Dastlabki tergov organlari tomonidan To‘laganovning aybi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat 104 moddasi 3 qismi "d" bandi bilan to‘g‘ri malakalanib, to‘g‘ri baho berilgan. Unga nisbatan jazo tayinlashda uning shaxsini, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati, jazoni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olish lozim bo‘ladi.
Hurmatli sud!
Yuqoridagilarga ko‘ra, sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujalilovichni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashni belgilashingizni so‘rayman.
Muhtaram majlis ishtirokchilari, ishonchimiz komilki, siz ham o‘zlaringizning yashab kelayotgan joylaringizda, mahalla kuyda va keng jamoatchilik orasida bugungi kunda ko‘rilishi yakunlanayotgan, yuqorida qayd etilgan jinoyatning oqibatlarini kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar haqida tushuntirasiz.
Bu orqali, kelajakda kimnidir bunday jinoyatga qo‘l urishdan qaytaradi, kimnidir ushbu jinoyat qurboni bo‘lishidan saqlab qoladi.
Binobarin, insonning hayoti va sog‘ligi — shaxsning bebaho boyligi hisoblanib, uni bu ne’matdan mahrum etilishi yoki unga shaxs shikast yetkazishi shaxs uchun katta fojia hisoblanadi. Chunki hayotdan mahrum qilingan shaxsning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.
E’tiborlaringiz uchun rahmat".
Jasur Ibrohimov ishi bo‘yicha keyingi sud majlisi juma kuniga belgilandi. Navbatdagi sud majlisida tomonlar advokatlari xulosalari tinglanadi.