TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Mirobod tuman jinoiy ishlar sudida ayovsiz kaltaklanib, olingan jarohatlar tufayli olamdan o‘tgan Jasur Ibrohimov ishi bo‘yicha uchinchi sud eshittiruvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sudda guvoh sifatida ishtirok etgan marhum Ibrohimovning kursdoshlari — Timur B. va Begzod S. bir-biriga zid ko‘rsatma berishdi: Jasurning kollejdagi do‘sti va kursdoshi Timur o‘z ko‘rsatmalari davomida "razbor" uchun ko‘chaga chiqish taklifi Islom To‘laganovdan chiqqanini aytgan bo‘lsa, Jasurning yana bir o‘rtog‘i, partadoshi — Begzod Sobirov — yigitlarni tashqariga chaqirgan aslida Jasur ekanligini qat’iy ta’kidladi.
O‘smirlarning fikri bitta joyda mos tushdi — ikkisi ham hamma (ya’ni Jasurning gruppadoshi — O‘lmas, 3 kurs talabalari — Hurmat va Timur, shuningdek kursdoshlari Timur va Begzodlar — tahr.) bu mojaro tinch yo‘l bilan hal etilishini xohlashganini aytishdi.
Timurning aytishicha, u Jasurni mushtlashuvdan qaytarishga harchand urinmasin, marhum bu taklifni qabul qilmagan. "Jasur Islom uning boshidagi jarohati haqida aytgan so‘zlari uchun javob berishini xohlardi", — dedi u.
"Urush ro‘y bergan kuni, 2 para vaqtida, o‘qituvchimizning iltimosiga ko‘ra axlat tashlab kelishga ko‘chaga chiqdim. Begzod va Jasur esa hojatga ruxsat olishdi. Ketayotib yo‘lda Islom (To‘laganov, tahr.)ni uchratdim. Ikkimiz gaplashib qoldik. Orqamdan chiqqan Jasur Islomni ko‘rib: "Yur, gaplashib olaylik" deb uni chetga chaqirdi. Ular axlatxona tomon o‘tishdi. Suhbat o‘rtasida Jasur Islomning yuziga musht tushirdi", — deb hikoya qildi sudda Timur.
Birinchi guvoh — Timurning aytishicha, shundan so‘ng yigitlar "gaplashib olish uchun" ko‘chaga chiqishga qaror qilishgan.
Islom "bu yerda kameralar bor, ko‘chaga chiqaylik dedi", o‘z hikoyasida davom etdi u va bu taklifga Jasur rozi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Timurning aytishicha, Islom shu vaqt barsetkasini tashlab kelish bahonasida ichkariga yo‘l olgan, Begzod unga ergashgan. "Men esa Jasur bilan bordim. Shu yerda 3-kurs Timur va Hurmatlarni ko‘rib qoldim", — dedi u.
Barsetkasini darsxonasiga tashlab chiqqan Islomning yonida Begzoddan tashqari 2 kursda tahsil oladigan O‘lmas ham bo‘lgan.
Timurning aytishicha, yigitlar ayro-ayro bo‘lib kollej binosidan chiqqach, 145 maktab qarshisiga kelishgan. Guvohning aytishicha, Islom va Jasurni qolgan o‘smirlarning hammasi yo‘l-yo‘lakay mojarodan qaytarishga uringan, ammo bu urinishlar zoe ketgan.
"Urush boshida ular avval bir-birlarining yuziga solishdi, keyin esa kurashishga kirishdilar. Mana shu vaqtda Jasur va Islom muvozanatni saqlay olmay yiqildi", — dedi Timur.
Jasur va Islom yiqilgan mahal, Islomning do‘sti O‘lmas ular tomon bormoqchi bo‘lgan.
Timurning aytishicha, shu payt u O‘lmasni quchoqlab olib, ularning yoniga borishga yo‘l qo‘ymagan.
Begzod esa qulochini keng yoyib O‘lmasning yo‘lini to‘sib turgan.
Sudyaning "urushni kim bo‘lib birinchi boshladi va yigitlar qanday alfozda yiqildi" degan savollariga Timur aniqlik kirita olmadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, sud jarayoni davomida Timur o‘z ko‘rsatmalarida chalkashliklarga yo‘l qo‘ydi.
Avvaliga "ko‘chaga chiqish taklifi Islomdan chiqqan edi" deb aytgan bo‘lsa, sud davomida advokatning savollariga javob bera turib, hammani ko‘chaga chaqirgan Jasur edi degan gapni aytdi.
Advokatning "Nega siz yigitlar ketidan ergashdingiz" degan savoliga Timur "do‘stim Jasurni yolg‘iz qoldirgim kelmadi" deya javob berdi.
Timurning so‘zlariga ko‘ra, bolalar Jasur va Islomni ajratishgan. Lekin Jasur yana Islomga yopishib ketgan.
"Men ortga o‘girilganimda Jasur devor ostida yotardi. Islom uning ustida qo‘lini musht qilib turardi. Men Islomni itarib yubordim, Hurmat Jasurni turg‘azdi. Uning shimini qoqib, tozaladik. Jasurning burni qonagan edi. Islom Jasurga ro‘molchasini berdi. Mojaro yakunida Jasur Islom bilan boshqa urushishni xohlamasligini aytdi. Ular bir-biri bilan "besh tashlashib" xayrlashdilar", — dedi guvoh hikoyasi davomida.
Timurning aytishicha Jasur mojarodan keyin o‘zini yaxshi his qilgan.
Yigitlar tarqalishga qaror qilib, ortga yo‘l olgach, yo‘l chetida ikki ayolni ko‘rishgan. Ular ayollardan yuvinib olsak bo‘ladimi, suvlaring bormi deb so‘rashgan. Ular ruxsat bergach, Begzod stomatologiya podvalida Jasurni yuvintirib chiqqach, Timur esa darsga, 3 paraga yo‘l olgan.
"Men kollejga kirib kelganimda Begzod qo‘ng‘iroq qilib, Jasurning rukzagini olib kelishimni so‘radi. Men rukzakni olib borganimda Jasurning yana burni qonayotganini ko‘rdim. Begzod salfetka olib kelish uchun do‘konga ketdi. Men shu vaqt Jasurdan u o‘zini qanday his qilayotganini so‘radim. Jasur faqat qorni og‘riyotganini, hojatga borishni xohlayotganini aytdi. U uyimga borib uxlab olsam, hammasi o‘tib ketadi dedi", — deb hikoya qildi Timur.
Yigitning hikoyasiga ko‘ra, Begzod salfetka olib kelgach, yigitlar Jasurning burnidagi qonni artib, uni taksiga o‘tqazib, uyiga kuzatishgan.
"Men Jasurni mashinaga o‘tqazayotib, uyingga borishing bilan qo‘ng‘iroq qil, deb tayinladim. Ammo oradan 15 daqiqa o‘tib o‘zim qo‘ng‘iroq qildim. Jasur "Hammasi yaxshi", dedi. Oradan yarim soat o‘tib yana hol so‘radim, u yana yaxshiligini aytdi. Bir soatdan keyin esa telefonimni ko‘tarmadi. Men ikki marta qo‘ng‘iroq qildim. Ko‘tarmagach, uyquga ketgan bo‘lsa kerak, degan xayolda boshqa bezovta qilmadim", — deya ko‘rsatma berdi Bayazitov.
Ammo marhumning onasi yollagan advokat sud davomida Jasurning telefon so‘zlashuvlari chiqartirilganini aytib, marhumga mojarodan keyin haqiqatda qo‘ng‘iroqlar bo‘lganini tasdiqladi, shu bilan birga Jasur birorta qo‘ng‘iroqqa javob bermaganini ma’lum qildi.
Timur advokatning so‘zlaridan keyin ham Jasur uning qo‘ng‘irog‘iga shaxsan javob qaytargan degan gapidan qaytmadi.
"Men Begzod yonimdaligida qo‘ng‘iroq qilganman. U ham eshitgan", dedi u.
Sud davomida Timurdan oradan 1 kun o‘tib, u nega kollejga qo‘li gipslangan holatda kelganligi haqida savol berildi.
Timur bu savolga "yiqilib tushdim, meni "ekstrenniy" TashMIga olib borishdi. U yerda tegishli ma’lumotnoma berishgan", deb javob berdi. Timur qo‘li singanligi haqidagi ma’lumotnoma o‘zida yo‘qligini, uni prokuraturaga berishganini aytdi.
Ikkinchi guvoh o‘z ko‘rsatmalari davomida 3-may kuni haqiqatda o‘qituvchidan hojatga ruxsat so‘rab chiqqanini aytib, ko‘chada Islomga duch kelishganiga, keyin Jasur axlatxonaning yonida Islomning yuziga musht tushirganini so‘zlab berdi.
"Men hech narsaga tushunmasdim. Nima bo‘lyapti, deb so‘rasam, hech kim javob bermasdi", dedi u.
Begzodning ko‘rsatmalariga ko‘ra, hammani tashqariga chiqargan aslida Jasurligi ayon bo‘ldi.
"Jasur Islomni ko‘chaga taklif qildi. Islom bilan barsetkani tashlashga ketayotganimizda, "Jasur bilan to‘g‘ri yo‘l bilan gaplashib ol", deb tayinladim. Ko‘chaga chiqsak, 3-kurs Timur va Hurmat, Jasur bilan Timur turishgan ekan", — hikoyasini davom ettirdi guvoh.
Begzodning aytishicha, Jasur bilan Islom urushib-urishib, shu yerdagi devor atrofiga o‘tib ketishgan. Shu bois, yigitlar bir-birlariga qanday zarba berishganini u ko‘rmagan.
Mojarodan keyin Hurmat suv olib kelgach, Jasurning yuz-qo‘llarini yuvdik. Yo‘lda podvalga tushganimizda esa Jasurning qornida qizil oyoq izini ko‘rdim. "Qorning og‘rimayaptimi desam, yo‘q, burnim og‘riyapti dedi", deya voqealar ketma-ketligini eslashda davom etdi Begzod.
Begzodning so‘zlariga ko‘ra, uning travmotologiyaga olib boraymi, degan taklifiga Jasur unamagan. "Qornim og‘riyapti, hojatga borgim kelyapti" degan gapidan so‘ng Timurga qo‘ng‘iroq qilib, Jasurning sumkasini olib kelishini so‘radim", dedi Begzod.
Begzodning so‘zlariga ko‘ra, Borovskiy kolleji talabalari 4-may kuni Jasur Ibrohimov reanimatsiyaga tushganidan xabar topishgan.
Shu kunning o‘zida Borovskiy kollejiga oper kelib, yigitlarni so‘roq qilgan.
Shundan so‘ng ular IIBBga olib ketilgan va o‘sha yerda hammasidan ko‘rsatma olishgan.
Guvoh advokat tomonidan berilgan "Sizlar bilan mojarodan keyin Islom To‘laganovning otasi alohida gaplashganmi?" degan savolga rad javobini berdi.
"125 kg vazningiz bilan shu ikki yigitni ajrata olmadingizmi? O‘zingizni shu hodisada bir oz xatoga yo‘l qo‘ydim" deb hisoblaysizmi, degan savollarga Begzod Sobirov "biz hammasi bunaqa yakun topadi deb o‘ylamagandik" deya ta’kidladi.