TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida o‘ta shafqatsiz tarzda kaltaklanib, olgan jarohatlari oqibatida kasalxonada olamdan ko‘z yumgan Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha beshinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bu galgi sud majlisida shifokorlar: 2-sonli shahar bolalar jarrohlik shifoxonasi bosh vrach yordamchisi T. Hasanov va reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i M. To‘lkunovna guvohlik berishdi.
Tohir Hasanov sudda 3-may kuni navbatchilikda bo‘lganida, soat 22.30 da shifoxonaga Jasur Ibragimovni og‘ir ahvolda olib kelishgani haqida so‘zlab berdi.
Bemorning shok holatdaligi, rangi oqarganligi, qorin qismida og‘riq bo‘lgani va umumiy ahvolini inobatga olgan holda uni intensiv davolash ya’ni reanimatsiya bo‘limiga yotqizishga tavsiya etdim, deb aniqlik kiritdi vrach.
Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, Jasur ko‘rikdan o‘tkazilgach: qo‘shma jarohat — bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari Ibrohimovning peshona sohasida ko‘karish, bo‘yni, ko‘krak qafasining old qismi, qornining old tomonida qizarishlar, yumshoq to‘qimalarning ezilishi, teri osti gematomalari va qontalashlar, shilinishlar, kindikning yuqori qismida tufli iziga o‘xshash uzunchoq shaklda iz borligi kuzatilgan.
Jasur bir oz o‘ziga kelgach, vrach undan nima bo‘lganini so‘ragan. Jasur "beton ariqqa yiqildim", deb javob bergan.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, oradan bir oz vaqt o‘tib, Jasurning qornida og‘riq kuchayganligi tufayli qo‘shimcha lateropozitsiya rentgen o‘tkaziladi. Shunda bemorning kovak a’zolarida havo borligi(ichki a’zolarning teshilishi) aniqlangan va bemorga operatsiya tavsiya etilgan.
Operatsiya 5-may kuni vrachlar Butovchenko va shoshilinch bo‘lim mudiri Qurbonov tomonidan o‘tkazilgan. Operatsiya davomida oshqozon osti bezi va o‘t yo‘llarining ichakka ochiladigan sohasida yorilishi aniqlangan. Vrach so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi operatsiyalar eng og‘ir hisoblanadi. Chunki oshqozon tomonidan ajratiladigan sok (zaharli modda) jarohatning bitishiga to‘sqinlik qiladi va tikilgan joy ochilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Vrachning aytishi bo‘yicha, bunday opreatsiyalarda bemorning tuzalishi-tuzalmasligi 5 kun ichida ma’lum bo‘ladi(choklar ochilishi xavfi bo‘ladi). Jasur operatsiyadan yaxshi chiqqaniga qaramay, oradan 5 kun o‘tgach o‘sha asorat kuzatilgan.
Vrach Hasanovning bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, shifokorlar organizmga tushayotgan zaharni (sokni) otsos orqali olib tashlashga harakat qilishgan. Ammo Jasur tez orada respublika shoshilinch klinikasiga o‘tkazilgan.
Vrach sudda Jasur olgan jarohatlar borasidagi savoliga javob berar ekan, bemor aslida baquvvat bola bo‘lganini, shu bois boshida "buni bir nechta odam urgan" degan fikrga kelganini aytdi.
Vrach shuningdek, sud jarayonida Jasur reanimatsiya bo‘limida yotganida, sudlanuvchi kursisida o‘tirgan Islombek To‘laganovning otasi Jasurning yoniga "dodasi" tariqasida kirganidan xabardorligini, u bu haqda keyin eshitib qolganligini tasdiqladi.
Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i M. To‘lkunovna Jasurning o‘lishi hech qachon xayoliga kelmaganini aytdi.
"Biz uning tuzalishiga ishonardik", — deb ta’kidladi ayol o‘z ko‘rsatmalari oxirida.