TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. Toshkent shahridagi Borovskiy nomli kollejda yuz bergan fojia tafsilotlari borgan sari chigallashmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu kollej talabasi Jasurbek Ibragimov ayovsiz kaltaklanish oqibatida halok bo‘lgan edi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri sodir etilgan mudhish hodisaga aniqlik kiritishga harakat qildi.
Anjuman avvalida so‘zga chiqqan Abdujamil Rasulov (asosiy gumonlanuvchi — Islombek To‘laganovning otasi) o‘z farzandini hech qachon birovni kaltaklashga o‘rgatmaganini aytib, o‘g‘li aqlli va odobli bolaligini ta’kidlagan. Otaning aytishicha, ikki yigit o‘rtasidagi mojaro bir kun avval qiz bola tufayli ro‘y bergan.
"Mening o‘g‘lim mushtlashuvdan bir kun avval kollej yaqinida Jasurbek Ibragimov va shu kollejning yana bir talabasi Dilshod Abdullayevni uchratib qolgan. Ular qattiq ovozda surishayotgan bo‘lgan. O‘g‘lim ular bilan salomlashib, nima gapligini so‘ragan. Abdullayev Jasur uning singlisiga iltifot ko‘rsatayotganini va bu holat unga ma’qul emasligini aytgan. O‘shanda o‘g‘lim Dilshod Abdullayevga Jasur bilan tortishmaslik kerakligini, uning boshi lat yeganini eslatgan", — deb aytgan Abdujamil Rasulov.
Otaning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu voqea kelasi kun janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Va bu mojaro ilgari kurash bilan shug‘ullangan Ibragimov tufayli yuzaga kelgan.
Shu tariqa, otaning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan bolani bir martagina urganini tan olgan bosh gumondor aslida aybdor emas, uni shunchagi shunga majbur qilishgan. Ota shuningdek, jabrlanuvchi mojarodan so‘ng uyga yakka o‘zi yo‘l olganligi va og‘ir jarohatlarni yo‘lda, ya’ni janjaldan keyin olgan bo‘lishi mumkinligiga sha’ma qilgan.
Bundan tashqari, Abdujamil Rasulov Ibragimovning ota-onasiga dag‘dag‘a qilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ham inkor etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Jasurbekning ota-onasiga o‘g‘illarini davolatishlari uchun pul bergan va malakali shifokorlarni chaqirtirib, jabrlanuvchini MRTga olib borgan.
Buni matbuot-anjumanida ishtirok etgan huquq-tartibot organlari xodimlari ham tasdiqlashgan.
Mirobod IIBB tergov bo‘limi rahbari Muzaffar Asqarovga ko‘ra, ayni vaqtda militsiya ushbu ish bo‘yicha gumonlanayotgan olti talabani so‘roq qilmoqda. Shular orasida faqat Islombek To‘laganov o‘z aybiga iqror bo‘lgan va raqibini bir marta urganligini tan olgan, qolganlari mushtlashuvda ishtirok etganliklarini rad etishmoqda.
Halok bo‘lgan talaba tomondan ushbu uchrashuvda Jasurbekning qiz bola kursdoshining onasi ishtirok etgan. Ayol umuman boshqacha hikoyani so‘zlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yigit o‘rtasidagi mojaro bir yildan buyon davom etib kelmoqda. Hammasi esa Jasurbek Islobek To‘laganov tinch qo‘ymayotgan qizning yonini olgach boshlangan.
Mojaro kuni Islombek o‘z raqibini aldov bilan axlatxona yoniga chaqirib olgan. U yerda ikkisini Islombekning do‘stlari poylab turishgan. Avvaliga yigitlar birga-bir urush qilganlar, ammo sal keyin kimdir Jasurbekka zarba bergan, u yiqilib hushidan ketgan. Shundan so‘ng yigitlar uni oyoqlari bilan tepa boshlaganlar.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bu hodisa yuzasidan jinoiy ish faqatgina 31-mayga kelib ochilganini ma’lum qilib, jurnalistlarni bir oz kalovlantirib qo‘ydilar. Aytib o‘tish lozimki, hodisa 3-may kuni yuz bergan, yigitning onasi esa ichki ishlarga 5-may kuni murojaat qilgan. Militsiya xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, 5-maydan 31-mayga qadar "tergovdan oldingi harakatlar" olib borilgan, ammo halok bo‘lgan bolaning onasi o‘z maktubida ushbu masalada tuman IIBB harakatsizlik ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan.
Ushbu ish ayni vaqtda Toshkent IIBB tomonidan alohida nazoratga olingan va umid qilamizki, aybdorlar jazosiz qolmaydi. Va aybdorlar deganda nafaqat urganlar, balki o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatmaganlar, qolaversa, o‘z talabalarini nazoratsiz qoldirgan pedagoglar va eng asosiysi, farzandlariga mana shunday tarbiya bergan ota-onalarni nazarda tutmoqdamiz.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri voqea rivojini kuzatishda davom etadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.