TOShKENT, 18 apr — Sputnik. 2017-yil 18-aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14-yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2017-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Qayd etib o‘tildiki, qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tizimli amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilishi, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsatishi "Inson manfaati – har narsadan ulug‘" degan ezgu g‘oyaning hayotga izchil va samarali joriy etilishini ta’minladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatovning, Davarxitektqurilish qo‘mitasi raisi B.I.Zakirovning, "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati raisi F.I.Salomovning, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati raisi B.K.Zaripovning, Toshkent viloyati hokimi Sh.X.Boboyevning e’tibori hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tasdiqlangan o‘rtacha muddatli dasturlarini, shu jumladan, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani, qishloq joylarda va shaharlarda arzon uylar qurishni jadallashtirishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishning zarurligiga qaratildi.
Eng avvalo, xorijiy investitsiyalar jalb etilgan investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqishni ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida yirik strategik investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlab chiqarish obektlarini belgilangan muddatlarda so‘zsiz ishga tushirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I.Ibragimovning, "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi raisi A.S.Sultanovning, "O‘ztransgaz" aksiyadorlik kompaniyasi raisi E.R.Shoismatovning va "O‘zkimosanoat" aksiyadorlik jamiyati raisi A.A.Abdullayevning hisobotlari eshitildi. Muhokamalar davomida mamlakat Prezidentining Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasiga yaqindagi davlat tashriflari davomida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha imzolangan bitimlar va kontraktlarni o‘z vaqtida bajarishni ta’minlashga doir qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ular oldiga hududiy, moliya-budjet va soliq rejalashtirilishini takomillashtirish, mahalliy budjetlarning daromad bazasini oshirish amaliy chora-tadbirlarini bajarish, tumanlar va shaharlarning subvensiya darajasini pasaytirish va ularni subvensiyadan chiqarish, naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish hisobiga makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlashni ta’minlaydigan kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati alohida qayd etib o‘tildi. Ularning ishlari samaradorligi aniq mezonlari bo‘yicha baholanadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.K.Sharapovning e’tibori turizm sohasini rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini izchil amalga oshirish, turizm industriyasi subektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan barcha to‘siqlar va g‘ovlarni olib tashlash, turizm xizmatlari bozorida raqobatni tashkil etishga yo‘naltirilgan dasturiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni tezlashtirish zarurligiga qaratildi.
Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada kengaytirish va safarbar qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalda ro‘yobga chiqarishni ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozukulovning, tashqi savdo vaziri E.M.G‘aniyevning, Jizzax va Buxoro viloyatlari hokimlari U.Y.Uzoqov va O‘.I.Barnoyevning, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ishi natijadorligi batafsil tahlil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozukulovga, tashqi savdo vaziri E.M.G‘aniyevga, "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasi raisi O.B.Rustamovga, "O‘zagroeksport" kompaniyasi raisi J.A.Xolmuxamedovga, barcha darajalardagi hokimliklarga logistikaning zamonaviy tizimini rivojlantirishni jadallashtirish, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini, shu jumladan, Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o‘tkazilishi davomida tuzilgan shartnomalar doirasida eksportga yetkazib berishning kafolatlangan hajmlarini ta’minlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Majlisda 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini hamda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan maqsadli parametrlarini muvaffaqiyatli bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha mamlakat prezidentining joriy yil 11-apreldagi qarori talablari amalda ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha 2017-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan mavjud zaxiralarni safarbar etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.