TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish profilaktika kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyat IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi (HOOB) voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi xodimlari tomonidan Termiz shahridagi iqtisodiy-ijtimoiy kasb-hunar kolleji hamda shahardagi markaziy dehqon bozorida tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Viloyat IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi rahbari, mayor Husniddin Umbarovga ko‘ra, bugungi kunda voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati o‘z vaqtida darsga kelmaydigan, saboqlarni o‘zlashtirishda birmuncha ortda qolayotgan o‘quvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
"O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim yoshlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga moyilligi ularning oilasidagi tarbiyaviy muhit og‘irligi bilan bog‘liqdir. Shunday ekan, nafaqat bu yoshlarning o‘zi bilan, balki ularning oilasida ham farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati va uning qonuniy asoslari yuzasidan profilaktik tadbirlar olib borish lozim", — deydi Umbarov.
"Profilaktika kuni tadbirlari doirasida Termiz shahridagi markaziy dehqon bozorida arava tortib yurgan voyaga yetmagan bir o‘quvchi bilan suhbatlashdik. U o‘qishga qatnashishga ishtiyoqi borligi, lekin otasi bunga yo‘l qo‘ymasligi, har kuni “pul topib kel” deb uni uydan chiqarib yuborishini aytdi. Uning xonadoniga borib, otasiga bu qilmishi qonun bilan cheklanganligini tushuntirdik. Ichkilikbozlik dardiga yo‘liqqan otaga qonun doirasida chora ko‘rildi. Afsuski, ichkilikka mukkasidan ketgan, hech qayerda ishlamaydigan otaning noshudligidan aziyat chekkan bolaning taqdiriga mahalla-ko‘y, jamoatchilik shu paytgacha befarq qarab kelgan", — deb ta’kidlaydi Umbarov.
Xabarga ko‘ra, mutaxassislar profilaktika tadbirida ota-onalar bilan ham suhbatlar o‘tkazishgan. Bola huquqlarini tushuntirish bo‘yicha mahallalarda hamkorlikda tadbirlar olib borish, bunday tadbirlarda yosh oilalar ham ishtirok etishiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.