TOShKENT, 11 apr – Sputnik. Kecha 10-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning ma’suliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi" yangi qarori e’lon qilindi.
Mavjud bo‘lgan kamchiliklar
Dastavval Qarorda Ichki ishlar organlari faoliyatida oxirgi yillarda to‘planib qolgan ko‘plab muammolar sanab o‘tilgan, xususan:
IIVning o‘rta va quyi bo‘g‘indagi bo‘linmalar orasida asosiy vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagani, markaziy va o‘rta bo‘g‘inning ba’zi xizmatlarida, keragidan ham ortiqcha shtat birliklari saqlanib turgan bir paytda, quyi bo‘linmalar zimmasiga haddan ziyod xizmat vazifalari yuklanishi;
jismoniy va yuridik shaxslarmurojaatlari yuzaki ko‘rib chiqilib, rasmiyatchilik uchungina javob berilayotgani fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarmoqda va ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga shikoyat bilan murojaat etishga majbur qilmoqda;
o‘sib kelayotgan avlodni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishga, yoshlar jinoiy faoliyatga, avvalambor, terrorizm va diniy ekstremizmga jalb etilishining oldini olishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, ichki ishlar organlarining tarbiyaviy o‘rni sezilmayapti;
ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi hozirgi talablarga javob bermaydi, poraxo‘rlik va xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish holatlari hamon uchrab turibdi;
eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etish, ichki ishlar organlarini zamonaviy vositalar va asbob-uskunalar bilan jihozlash darajasi qoniqarsizligicha qolmoqda.
Ushbu kamchiliklarni hisobga olgan holda, Qarorda rivojlanishining eng muhim yo‘nalishlari belgilangan:
1. Xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi professional tuzilma. Ichki Ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish;
2. Har bir bo‘linma vazifasini aniq belgilab olish. Ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish;
3. Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish. Xalq bilan aniq maqsadni ko‘zlab o‘tkaziladigan tizimli muloqotni ta’minlash;
4. Murojaatlarga javob berish. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini o‘rnatish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun vakolat doirasida barcha vositalarni ishga solish;
5. Aholi va parlament oldida hisobot. Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida muntazam hisobot berib borishi tizimini, qilingan ishlarga baho berishning aniq mezonlarini, shuningdek ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish;
6. Huquqbuzarlik profilaktikasi. Avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasizlik tuyg‘usini singdirish yo‘li bilan huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishini ta’minlash;
7. Yoshlar tarbiyasi. Voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish;
8. Malaka oshirish. Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yanada takomillashtirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
9. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish. Ichki ishlar organlari barcha bo‘linmalarining faoliyati yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
10. Moddiy-texnik va xodimlar yashash sharoitini yaxshilash. Ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni xizmat turar joylari bilan ta’minlash.
Hisobot va tanqid
Yuqorida belgilangan yo‘nalishlar va choralar amalga oshirilayotgani haqida Ichki Ishlarning Respublika, viloyat va tuman rahbariyati Xalq deputatlari Kengashlari va Parlament oldida doimiy hisobot berib boradi va ularning hisoboti tanqidiy nuqtayi nazardan qabul qilinadi. 2017-yil 1-oktabrdan quyidagi tartib o‘rnatilsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitiladi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlarining hisobotlari hamda har oyda ularning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshliqlarining hisobotlari eshitiladi.
Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilayotganda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar va ishlar natijasi tanqidiy muhokama qilinishi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho berilishi, shuningdek egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinishi belgilab qo‘yilsin.
Tashkiliy o‘zgarishlar
Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida – Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi;
Ekspert-kriminalistika markazi va Ekspert-portlatish texnikasi markazi negizida – Ekspert-kriminalistika bosh markazi;
Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi, Moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi, Xo‘jalik boshqarmasi, Kapital qurilish boshqarmasi negizida – Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi;
Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasining Xalqaro hamkorlik bo‘limi hamda Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasining Inson huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘limi negizida – Xalqaro hamkorlik boshqarmasi.
Boshqarma va departamentlardagi o‘zgarishlar
Tergov bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga;
Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati Kadrlar bosh boshqarmasiga;
Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasi Tashkiliy-inspektorlik va axborot-tahlil bosh boshqarmasiga;
Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga;
Shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspeksiya O‘z xavfsizligi boshqarmasiga;
Kotibiyat Jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish boshqarmasiga;
Aloqa bo‘limi Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasiga;
Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasiga, tarmoq ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari, bo‘linmalari) transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlariga;
Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti Harbiy-texnika institutiga;
Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi Yong‘in xavfsizligi institutiga;
Serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlariga o‘zgartirilsin.
Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi
Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i lavozimi joriy etilsin va u profilaktika inspektorlari ishini, avvalambor, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘lishi belgilansin.