TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "O‘zbekiston" telekanalida xabar qilindi.
"O‘tgan yilda 4518 nafar xodim, shundan 966 nafar xodim salbiy sabablarga ko‘ra ichki ishlar idoralaridan bo‘shatilgan. Ularning aksariyati poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Bunday holatlarda aholi orasida ichki ishlar xodimining obro‘sini qanday qilib oshirish mumkin? Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak?", — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari jinoyatlarni ochish borasida ham qator kamchiliklar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, o‘g‘irlik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh etilmagan.
Jinoyat-qidiruv faoliyatida jiddiy nuqsonlar uchramoqda, ayrim joylarda huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik talab darajasida emas. Qidiruvda yurgan aksariyat shaxslarning qo‘lga olinmayotgani ularga jinoiy qilmishlarini davom ettirishga imkon beradi va bu g‘oyat tashvishli holdir.