TOShKENT, 10 fev — Sputnik. 9-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammolar va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda yoshlar va ayollar jinoyatchiligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Prezident ichki ishlar organlari quyi bo‘g‘in bo‘linmalari, militsiya tayanch punktlari va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, barcha ta’lim muassasalariga profilaktika inspektorlarini biriktirib, ular kundalik ish faoliyatini ta’lim muassasalaridan boshlashni amaliyotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, yoshlar sodir etayotgan jinoyatlarni chuqur tahlil qilib, ularning sababi va kelib chiqishiga zamin yaratuvchi shart-sharoitlarni aniqlash zarurligi ta’kidlandi.
Mirziyoyev profilaktika inspektorlari malakasini oshirish bo‘yicha tizim yaratish kerakligiga alohida e’tibor qaratdi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston rahbari ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
MajlisdaIIV organlarining har bir xodimi bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, har bir oila, har bir inson, mahalla xavfsizligini ta’minlashdek murakkab va sharafli vazifani bajarish uchun kuch-g‘ayratini safarbar etishi lozimligi ta’kidlandi.