TOSHKENT, 11 apr — Sputnik. Kuni kecha Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.
Uning zimmasiga profilaktika inspektorlari ishini, avvalambor, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi.
Shu bilan birga, farmonda tizimda qator tashkiliy oʻzgartishlar nazarda tutilgan. Ayni paytda dunyoning turli mintaqalarida xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning yangi tahdidlari paydo boʻlayotgani jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatni ichki ishlar organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida yanada kuchaytirish zarurligini taqozo etmoqda.
Ushbu holatlar eʼtiborga olingan holda, Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashkil etilmoqda.
Taʼkidlash oʻrinliki, kadrlar bilan ishlash, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi qoniqarli darajada emasligi ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud kamchilik va muammolar sabablaridan biridir.