TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-mart kuni video-muloqoti chog‘ida Milliy teleradokompaniyasi faoliyatiga "Axborot" va "Davr" informatsion dasturlaridan kelib chiqib aytgan tanqidiy fikrlari O‘zbekiston jurnalistlari orasida keng muhokama qilinmoqda.
Lekin, ayni vaqtda, O‘zbekistondagi barcha matbuot nashrlarida chop etilayotgan, teleradio tizimida efirga uzatilayotgan materiallarda, jamiyatning og‘riqlarisiz, silliqqina, hech kimning xayrihohligi yoki g‘azabiga sabab bo‘lmaydigan yumshoqqina materiallar e’lon qilimoqdaki, bu haqli ravishda ommani o‘ylantiradi. Boshqa matbuotga murojaat qilishiga sababchi bo‘ladi.
2017 yilda O‘zbekistonda 800dan ziyod davriy nashrlar ro‘yxatga olingan. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining moddiy texnika bazasini yangilash, dasturlar sifatini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan islohot davom etmoqda.
Nazarimizda, buning uchun "mahalliylik"ka ruju qilmay kadrlar siyosatini joy-joyiga qo‘yish, "ura-urachilik", "o‘zibo‘larlik" va "loqaydlik"ka barham berish kerak. Aks holda o‘zbek tomoshabinining "jannat"dan tayyorlanayotgan biroqlama teledasturlarga, informatsion ko‘rsatuvlariga e’tiborini qaratish oson bo‘lmaydi.
O‘zbekiston prezidentining bunday keskin noroziligiga nima sabab bo‘lgan? O‘z.MRTKda "ura-urachilik"ning yuzaga kelishining ichki sabablari nimalardan iborat?
O‘zbekiston MTRKda bir necha yildan buyon faoliyat yuritayotgan, tajribali jurnalistlardan biri bu savolga quyidagicha javob berdi: "…bunga O‘z.MRTK dasturlarida tayyorlab efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar va informatsion dasturlar sifatining bo‘shligi, ularda ko‘tarilayotgan mavzularning tomoshabin uchun qiziqarsiz va bir yoqlama ekani ham sabab bo‘lmoqda".
"Sohadagi bu "ura-urachilik"dan qanday qutulsa bo‘ladi? Nima qilsa yoki qanday yondashilsa, eskicha fikrlash barham topadi?", — degan savolga manba: "Buning uchun birinchi navbatda har bir ko‘rsatuv va eshittirishning formatini o‘zgartirish kerak. Unga qo‘yiladigan talablarda erkin fikrni qo‘llab-quvvatlash, xalq va Vatan manfaatlariga, inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik, murosasizlik kabi xususiyatlar ustuvorlik qilishi kerak", — deya javob qildi.
Manbaning so‘zlariga qaraganda, jurnalist kadrlarni ishga qabul qilishda tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik kabi illatlar ham teleko‘rsatuvlarning sifatsiz, xom-xatala tarzda tayyorlanishiga, shu holda efirga uzatilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu kabi zerikarli, 10-15 minut ichida boshlanib-tugaydigan, uch pulga arzimas majlislarda og‘iz ko‘pirtirib maqtanishdan boshqa narsani bilmaydigan tashkilotchilarning uzuq-yuluq gaplarini uyoq-buyog‘ini bejab, efirga berishni bas qilish lozim. Kadrlarni ishga olish va kasbiy mahoratiga ko‘ra ko‘rsatuvlar joy-joyiga qo‘yishda ichki muammolar mavjud", — deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.
Bu esa o‘z navbatida, yuqoridagi fikrlarning shakllanishiga, xalqning esa o‘z matbuotidan yuz o‘girib, boshqa kanallarni ko‘rishiga sabab bo‘ladi", — deya o‘z fikriga yakun yasadi suhbatdosh.