TOShKENT, 3 apr — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbek televideniyesining bugungi ahvoli haqida nima deya olamiz? Bugungi kunda oynai-jahondan o‘rin olayotgan dasturlar xalqqa manzur kelyaptimi? Bu sohaga biriktirilgan rahbarlar o‘z vazifalarini qay darajada uddalay olyaptilar?
O‘zbek televideniyesining bugungi holati haqida televidenie sohasida faoliyat yuritgan shoir Muhammad Ismoil fikr bildirdi.
Tanqid sababini rahbarlardan izlash kerak
"Alisher Xo‘jayev (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining sobiq raisi, tahr.) yuzlab iqtidorli telejurnalistlarni, rejissorlarni, muharrirlarni ishdan haydab, televideniyeni chala o‘lik holatga keltirgan edi. Uni ishdan bo‘shatishdi-yu, lekin uning o‘rniga kelganlar bundan saboq olmadi. Yana eski hammom, yana eski tos vujudga keldi. Nuritdinov Xo‘jayev nega ishdan olinganini o‘ylab ko‘rmadi".
O‘zbekiston minbari
"Televideniya, istaymizmi yo‘qmi, matbuotning yuragi. Uni har kuni millionlab odam ko‘radi. Televideniya, qudratli davlatimiz yuritayotgan siyosatning yalovbardori. Buyuk mamlakatimiz minbari. Bu minbarga har kuni o‘ttiz ikki million aholi qarab o‘tiradi.
Bu kimning asabini o‘ynatmaydi?
Davlatimiz televidenie faoliyat yuritishi uchun mustaqilligimizni mafkurasini kuchaytirish uchun millatimizni ma’naviyatini kuchaytirish uchun mamlakatimizda g‘oyaviy barqarorlik hukmron bo‘lishi uchun har yili budjetdan milliardlab mablag‘ ajratadi.
Ammo televideniyega qarasangiz, faqat kurakda turmaydigan gap so‘zlarni eshitasiz, chet el seriallarini tomosha qilasiz, tuturuqsiz ashulachilarni tinmay tomosha qilaverasiz…
Elchi qayerdayu, hokim nega ishdan olindi?..
O‘zbekiston televideniyesida birorta tahliliy, tanqidiy ko‘rsatuv yo‘q. Biror telejurnalist jurnalistlik tadqiqot olib bormaydi. Biror atoqli olim, faylasu, vazir, viloyat hokimi chiqmaydi. Birorta elchimiz qayerda, nima ish qilayotganini gapirmaydi. Birorta partiya rahbari nimani o‘ylayotganini, nima to‘g‘riyu, nima noto‘g‘ri bo‘layotganini gapirmaydi.
Tuman hokimlari, viloyat hokimlari almashadi, ular nega almashgani haqida tahliliy ko‘rsatuvni hali ko‘rganimiz yo‘q. Vazirlar almashadi, ularni nega almashgani haqida biror kishi chiqib bir narsa demaydi. Ularning yo‘l qo‘ygan xato va kamchiligi boshqalarga o‘rnak bo‘lsin, bu ishlar boshqa qaytarilmasin degan ma’noda tahliliy ko‘rsatuvlar qilinmaydi. Xuddi biz boshqa sayyoradamizu, odamlar boshqa sayyorada yashayotgandek.
Televizorda faqat serial, kino, ashula…
Otga atalgan qamchi boshimga tushmasin desangiz…
Xullas, gapirsak gap ko‘p. Shavkat Mirziyoyev "Axborot" dasturini juda to‘g‘ri tanqid qildi.
Bu tanqid nafaqat "Axborot"ga, balki barcha telekanallarga tegishli. Barcha telekanal dasturlariga ham tegishli. Shuningdek, O‘zbekistondagi barcha ommaviy axborot vositalariga ham tegishli. Rasmiy gazeta va jurnallarimiz ham prezident tanqidlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari shart. Otni qamchilash davri keldi.
Agar otni qamchilamasalar, bu qamchi o‘zlarini boshiga albatta, tushadi.