Ishtixonda suv inshooti quriladi

© Sputnik / Konstantin Chalabov / Mediabankka o‘tishSuv to‘ldirayotgan erkak
Suv to‘ldirayotgan erkak - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ishtixonning tuman markazidan 40 kilometr olisdagi Qayirma mahallasida investitsiya dasturiga asosan o‘tgan yili 200 million so‘mlik mablag‘ evaziga suv inshooti qurildi

TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Bu qishloq ahli uchun oddiy voqea emas. Gap shundaki, Oblonobod kabi qir-adirlar oralig‘ida joylashgan aholi maskanlarida har bir xonadon ichimlik suviga ega bo‘lish uchun kamida besh million so‘m mablag‘ sarflab, chuqurligi 45 metrlik quduq qazdirishi kerak, deb yozadi "Zarafshon" muxbiri Anvar Mustafoqulov.

Agar xonadon egasining omadi chopsagina, ana shuncha chuqurlikdan birinchi suv qatlamiga duch kelinadi. Afsucki, hech qanday gidrogeologik xulosalarsiz boshlangan bu ish ba’zan muvaffaqiyatsiz tugaydi.

Kran - Sputnik O‘zbekiston
Mo‘ynoqda shu yil yozigacha suv o‘tkazgich qurib bitkaziladi
Aytish lozimki, mazkur suv inshooti tumandagi ana shunday inshootlarning qirq uchinchisi bo‘lib, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Undagi maxsus ultrabinafsha nurli uskunalar avtomatik tarzda suvni bakteriyalardan tozalab turadi. Bu esa suvni zararsizlantirishning salomatlik uchun eng xavfsiz usuli. Shunday qilib, Ishtixon tumani viloyat va respublikadagi kamdan-kam tumanlar qatorida suvni xlorli tozalash usulidan butunlay voz kechgan. Boshqacha aytganda, qishloq ahli qulay va xavfsiz ichimlik suviga ega bo‘ldi.

– Qishlog‘imizga suv inshooti qurilmasidan bir necha yil oldin o‘zimiz besh million so‘m pul sarflab, hovlimizdan quduq qazdirgan edik, – deydi oblonobodlik Sodir Ko‘bayev. – Ming afsucki, yilning eng issiq davrida suv sathi pasayadimi, xullas, qudug‘imizdan suv chiqmay qoladi. Bundan tashqari, quduqdan suv olish uchun albatta motor va nasos kerak. Ular esa elektr energiyasi bo‘lmagan vaqtda ishlamaydi. Biz uchun o‘rnatib berilgan suv inshooti juda katta qulaylik keltirdi. Hozir xuddi har bir xonadonga suv tarmog‘i tortilgan. Mabodo elektr energiyasida uzilish bo‘lsa ham inshootdagi 25 tonnalik suv zaxirasi yana elektr toki kelguniga qadar yetib turadi.

Tumanda ichimlik suvi muammo bo‘lib turgan qishloqlar ham bor. Qo‘rli qishloq fuqarolar yig‘inidagi Kulchara-qirg‘ovul va To‘la qishloqlarida bo‘lganimizda xuddi shunday holatga guvoh bo‘ldik.

Daryo - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Qozog‘iston suv masalasini muhokama qildi
"Ichimlik suvini qo‘shni qishloqlardan mashina va ot-aravada tashib kelamiz, – deydi To‘la qishlog‘ida yashovchi Norboy Ibragimov. – Bir necha yildan buyon suv inshooti qurilishini so‘rab tuman, viloyat, respublika idoralariga murojaat qilamiz. 2014-yildayoq murojaatimizga ijobiy javob olgan edik. Ammo inshoot qurilishini hali-hamon kutapmiz. Qishloqda yomg‘ir, qor suvini to‘plab, ichimlik suvi o‘rnida ishlatayotganlar ham bor".

Kulchara-qirg‘ovul qishlog‘ida ham ahvol shunday bo‘lib, 40 metr chuqurlikdan quduq qazganlar ham elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar tufayli ichimlik suvi chiqarishga qiynalmoqda. Joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasidan bir guruh deputatlar tumanga tashrif buyurganda "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon filiali rahbariga deputatlik so‘rovi yuborilgan. Ushbu so‘rovlarda Zarband, Qo‘rli, Haqiqat, Mirishkor kabi qishloq fuqarolar yig‘inlaridagi aholi punktlarida ichimlik suvi muammosi tilga olingan.

Haqiqatan ham bugungi kunda birgina Zarband qishloq fuqarolar yig‘inidagi 25 ta qishloqda 21 ming nafardan ziyod aholi bo‘lib, faqat to‘qqiz qishloqda suv inshootlari mavjud. Qolgan aholi esa quduq suvidan iste’mol qilmoqda. Ayrim qishloqlarda aholi ariq suvini tindirib, iste’mol uchun ishlatmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari ichimlik suvini tashishga moslangan maxsus texnika xarid qildi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston suv tashish uchun Xitoydan maxsus texnika sotib oldi
"Aholining ehtiyoji va murojaatlari asosida har yili manzilli dasturga ichimlik suv inshootlari qurish bo‘yicha takliflar kiritamiz, – deydi viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon tuman filiali rahbari Rahmatilla Shukurullayev. – Xususan, 2016-yilda beshta taklifimiz inobatga olinib, Qo‘rli qishloq fuqarolar yig‘inidagi Qayirma, Barlos hamda Zarband qishloq fuqarolar yig‘inidagi Bo‘ston, Oqtosh, Jonrohat qishloqlarida ichimlik suvi ishootlari foydalanishga topshirilib, bugungi kunda to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq bir yo‘la barcha qishloqqa suv inshooti qurishning imkoni bo‘lmagani bois hali ko‘plab qishloqlar aholisi suv inshooti qurilishini kutib qolmoqda".

Afsuski, 2017-yil uchun berilgan takliflarimiz asosida qurilishi kutilayotgan suv inshootlari amalga oshmaydigan bo‘ldi. Misol uchun, Qo‘rli qishloq fuqarolar yig‘inida ikkita, Zarband qishloq fuqarolar yig‘ini hududida bitta suv inshooti qurilishi manzilli dasturga kiritilgan. Uning qurilishi bo‘yicha tender e’lon qilindi, loyiha-smeta hujjatlari ham tayyorlandi. Ammo tenderga ikki kun qolganida viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan loyiha bekor qilingani haqida xabar keldi. Bu haqda barcha tegishli tashkilotlarga, xususan, tumanimizga kelib, ichimlik suv bo‘yicha aholidan ko‘plab shikoyatlar qabul qilib olgan Qonunchilik palatasi deputatlariga ham murojaat qildik. Hozircha biror yangilik bo‘lgani yo‘q.

Ostovi korabley na meste visushennogo Aralskogo morya. - Sputnik O‘zbekiston
Orolbo‘yi xalqaro miqyosdagi turizm maskaniga aylanadi
Haqiqatan ham, biz bilan suhbatda ichimlik suvi muammosidan shikoyat qilgan Qo‘rli qishloq fuqarolar yig‘inidagi qishloqlarda aslida joriy yil boshidan suv inshooti qurilishi boshlanishi lozim edi. Ammo biz qurilish ishlariga guvoh bo‘lmadik.
Tuman markazida bo‘lganimizda ichimlik suvi bilan bog‘liq yana bir muammoga duch keldikki, nafaqat tuman yoki viloyat, balki respublikaning ko‘plab hududlarida ana shu muammo aholi salomatligiga xavf solishi mumkin.

"Uch oydan beri mahallamiz ichimlik suvi tarmog‘idan uzilgani uchun bir oyog‘im tuman "Suvoqova" korxonasida, – deydi tuman markazida yashovchi fuqaro Qahramon Namozov. – Hududimiz ikki daryo oralig‘ida, Miyonqol yer osti dengizining shundoqqina ustida joylashgani sababli yer osti suvi juda yaqin. Shu bois barcha osongina tarzda qo‘lbola bosma kranlardan foydalanmoqda. Markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘ining uzib tashlangani kishilarni tashvishga solgani yo‘q. Go‘yoki bitta pulli xizmat kamdek. Ammo bor-yo‘g‘i yetti-sakkiz metr chuqurlikdan olinayotgan bu suv iste’mol uchun xavfsiz hisoblanmaydi".

Ushbu holat bo‘yicha "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon tuman filiali rahbari R.Shukrullayevning ma’lum qilishicha, tuman markazidagi bir qator mahallalarda bugungi kunda markazlashgan ichimlik suvini to‘xtatishga to‘g‘ri kelmoqda. Sababi, o‘ttiz yil oldin qurilgan suv tarmoqlari eskirib ketgan bo‘lib, quvurlar yorig‘idan katta miqdordagi suv oqib ketmoqda. Xususan, tuman markazidagi Fafur Fulom mahallasi hududidagi magistral suv tarmog‘i 1968-yilda qurilgan.

Suv inshooti - Sputnik O‘zbekiston
Qashqadaryo qishloq xo‘jaligining "yuragi"ni tiklashga 130 mln dollar sarflanadi
Butunlay yaroqsiz holatga kelib qolgan ushbu quvurlardan chiqayotgan suv ko‘cha va aholi xonadonlariga ziyon yetkazmoqda. Bundan ham yomoni, ana shu yoriqlardan ko‘chalarga (aksariyat suv tarmoqlari yo‘llar ostidan o‘tgan) oqib chiqqan suv elektr toki o‘chishi bilan bosim yo‘qolib, quvurlarga qaytadi. Bu esa iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan suvning yana aholi xonadonlariga yetib borishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, 7,5 kilometr uzunlikdagi tarmoq butunlay yaroqsiz holatga kelib qolgan bo‘lib, ana shu hududda suv tarmoqlari yangilangandan keyingina aholiga ichimlik suvi yetkazish mumkin.

Xullas, Ishtixonda ichimlik suvi bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Asosiysi, bu muammolar tegishli tashkilotlarning e’tiborida. Demak, ularning bartaraf etilishidan umid qilsak bo‘ladi. Shuni ham aytish kerakki, ichimlik suvi muammosi mavjud hududlarda 2017-2021 yillarda suv inshootlarini qurish, tarmoqlarni yangilash ko‘zda tutilgan.

Yangiliklar lentasi
0