TOShKENT, 24 fev — Sputnik. "Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash — III faza" loyihasini bajarish natijasida 402 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi, deb yozadi uz24.uz. Nasos stansiyalarida har yili 106,55 million kVt soat elektr energiya tejalib, qishloq xo‘jaligida daromadlar oshishiga, pirovardida hududni yanada taraqqiy ettirishga erishiladi.
Bugun Qashqadaryoda tashrif bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyevga ushbu loyiha tanishtirildi.
Xabarda aytilishicha, loyiha Qarshi nasos stansiyalar kaskadining 1-6-nasos stansiyalarining 9 nasos agregatini yangilash, 850 metr quvurlarni yangilash, suv keltiruvchi kanalni loyqadan samarali tozalash ishlarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun jami 128,934 million dollar mablag‘ sarflanadi.
Shuningdek, NS-1 va NS-2 oralig‘idagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirg‘oq dambasini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev bu Qashqadaryo qishloq xo‘jaligining yuragi ekanini, uni tezroq va sifatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.