29 oktabr kuni Tojikiston Vaxsh darosi o‘zanini to‘sib, Rog‘un GESi qurilishini boshlab yubordi. Bu harakat Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi iliqlashgan munosabatlarga putur yetkazishi mumkinligi ehtimoliga qaramasdan Tojikiston hukumati ushbu voqeaga xalqaro jamoatchilik e’tiborini qaratish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildi.
2008-yildan boshlab Tojikiston chetdan sarmoyador topa olmagani sababli obyektni o‘z kuchi bilan qayta tiklashga kirishdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston tomonidan qattiq tanqid qilinishiga qaramasdan, Dushanbe rasmiylari Rog‘un GESI mamlakatga elektr energiyasi tanqisligini yengib o‘tish imkonini berishi haqida bong urib keldi.
Aytish joizki, O‘zbekiston transchegaraviy darolarning yuqori oqimida yirik gidroenergetika inshootlari qurilishiga keskin qarshi chiqdi va Tojikiston bilan o‘zaro savdo hamda tranzit aloqalarga qator qat’iy cheklovlar qo‘ydi.
Vaxsh darosi o‘zanining yangitdan to‘silishi o‘z-o‘zidan, kutilmaganda ro‘y bermadi, albatta. Tegishli rejalar Tojikiston respublikasi hukumati tomonidan oldindan e’lon qilingan bo‘lib, inshootni qurish uchun tayyorgarlik ishlari esa so‘nggi bir necha yil davomida olib borilayotgan edi.
Shu bilan birga, joriy yilning sentabr oyida O‘zbekiston prezidentining hayotdan ko‘z yumishi bilan muayan fitna yuzaga keldi: rasmiy Dushanbening O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev mahkamasi vakillari bilan keyingi aloqalari qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot izchil normallashishiga ma’lum bir umid bergan edi.
Ammo unisi ham, bunisi ham bo‘lmadi. Vaxsh darosi o‘zanining to‘silishi, rejalashtirilganidek, oktabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tibgina qolmay, balki Tojikistonda asosiy davlat tadbiri sifatida amalga oshirildi.
29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat rahbari Emomali Rahmon shaxsan ishtirok etdi. Unga hukumat vakillari, mamlakat parlamenti deputatlari, Tojikistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, ziyolilar va ko‘psonli yoshlar guruhlari hamrohlik qildilar.
Tadbir Tojikiston respublikasi ommaviy axborot vositalari yordamida translyatsiya qilindi. Qurilish maydonchasiga Tojikiston milliy bayrog‘i rangida bezak berildi. Marosimda ishtirok etganlarning barchasi Tojikiston hukumati Rog‘unga shunchaki strategik xo‘jalik obyekti emas, balki o‘ziga xos milliy g‘oya, zamonaviy Tojikiston tarixi sahifalaridagi eng yorqin voqea sifatida qarayotgani haqida gapirdilar.
Aytgancha, marosim kuzatuvchilari xotirasida muhrlanib qolgan yana bir holat haqida ham eslab o‘tish joiz: Tojikiston rahbari matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, "Millat yetakchisi Emomali Rahmon shaxsan buldozer ruli qarshisiga o‘tirgan va ertalab 10.00dan 11.30ga qadar, ya’ni bir yarim soat davomida Vaxsh darosi o‘zaniga tosh to‘kkan".
Psixologik nuqtayi-nazardan olib qaralganda, "buldozer voqeasi" Emomali Rahmon Rog‘un GESi qurilishi boshlanishiga nafaqat davlat ahamiyatiga molik, balki, shaxsiy masala sifatida ham qarayotganidan dalolat bergay.
Agar shu rost bo‘lsa — Rog‘un Tojikistonda milliy g‘oya darajasiga tenglashtirilgan, va hatto, davlat rahbarining shaxsiy ishi maqomini olgan ekan, demak, mamlakatning amaldagi rahbari bu g‘oyadan yaqin kelajakda voz kechishidan umid qilmasa ham bo‘ladi.
O‘zbekistonda OAVlarning uzoq yillik sa’yi-harakatlari tufayli, jamoatchilik ongiga — "Rog‘un GESi — milliy xavfsizlikka tahdid" ekani haqidagi fikrlar singdirilgan. Tez orada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylovlar oldidan ushbu holatni e’tibordan chetda qoldirish esa — O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchisining uzoqni ko‘ra bilmasligi sifatida baholanishi mumkin.
Demakki, Rog‘unda bo‘lib o‘tayotgan so‘nggi hodisalarga nisbatan rasmiy Toshkent tomonidan negativ munosabatni kutish, o‘rinli bo‘ladi.
Deylik, bu e’tirozlar TIV notalari, Dushanbe nomiga qaratilgan keskin ommaviy bayonotlar, shuningdek, ishchi guruhlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar(1992 yildan buyon to‘xtatilgan aviaparvozlarning qayta tiklanishi hamda Tojikistonning ayrim toifadagi fuqarolari uchun O‘zbekiston tomonidan viza tartibining yumshatilishi)ning "muzlatilishi" shaklida "ko‘rinish" berishi mumkin edi.
Eslab o‘tamiz, joriy yilning 19-iyul kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, jumladan, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda nomiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev nomidan rasmiy maktub yo‘llangan. Maktubda Mirziyoyev Rog‘un GESi borasida O‘zbekiston pozitsiyasini yana bir bor eslatib o‘tgan edi.
Nega shu kechayu-kunduzda bunday norozilik bildirilmayapti? Yoinki, hech bo‘lmasa, bu haqda ommaga ma’lum qilinmayapti?
Bu borada bir nechta taxminlarni aytib o‘tish mumkin. Birinchidan — Toshkent pauza olib, Tojikiston bilan munosabatlarni qayta baholamoqda. Yangi strategiya yaratilishi jarayonida esa o‘zbek rasmiylari qo‘shni mamlakatda bo‘layotgan voqeaga nisbatan keskin baho berishdan o‘zini tiymoqda. Ehtimol, o‘sha yangi strategiya dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng hayotga tatbiq etilar.
Ikkinchi taxmin shuki, o‘zbek tomon Rog‘un GEsi qurilishi bitkazilishiga ko‘zi yetmagani uchun ham o‘zini bosiq tutayotgan bo‘lishi mumkin.
Rasmiy Toshkent bunday qimmat va texnik jihatdan o‘ta murakkab bo‘lgan obyektni qurish uchun Tojikiston imkoniyatiga shubha bilan qarayotgani boisi — loyihaga chet ellik sarmoyadorlar va mutaxassislar jalb etilmaganidadir, ehtimol.