TOShKENT, 2 noya — Sputnik, Anton Kurilkin. Tojikistonda Vaxsh darosi suvini burish uchun to‘g‘on qurishga kirishildi. Respublika prezidenti Emomali Rahmon bir yarim soat davomida shaxsan o‘zi buldozerga o‘tirib daroni to‘sish ishlarida qatnashdi.
Dushanbening fikriga ko‘ra mamlakatning elektr muammosini hal qilishga imkon beradigan Rog‘un GESining qurilishi boshlangani sababli daryo suvini burishga to‘g‘ri keldi.
Lekin Rog‘un GESining qurilishi gidrolog mutaxassislar va seysmologlarda xavotirlari va O‘zbekistonning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Sputnik O‘zbekiston ushbu muammoni batafsil o‘rganishga qaror qildi.
Rog‘un tarixi
Rog‘un GESi qurilishi loyihasi o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida ishlab chiqilgan. 1976-yilda stansiya qurilishi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan va 1993-yilga kelib 40 metrli to‘g‘on o‘rnatilgan va mashina hamda transformator zallaridagi asosiy ishlar yakunlangan.
SSSR parchalanganidan keyin obyektdagi ishlar to‘xtab qoldi va mustaqillikka erishgan Tojikiston hukumati qurilishni yakuniga yetkazish uchun investor va pudratchilar izlashni boshladi. Vaziyatni 1993-yil 8-maydagi toshqin murakkablashtirdi – suv to‘g‘onning bir qismini buzib yubordi va stansiyaning texnik inshootlari suv ostida qoldi.
2004-2007 yillarda Rossiyaning “Rusal” kompaniyasi GESda faoliyat olib bordi. Rossiyalik injenerlar qator tadqiqot ishlarini olib bordilar va GESni qisman tikladilar. Biroq 2007-yilda shartnoma bekor qilindi.
Shundan so‘ng Tojikiston Jahon bankini Rog‘un qurilishini moliyalashtirishga taklif etdi. Bank faqat har tomonlama ekspertizadan keyin mablag‘ ajratishga rozi bo‘ldi.
Mutaxassislar va Amudaryo havzasidagi mamlakatlar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng Jahon banki original loyihaga o‘zgartirish kiritilganidan keyin GES qurilishiga kirishish mumkinligini bildirdi.
"Inshootning xavfsizligi asosiy omil hisoblanadi, chunki Vaxsh darosidagi har qanday yirik to‘g‘onning ishdan chiqishi Tojikiston uchun ham, quyida joylashgan davlatlar uchun ham halokatli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin", — deyiladi Jahon banki hisobotida.
Xavfli loyiha
Stansiya va mintaqa uchun jiddiy tahdid bu seysmik faollikdir: mintaqada Rixter ko‘rsatkichi bo‘yicha 6-7 balli zilzilalar sodir bo‘lgan (eng yuqori ball — 9). O‘zbekiston hukumati kuchli zilzila sababli to‘g‘onga zarar yetishi yoki buzilib ketishi oqibatida ulkan miqdordagi suv toshqini paydo bo‘lishi haqida ko‘p bor tashvish bildirgan. Olimlar ham siyosatchilarning fikriga qo‘shilishadi.
Negev (Isroil)dagi Ben-Gurion nomli universitet qoshidagi "Janub olimlari" assotsiatsiyasining davra stoli ishtirokchilari mintaqada mazkur GES qurilishi borasida o‘z xavotirlarini bildirishdi.
"Dunyodagi eng baland to‘g‘on ulkan tuz qatlami ustida joylashgan yuqori seysmik faollikka ega tektonik bo‘lak ustiga qurilmoqda. Bu borada o‘tgan asrning 60-yillaridagi injenerlik qarorlari va standartlariga asoslangan loyiha adolatli savol va xolisona xavotirlarni uyg‘otadi", — dedi "Janub olimlari" assotsiatsiyasining ilmiy xodimi Aleksandr Kraves.
Lekin hatto stansiya zilzilaga dosh bergan taqdirda ham baribir qurilish davomida tabiatga ulkan zarar yetadi. EcoStandard groupning ekologik loyihalash va konsalting departamentining loyihalar bo‘yicha yetakchi menejeri Yekaterina Sheshlyannikovaning Sputnik O‘zbekistonga aytishicha, bunday inshootlar qurilishi tuproqqa ortiqcha bosim yuklaydi va daroning gidrobotanik sharoitini yomonlashtiradi.
"To‘g‘on ko‘tarilishi sohilbo‘yi hududlarining suv ostida qolishi, atrofning botqoqlashishi, obyekt atrofidagi vodiyning hayvonot va o‘simlik olami o‘zgarishiga olib keladi", — dedi ekspert.
Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, suvning sifati ham yomonlashadi.
"Suv tubidagi cho‘kindilarning yuqori sur’atda ko‘chishi suv sifatining yomonlashishi, suv tubining ifloslanishi, grunt suvlari darajasining o‘zgarishi va keyinchalik butun hududga ta’sir qiluvchi oqim bo‘ylab yerning yemirilishiga olib keladi", — dedi ekspert.
Geosiyosiy jihat
Jahon banki ekspertlarining xulosalariga ko‘ra, GES qurilishi Vaxsh darosi quyisidagi davlatlar – O‘zbekiston va Qirg‘izistonga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Stansiya suv ombori to‘ldirilguniga qadar (eng tez fursatda bu muddat 16-yil deb hisoblanmoqda) suv oqimi sezilarli ravishda kamayadi va bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, RFA iqtisodiyot institutining sovetlardan keyingi tadqiqotlar markazining sovetlardan keyingi mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti bo‘limi rahbari Yelena Kuzminaning aytishicha, Rog‘un GESining qurilishi – ancha ilgarigi loyiha bo‘lib, u Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi muvozanatga qandaydir darajada putur yetkazadi.
"O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Mirziyoyev Tojikiston bilan munosabatlarni yaxshilashga urindi. Xususan, Rog‘un GESi qurilishining barcha ijobiy va salbiy tomonlari haqida gaplashishga ham uringan, ehtimol. Aftidan, kelisha olishmadi. Bunday masalalar xalqaro darajada muhokama qilinishi lozim", — dedi Kuzmina.
Buning ustiga, Dushanbe GES qurilishi uchun yetarlicha mablag‘ga ega emas, dedi ekspert. Ehtimol bu shunchaki siyosiy ishora bo‘lishi mumkin.
"Bunday yirik miqyosdagi GESni barpo etish uchun butun boshli qurilishga yetadigan pul bo‘lishi darkor, faqatgina dastlabki qurilish boshlash uchun emas. To‘g‘ri, investitsiyalar bor, lekin bu mablag‘ yetmaydi.
Balki bu siyosiy o‘yindir. Hozircha bu siyosiy yoki iqtisodiy deklaratsiyadek tuyulmoqda", — dedi ekspert.
Shu paytga qadar GES qurilishi bo‘yicha Tojikistonning harakatlarini izohlab kelgan O‘zbekiston tomonidan qurilish ishlari boshlangani bo‘yicha hozircha hech qanday bayonot berilmadi.
Tashqi ishlar vazirligi bu borada hech qanday izoh berilmasligini bildirdi.
O‘z navbatida Tojikiston rahbariyati GES qurilishi nafaqat mamlakat uchun, balki mintaqa uchun ham strategik ahamiyatga ega ekanligini muntazam ta’kidlamoqda.
"Rog‘un GESi mintaqada gidroenergetik masalalarni hal qilishda muhim rolni ӯynashi mumkin.
Mazkur inshoot oqim pastki qismida joylashgan mamlakatlarga foydalaniladigan yerlar sug‘orilishi va yangi yerlarni ӯzlashtirishni ta’minlashga imkoniyat yaratadi.
Eslatib ӯtish joizki, aynan yangi kichik va yirik gidroelektrostansiyalar qurilishi elektroenergiya taqchilligi muammosini bartaraf etibgina qolmasdan, balki mintaqaning oqim pastki qismida joylashgan barcha mamlakatlarini qurg‘oqchilik yillarida suv bilan ham ta’minlaydi", — deyiladi Tojikiston prezidentining matbuot xizmati tomonidan.
Emomali Rahmon Tojikiston qo‘shni mamlakatlar bilan har tomonlama, jumladan ushbu masala bo‘yicha ham hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.
Biroq O‘zbekiston uchun muammo shundaki, GES qurilishi mamlakat qishloq xo‘jaligiga anchagina sezilarli zarar yetkazadi. AQShlik tadqiqotchilar guruhi 2012-yildayoq Rog‘un GESi qurilishining xavfli tomonlariga oid tadqiqotini chop etgan. “Yevrosiyo geografiyasi va iqtisodiyoti” jurnalida Shohrux-Mirzo, Tomas DeSatter va Jey Leych muallifligida chop etilgan maqolada Rog‘un qurilishi oqibatida O‘zbekiston ko‘radigan zarar aniq raqamlarda keltirilgan.
Xorazm viloyatidagi qishloq xo‘jalik ekinlari maydoni 17,7%, Qoraqalpog‘istonda 14,6%ga qisqaradi. Oqibatda Qoraqalpog‘iston respublikasida paxta yetishtirish 18%ga qisqarishi mumkin. O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq vaziyat o‘zgaradi. Masalan, Surxondaryo viloyati keladigan suv hajmining o‘zgarishi sababli qishloq xo‘jaligi sohasida yiliga 12 million dollar yo‘qotadi.
Tabiiyki, qishloq xo‘jalik tizimidagi bunday o‘zgarishlar O‘zbekiston iqtisodiyotini zaiflashtiradi va ishsizlikning o‘sishiga olib keladi — qo‘shnisining qurilish qilishi oqibatida paydo bo‘ladigan yangi muammolarni respublika hukumati o‘zi hal qilishiga to‘g‘ri keladi — chunki Tojikiston xudbin loyihasi keltirib chiqaradigan muammolar uchun qo‘shnilariga kompensatsiya to‘lamoqchi emas.
Shu bilan birga O‘zbekiston bunday miqyosdagi qurilishlar hamda mintaqadagi suv resurslarini taqsimlash masalalari ekspertlar ishtirokida va barcha manfaatdor tomonlarning manfaatlari hisobga olingan holda xalqaro miqyosda hal qilinishi lozimligini ko‘p bora ta’kidlagan.