TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. 2016-yil 19-iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev tojikistonlik hamkasbi Kohir Rasulzodaga maktub yo‘llab, Rog‘un GESi borasida O‘zbekiston pozitsiyasini yana bir bor eslatib o‘tdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabari asosida.
"2016-yil 1-iyul sanasida qator xorij davlatlar OAVlarida e’lon qilingan “Rog‘un GESi” OAJ va Italiyaning "Salini Impregilo S.p.A" kompaniyasi o‘rtasida Rog‘un GESi qurilishi borasida tuzilgan doiraviy bitim haqidagi xabarlarga javoban O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri quyidagilarni ma’lum qiladi, — deyiladi xabarda.
E’lon qilingan xabarlarga muvofiq, Tojikiston respublikasi hukumati "Salini Impregilo" kompaniyasi bilan Rog‘un GESi loyihasini hayotga tatbiq etish maqsadida doiraviy bitim tuzgan.
Shu munosabat bilan e’tiboringizni yana bir karra shu narsaga qaratmoqchimiz: Rog‘un GESi qurilishi olib borilayotgan hududda o‘tkazilgan qator tadqiqotlar va birinchi galda Jahon Banki homiyligi ostida o‘tkazilgan xalqaro kengqamrovli ekspertiza Rog‘un GESi qurilishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ulkan xavf tug‘dirishini asoslab bergan. Bu haqda qo‘shni davlatlar rahbarlari hamda ekspertlari bayonotlarida ham aytilgan va Tojikiston hukumati bundan yaxshi xabardor.
"Yana va yana bir marta eslatib o‘tishga majburmiz, bunyod etilayotgan Rog‘un GESi loyihasi 35-yil oldin 70- yillardagi sovet tuzumiga xos gigantomaniya davrida ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi zamonaviy talablar va tajribalar uni tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Balandligi bo‘yicha dunyoda tengi yo‘q hisoblangan 335 metrlik to‘g‘onga ega bu qadar ulkan miqyosli GES majmuasi qurilishi uchun tanlangan maydonning seysmikligi Rixter shkalasi bo‘yicha 9−10 ball bo‘lgan tog‘ hududida ekani jiddiy shubha-gumonlarni keltirib chiqaradi. Obyektning ma’lum qilingan 3,9 mlrd AQSh dollari miqdoridan ancha uzoq bo‘lgan umumiy smeta qiymatida amaliy aniqlik mavjud emas, loyihaviy hujjatlash ishlari to‘liq yakunlanmagan, obro‘li ekspertlar tomonidan bildirilgan jiddiy mulohazalar inobatga olinmagan", — deyiladi hujjatda.
"Tojikiston hukumatining har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham mintaqa uchun ulkan xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan Rog‘un GESi qurilishini davom ettirish uchun qilayotgan urinishlari ehtimoliy xavflar va Tojikiston hukumati tomonidan tashlanayotgan xatarli odimlarning to‘g‘irlab bo‘lmas oqibatlaridan havotirlanmaslikning iloji yo‘q.
Shubhamiz yo‘q-ki, Tojikiston hukumati mamlakatni elektr energiyasi bilan ta’minlashdek mushkul masalani kichik va o‘rtacha GESlar qurish yo‘li bilan ham hal etishi mumkin. Va buning uchun Tojikistonda darolar va suv resurslari soni yetarli.
Tojikistonda bunday istiqbolli dasturlar hayotga tatbiq etilayotganidan ham xabarimiz bor”, — deya qayd etilgan maktubda.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda qurilishi davom etayotgan Rog‘un GESi Markaziy Osiyoda eng yirik inshoot bo‘lib, uning ilk poydevori o‘tgan asrning 80-yillarida qo‘yilgan edi.
Rog‘un GESi 3600 mVt quvvatga ega bo‘lib, inshoot loyihasining umumiy qiymati taxminan 3 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Uning to‘g‘on balandligi esa 335 metr bo‘lib dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi aytilmoqda.