TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Sputnik Tojikiston xabariga ko‘ra, olim Rog‘un GESi qurilishining ashaddiy tanqidchilaridan biri bo‘lib, u bu qurilish O‘zbekiston va Tojikistonga katta talafot yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi.
Professor ushbu muammo bo‘yicha o‘z qarashlarini Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda bayon etadi, deb xabar qiladi nashr.
Eslatib o‘tamiz, 19-iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, jumladan, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda nomiga "Rog‘un GES"i bo‘yicha e’tiroz maktubini yo‘llagan edi.
"Rog‘un GESi qurilishi olib borilayotgan hududda o‘tkazilgan qator tadqiqotlar va birinchi galda Jahon Banki homiyligida o‘tkazilgan xalqaro kengqamrovli ekspertiza Rog‘un GESi qurilishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ulkan xavf tug‘dirishini asoslab bergan. Bu haqda qo‘shni davlatlar rahbarlari hamda ekspertlari bayonotlarida ham aytilgan va Tojikiston hukumati bundan yaxshi xabardor", — deyilgan maktubda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati muntazam ravishda mamlakat Rog‘un GESi qurilishiga qarshiligi va bu loyiha xalqaro xavfsizlik standartlariga mos kelmasligi haqida bong urib keladi.
O‘z navbatida Tojikiston tomon O‘zbekiston xavotirlari asossizligini qayd etib, mazkur gidroinshootni barpo etish rejasidan hech qachon voz kechmasligini takrorlashdan charchamaydi.